Линклар

Шошилинч хабар
20 апрел 2024, Тошкент вақти: 00:16

Qoraqalpog‘istonda maktab o‘quvchilari paxta o‘tayapti


O'zbekistonlik bolalar paxta dalasida.
O'zbekistonlik bolalar paxta dalasida.
O‘zbekiston huquq himoyachilari alyansi Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilar majburan paxta dalasiga chiqarilganini xabar qildi.

Alyans rahbari Yelena Urlayeva 4 kun davomida Qoraqalpog‘istonning bir necha tumanlarida bo‘lib paxta dalasida yurgan maktab va kollej o‘quvchilari, shuningdek, o‘qituvchilari bilan suhbatlarga asoslanib hozirlagan hisobotini chop etdi.

O‘zbekiston huquq himoyachilari alyansi rahbari Yelena Urlayevaning aytishicha, Qoraqalpog‘iston respublikasining bir necha tumanlarida maktab va kollej o‘quvchilari 10 maydan boshlab majburiy ravishda paxta o‘tog‘iga chiqarilgan.

- Men Xo‘jayli, Nukus tumanlarida o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim shuki, o‘quvchilar ommaviy ravishda paxta o‘tog‘iga olib chiqilgan. Ular ertalab soat 7 dan dalada ishlamoqdalar, deydi Yelena Urlayeva.

Unga ko‘ra, paxta o‘tog‘i ham xuddi paxta yig‘im-terim kampaniyasi kabi keskin o‘tmoqda va o‘toqqa chiqolmaydigan bolalar maktab ma‘muriyatlariga pora berishga majbur bo‘lganiga oid holatlar ham qayd etilgan.

Huquq faoliga ko‘ra, xuddi kuzda bo‘lgani kabi bahorgi dala ishlariga o‘quvchilarni jalb qilish kampaniyasi ustida ham tuman hokimiyatlari turibdi.

- Misol uchun, Xo‘jayli tumanida hokim Valijon Rayimovning buyrug‘ini bajarishayotganini aytishdi. Men hokim bilan uchrashishga urindim. Ammo, u kishi shu kunlarda kuni bilan dalada ekan va ishxonasiga har kuni qariyb tunda qaytar ekan. Shu bois, men u kishi bilan suhbatlasha olmadim, deydi O‘zbekiston huquq himoyachilari alyansi rahbari.

Biz guruh tarqatgan hisobot ortidan Xo‘jayli tumani hokimiyati bilan bog‘landik.

Telefon go‘shagini ko‘targan mutasaddi huquq faoli bergan ma‘lumotlarni to‘liq inkor qildi.

- Bizda maktab bolasi dalaga chiqarilgani yo‘q. Faqatgina ota-onasi fermer bo‘lgan oilalarning bolalari darsdan keyin chiqqan bo‘lsa bordir, ammo unga bizining aloqamiz yo‘q, dedi Xo‘jayli tumani hokimligi rasmiysi.

Xuddi shunday Qoraqalpog‘iston respublikasi Xalq ta‘limi vazirligi mutasaddisi ham maktab va kollej o‘quvchilarining paxta o‘tog‘iga chiqarilgani haqidagi xabarni inkor qildi.

- Men shaxsan o‘zim Chimboy tumanidanman. Dalada maktab bolasi yo‘q. Iltimos, bu xabarni tekshirib oling, deya tavsiya berdi vazirlikning o‘zini tanishtirmagan xodimi.

O‘zbekiston hukumatining eng quyi bo‘g‘inidan yuqori bo‘g‘inlariga qadar amaldorlari paxta dalalarida bolalar mehnatidan majburiy foydalanishga oid xalqaro tashkilotlar va mahalliy huquq faollarining ma‘lumotlari, hisobotlariga javoban deyarli har doim shu vajni qo‘llashi kuzatiladi.

Xususan, O‘zbekiston Inson huquqlari milliy markazi rahbari Akmal Saidov ham BMT Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining O‘zbekistondagi inson huquqlariga oid muhokamalarida agar paxta dalalarida bolalar yurgan bo‘lsa ham, ular ota-onasiga yordam berayotgan fermerlarning bolalari bo‘lishi mumkinligi, fermerlik esa O‘zbekistonda xususiy sektor ekanini aytgan edi.

Shunday bo‘lsa-da, biz qoraqalpog‘istonlik mutasaddilarning tavsiyalariga amal qildik va tilga olingan tumandagi aholi vakillari bilan bog‘landik.

Jumladan, Xo‘jayli va Elikqal‘at tumanidagi ayrim suhbatdoshlarimiz O‘zbekiston huquq himoyachilari alyansi tarqatgan xabarlarni tasdiqladilar.

- Mening o‘g‘lim tuman kolleji uchinchi kursida o‘qiydi va uning kursdoshlari ketgan chopiqqa. Lekin o‘g‘lim sog‘ligi to‘g‘ri kelmagani uchun bormadi. Bordi, gaplashdi, qoldi. Boshqasini surishtirmang endi, boshimiz baloga qolmasin, dedi jumladan, Xo‘jaylida yashaydigan tinglovchilarimizdan biri.

Elikqal‘a tumanidagi maktablardan birida dars bergan o‘qituvchi Azamat aka ham rasmiylarning iddaolarini inkor qilar ekan, shu kunlarda o‘zi ishlagan maktab, u yashayotgan tumanga qo‘shni tumanlardagi maktablarning o‘quvchilari dalada, ayrim kollejlarning o‘quvchilari esa yotoqda ekanini aytdi.

- Kollej, texnikum hammasi ëtoqda.

Ozodlik: Maktabning nechanchi sinfidan chiqishgan?

- Maktab 5-sinfdan yuqori.

Ozodlik: Paxta chopig‘iga chiqa olmaganlardan pora olishayapti, degan gaplar bor 120-150 mingdan, to‘g‘rimi?

- To‘g‘ri, u gap to‘g‘ri. Direktorga berishadi. Direktor olib qoladida.

Ozodlik: Biz hokimiyatga, u ëq-bu ëqqa bog‘landik. “Hech kim chiqaëtgani yo‘q. Faqat fermerlar o‘zining bola-chaqasi, qarindosh-urug‘lari, ishchilarining bolalarini chiqarayapti. Maktabdan hech kim mobilizatsiya qilingani yo‘q”, deyishyapti. Men shuni so‘ramoqchiman: majburiy ravishda o‘quvchilar maktabdan olib chiqilayaptimi ëki ota-onasi o‘zi olib borayaptimi?

- Majburiy ravishda maktabdan paxtaga haydalgan.

Ozodlik: Necha kun bo‘ldi?

- 15 kunday bo‘lib qoldi.

Ozodlik: Nimaga ularni bunaqa majburlab paxtaga olib chiqishdi? Biror narsa bo‘ldimi? Qatqaloq bo‘ldimi, o‘t ko‘payib ketdimi?

- Bizda paxta ekini vaqtida 3-4 kunlab ëmg‘ir ëg‘di. Bir yerlarda paxta ko‘kargan edi, bir yerlarda ko‘karmagan. Qatqaloq kuchli. Hamma yer qatqaloq bo‘lgan.

Ozodlik: Demak Ellikqal‘ada o‘quvchilar paxtaga ketgan?

- Ha, ketgan, deydi Elikqal‘a tumanidagi umumiy o‘rta ta‘lim maktablaridan birida dars bergan o‘qituvchi Azamat aka respublika rahbariyatining o‘quvchilar paxta chopig‘ida ekanini inkor qilib bergan bayonotlariga javoban.
XS
SM
MD
LG