Линклар

Шошилинч хабар
25 апрел 2024, Тошкент вақти: 15:26

Qozog‘iston dashtida sarson bo‘lgan Muhammad


Rossiyaga pul topish ilinjida ketayotgan tojikistonlik Muhammad hujjat tekshiruvchilar injiqligi tufayli to‘rt yil sargandon bo‘ldi.

Vahdat tumanida yashovchi Muhammad pul topish ilinjida 19 yoshida Rossiyaga yo‘l oladi. Biroq Qozog‘istonning O‘tror stansiyasida Dushanbe-Moskva poyezdiga atigi bir necha daqiqa kechikish uning keyingi hayotini ostin-ustin qilib yuboradi.

Yuzlab tengdoshlari qatorida Rossiya safariga chiqqan Muhammadni hujjatlaridagi chalkashlik tufayli qozog‘istonlik chegarachilar poyezddan tushiradi.

“Rossiyani ko‘zlab, yo‘lga chiqib, qozoq dashtiga borib qoldim”

Muammo hal qilinguncha esa poyezd uni kutib turmay, shiddat bilan yo‘lida davom etadi.

- Poyezdning orqasidan yugurdim, baqirdim, qoqilib yiqildim. Lekin unga yeta olmadim. Keyin stansiyada yig‘lib o‘tirgandim, ikki qozoq kelib qozoq tilida nimadir dedi - tushunmadim. Keyin ular rus tilida “ishlashni xoxlaysanmi, oyiga 45-50 ming tenge haq beriladi”, dedi. Bu taklifdan quvonib ketdim va rozi bo‘ldim. So‘ng ular bilan 500 kilometr yo‘l bosib, yarim tunda cho‘lu biyobonga borib qoldim, - deya eslaydi Muhammad.

Tongda chorva mollari ovozidan uyg‘ongan Muhammadga vaqtincha uy yumushlariga yordam berib turish topshiriladi. Ammo no‘malum sabablar bilan xo‘jayin uning pasportini olib qo‘yadi.

Ikki oylik pulsiz xizmatdan so‘ng Muhammadning zimmasiga son-sanoqsiz chorvani boqish yuklatiladi.

- U yerda men bilan birga yana ikki o‘zbekistonlik yigit ham bor edi. Keyinchalik Xorazm va Surxondaryodan bo‘lgan bu yigitlarning ham men kabi tekinga ishlab yurganlarini bildim, - der ekan Muhammad qullik iskanjasiga tushib qolganini o‘shanda anglab yetganini aytadi.

Umrining to‘rt yilini Qozog‘iston cho‘llarida asoratda o‘tkazgan Muhammad bo‘rilar qo‘ylarni g‘ajib ketgani uchun bir necha marta ayovsiz kaltaklanganini aytib, badanida jarohat izlarni ko‘rsatadi.

Muhammadning aytishicha, u o‘zbekistonlik sheriklari bilan xo‘jayinning oilasidan qolgan qoldiq ovqatni yeb kun kechirgan.

- Bizga itiga munosabat qilganchalik munosabat qilmasdi. Tor va qorong‘u bir uyda, xas va tuya po‘stagi ustida uxlardik. O‘zidan qolgan ovqatni berardi. Ba‘zida shu ham yo‘q edi, - deya eslaydi o‘sha qora kunlarni Muhammad.

Qochish

Muhammadni axtaradigan va uni bu azoblardan qutqaradigan hech kim yo‘q edi. Chunki, Muhammadning aytishicha, otasi juda yoshligida ularni tashlab, boshqa ayolga uylanib ketgan. Onasi esa surxondaryolik kishiga turmushga chiqib, o‘z tashvishlari bilan o‘ralashib qolgan.

Nihoyat to‘rt yillik azobdan so‘ng sabr kosasi to‘lgan Muhammad qochish yo‘lini izlashga tushadi. Lekin o‘zbekistonlik sheriklari taqdirga tan berganlarini aytib, uning bu boradagi taklifini qabul qilmaydi.

- Bir kecha xo‘jayin otasining 70 yilligini nishonladi. Mehmonlar ko‘p edi. Ular yarim tungacha bazm qilib, keyin mast holda uxlab qolishdi. Men ikki idishga suv to‘ldirib oldim va u yerdan qochdim. Tunlar biyobonda uxladim. Ko‘proq bo‘rilarga uchrab qolishdan qo‘rqardim. Qayoqqa borishni bilmasdim. Nihoyat, katta ko‘chaga chiqdim va dog‘istonlik bir haydovchini uchratdim. U meni o‘zi bilan olib keta olmasligini aytib, suv va yeguliklar qoldirib ketdi, - deydi 2009 yil noyabridagi voqeani eslar ekan Muhammad.

Kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopadi

Ko‘p mashaqqatlardan keyin O‘tror markaziga yetib olgan Muhammad nihoyat vataniga qaytishiga ishonib quvonadi. Lekin bu quvonch uzoqqa cho‘zilmaydi. Unga qozoq yigitlar hujum qilib, badanining bir necha yeriga pichoq sanchishadi.

- Pichoq bilan tilingan oyoqlarimni shifokorlar narkozsiz tikdi. Keyin militsionerlar kelib, so‘roq qilishdi. O‘n kunlarcha shifoxonada yotdim, keyin javob berishdi. Borar yerim yo‘q edi. Shifoxona hovlisidagi o‘rindiqlarda, archa daraxtlari tagida tunab yurdim. Melisalar: “O‘trorga qaytarib yuboramiz”, dedi. Yig‘lab yolvordim, keyin indashmadi. Hamma mendan qochardi. Chunki soqolim ko‘ksimga tushib, sochim ham ancha o‘sib qolgandi. Lekin bir kun bir ayol kelib, kimligimni, nega bu holda ekanimni so‘rab qoldi. Ko‘rgan-kechirganlarimni aytganimdan keyin u meni uyiga olib bordi. Soch-soqolimni tartibga keltirib, kiyim-kechak berdi. Uning uyida ikki oy qolib ketdim. Ayolning uyini supurdim, hammomiga kafel terdim, - deydi Muhammad.

Nihoyat o‘sha ayol ko‘magida vataniga qaytish nasib qilgan qahramonimiz Muhammad sakkiz oydan buyon Tojikistonda ish topolmay sarson bo‘lib yurganini aytadi.

Chorasizlik

23 yoshli suhbatdoshimiz uy qurish va uylanish uchun kattagina pul kerakligini yaxshi anglaydi. Ammo ko‘p qatori Tojikistonda ishsiz qolayotgan Muhammadning bugun boshida aylanayotgan yagona o‘y yana Rossiyaga ketish ekan.

Shu o‘rinda aytish lozimki, mintaqaning boshqa mamlakatlaridagi singari tojikistonliklar ham qullik va o‘lim bilan yuzma-yuz kelayotganlariga qaramay, qarz olib bo‘lsa ham Rossiyaga ketishga majbur. Chunki mamlakatdagi ishsizlik, ijtimoiy tengsizlik shuni taqozo qiladi.

Iqtidordagi hukumat tojikistonliklarning asosiy daromadi mehnat muhojirligi kelayotganini ochiqcha tan olsa-da, shu kunga qadar mehnat muhojirlari haq-huquqlarini himoya qilish borasida birorta jo‘yali ish qilmagan.
XS
SM
MD
LG