Линклар

Qohirada musulmon va nasroniylar yana to‘qnashdi


Misrlik nasroniylar va musulmonlar dinlararo zo'ravonlikni qoralab Qohira ko'chalarida namoyishga chiqdilar.

Misrlik nasroniylar va musulmonlar dinlararo zo'ravonlikni qoralab Qohira ko'chalarida namoyishga chiqdilar.

Misr poytaxtida shanba oqshom sodir bo‘lgan dinlararo zo‘ravonlikda 6 odam qurbon bo‘ldi.

Shanba oqshom sodir bo‘lgan to‘qnashuv haqida shifokorlar va huquq-tartibot idoralari xodimlari ma‘lumot berdi.

Cherkov ruhoniylariga ko‘ra, o‘ldirilganlarning hammasi nasroniy diniga mansub bo‘lgan.

To‘qnashuv bir guruh salafiy musulmon cherkovga bostirib kirib, cherkov jamoasidagi bir ayolni berishni talab qilganidan so‘ng boshlanib ketgani aytilmoqda. Musulmonlar bu ayol islomni qabul qilgan va uni zo‘rlik bilan cherkovda saqlashmoqda, demoqdalar.

Xabarlarga ko‘ra, ikki diniy jamoa vakillari bir-biriga qarata tosh va qo‘lbola portlovchi moslamalarni uloqtirgan. Shuningdek, to‘qnashuv paytida otishma bo‘lgani haqida ham xabarlar bor.

Shaharning shimoliy qismidagi Muqaddas Mino nasroniylar cherkovida sodir bo‘lgan to‘qnashuvdan so‘ng cherkovga o‘t ketgani aytilmoqda.

Olomonni tinchlantirish uchun bronetexnika bilan borgan politsiya yosh oqizuvchi gaz qo‘llagani va havoga bir necha bor o‘q uzgani aytilmoqda.

Reyter agentligi xabariga ko‘ra, musulmonlar cherkovga yopirilib kirgan kezda u yerda 500 ga yaqin nasroniy ibodat marosimini o‘tayotgan edi.

Misrning hozirgi hukumati sobiq prezident Husni Muborak hokimiyatdan ketganidan so‘ng sodir bo‘lgan eng qonli hodisa ortidan qo‘lga olinganlar orasida 190 kishi sudga tortilishini bildirdi.

Misr nasroniylari 80 millionlik mamlakat ahlining 10 foizini tashkil qiladi va Husni Muborakni hokimiyatdan ketkizgan fevral namoyishlaridan so‘ng Misrda ikki diniy jamoa o‘rtasidagi munosabatlarning yanada taranglashgani kuzatilmoqda.
XS
SM
MD
LG