Линклар

Qozog‘iston O‘zbekistonga bergan qochqinlardan biri Sirdaryodan topildi


Qozog‘istondan O‘zbekistonga berib yuborilgan qochqinlarning Olmaotada qolgan oila-a‘zolari esa yosh go‘daklari bilan birga qariyb ikki haftadan buyon bedarak qolmoqda.

Qozog‘istondan O‘zbekistonga berib yuborilgan qochqinlarning Olmaotada qolgan oila-a‘zolari esa yosh go‘daklari bilan birga qariyb ikki haftadan buyon bedarak qolmoqda.

Ekstraditsiya qilingan qochqinlarning yana ayrimlari Toshturma va O‘zbekiston IIV izolyatorlarida qolmoqda.

Qozog‘istondan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan 21 yoshli Fayzullaxon Akbarovning onasi Rahima Akbarovaga 24 iyun kuni Milliy xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boshqarmasidan qo‘ng‘iroq bo‘lgan va o‘g‘lining Guliston shahridagi bo‘limda saqlanayotgani aytilgan.

- Haqiqatan milliy xavfsizlikka chaqirtirishgan ekan. Bordim. Salomov, degan tergovchi chiqdi. “Pasportingizni bering. Xat qilib beraman. Bolangizni ko‘rasiz” dedi. Kiyim-kechak, produktasini berdim. Har kuni ham bordim. Faqat ko‘rishga ruxsat berishmadi hali. Endi umid qilib kutib turibman, nasib qilsa ko‘rishaman deb, - deydi Rahima Akbarova Ozodlik bilan suhbatda.

Bu ayolning so‘zlari mazmunidan o‘g‘lining ishini yuritayotgan tergovchi tergov-surishtiruv ishlari borasida aniq ma‘lumot bermagan.

- Bu haqda hali hech qanaqa ma‘lumot berishgani yo‘q. “Tekshirib ko‘ramiz, surishtiramiz. Tergov qilamiz. Agar tergov jaraënida bolangiz oqlansa, oqlanib chiqib ketadi. Gunohi bo‘lsa, shunga qarab ish tutamiz. Hali hech qanaqa ish bo‘lgani yo‘q. Tergov bo‘lsin keyin ma‘lum bo‘ladi” dedilar.

Ozodlik: Advokat ëlladinglarmi?

- Men “Advokat ëllaymi?” deb so‘rasam, “Advokat davlat tomonidan beriladi. Siz xarajatga ham tushmang. O‘g‘lingiz ham advokatga hojat yo‘q, kerak emas deyapti. Balki hojati ham yo‘qdir”, deb qo‘ydilar. Bilmadim endi, - deydi Rahima Akbarov.

Uning 21 yoshli o‘g‘li Fayzullaxon Akbarov shu yil 9 iyun kuni Olmaotadagi hibsxonadan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan 29 qochqinning biridir.

O‘zbekiston Ekspert ishchi guruhi tarqatgan xabarga ko‘ra, qolgan 28 qochqin ham turli joylarda hibsda saqlanmoqda va ularning birortasiga yaqinlari bilan ko‘rishish uchun ruxsat berilmagan.

- Ulardan ayrimlari Toshturmaning birinchi tergov izolyatorida deb ham aytilayapti. Bundan tashqari, Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining izolyatorlari ham aytilayapti. Qochqinlarning yana ba‘zilari esa Toshkent viloyati Ichki ishlar viloyat boshqarmasidagi kameralarda saqlanaëtgani aytilayapti. Biz bu haqda tegishli tashkilotlarga rasmiy so‘rovnomalar kiritganmiz, ammo hali javob bo‘lgani yo‘q, - deydi guruh rahbari Suhrob Ismoilov.

Shu kunga qadar Qozog‘istondan O‘zbekistonga berib yuborilgan 29 qochqinning to‘liq ro‘yxati ham noma‘lumligicha qolmoqda.

Ularning himoyasi bilan shug‘ullangan qozog‘istonlik huquq himoyachisi Denis Jivaga bu qochqinlar Olmaotadagi hibsxonada qolgan vaqtidayoq ulardan faqat 25 nafarining ismi-familiyasi aniqlangani, qolgan to‘rt nafari esa noma‘lum ekanini aytgan edi.

Denis Jivaga 29 qochqindan o‘z tashkilotiga ma‘lum bo‘lgan 25 nafarining ism-familiyasini keltirgan edi: Abror Qosimov, Tursunboy Sulaymonov, Muhitdin G‘ulomov, Fayzullaxon Akbarov, Suhrob Bozorov, Toirjon Abdusamatov, Shuhrat Botirov, Dilbek Karimov, Oybek Qo‘ldoshev, Shuhrat Xolboyev, Alisher Hoshimov, Ma‘ruf Yo‘ldoshev, Saidakbar Jalolxonov, Ahmad Boltayev, Ulug‘bek Ostonov, Qobiljon Qurbonov, Oybek Po‘latov, O‘ktam Rahmatov, Isobek Pardayev, Sirojiddin Tolipov.

Hozirga qadar bu qochqinlardan faqat 4 nafarining yaqini O‘zbekistondagi inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlarga murojaat qilgani haqida ma‘lumotlar bor.

Fayzullaxon Akbarov, 33 yoshli Suhrob Bozorov, 45 yoshli Qobil Qurbonov, 35 yoshli Tursunboy Sulaymonovning yaqinlariga qochqin mahbuslarning qayerda saqlanayotgani ma‘lum qilingan. Qolganlari taqdiri esa hanuzga qadar Ozodlikka noma‘lum qolmoqda.

Ularning murojaatini qabul qilib olgan O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov Qozog‘istondan O‘zbekistonga berib yuborilgan 29 qochqinga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, ammo bu ishlar O‘zbekiston Jinoyat kodeksining qaysi moddalariga muvofiq olib borilayotgani hanuz noma‘lum qolayotganini aytadi.

- Lekin ular 155, 159, 244 va hokazo moddalar bilan qidiruvga topshirilgan edi,- deydi Sur‘at Ikromov.

2009 yilda shu moddalarda ko‘zda tutilgan ayblovlar bilan gumon qilinib qo‘lga olingan, ammo 3 kunlik so‘roqdan so‘ng qo‘yib yuborilgan, oradan biroz o‘tib O‘zbekiston so‘rovi bilan yana Qozog‘istonda qo‘lga olingan Fayzullaxon Akbarovning onasi Rahima Akbarova esa keyingi bir necha kun ichida tergovchi bilan qilgan suhbatlaridan kelib chiqib, o‘g‘lining ozod qilinishiga qattiq umid bog‘lamoqda.

- “Hech bo‘lmasa oynaning orqasidan bo‘lsa ham ko‘ray” desam, “Sabr qilib turing opajon. Sabr qilib turing. Hammasi yaxshi bo‘ladi” dedilar. Katta umid qilib turibmiz. Bolam ësh go‘dak. Biror narsaga aralashgan joyi yo‘q. Biror gunoh ish qilmagan. O‘zbekiston 27 milliondan ortiq aholisi bor katta davlat. Hech qachon gunohsiz odamni gunohli, deb ayblab tashlamasa kerak, - deydi Rahima Akbarova.
XS
SM
MD
LG