Линклар

Qozog‘istonda kim milliarder bo‘la oladi?


Nazarboyevning ikkinchi kuyovi Timur Kulibayev mamlakatdagi butun yonilg‘i sektorini o‘z nazoratiga olgan.

Nazarboyevning ikkinchi kuyovi Timur Kulibayev mamlakatdagi butun yonilg‘i sektorini o‘z nazoratiga olgan.

Ikkinchi kuyov - Timur Kulibayevning Londondagi "qozoq malikasi" Goga Ashkenazi bilan aloqalari Qozog‘istonda kimning qanday boyishini ko‘rsatuvchi yana bir dalil bo‘ldi.

Qozog‘iston janubidagi chekka Taraz shaharchasida irrigator oilasida tug‘ilgan kenja qiz Gavhar Berkaliyeva bugun Goga Ashkenazi nomi bilan Britaniyadagi zodagonlar tabaqasining kunda-shundasiga aylangan.

31 yashar Goga Oksford univyersiteti bitiruvchisi¸ Londonning eng hashamatli Holland Park mahallasidagi hashamatli villa sohibasi¸ bir necha mamlakatdagi ulkan biznes tizimlarining egasi hisoblanadi; Hollivud yulduzlaridan tortib Britaniya qirollik oilasi vakillari bilan yaqindan bordi-keldi qiladi.

Oddiy qozoq qizining ertaklardagi kabi to‘satdan malikaga aylanganiyu¸ uning qozoq milliarderi sifatida ulkan moliyaviy oldi-berdilarga egalik qilayotgani yaqin-yaqingacha qozoq jamoatchiligidan ko‘ra ko‘proq G‘arb sariq matbuotini qiziqtirayotgan edi.

Ammo Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev 71 yoshga kirganini bayram qilgan 6 iyul kuni uning muxoliflariga qarashli K+telekanali ham Nazarboyevga o‘ziga xos tuhfa hozirladi hamda "Malika va qashshoq" deb nomlangan hujjatli filmni namoyish qildi.

Filmda Qozog‘iston davlat matbuotida senzura qilinadigan nom¸ aniqrog‘i shaxs - Goga Ashkenazining qanday qilib Qozog‘istondagi yonilg‘i¸ transport¸ oltin va uran konlari bo‘yicha yirik magnatga aylangani siri fosh etildi.

Hujjatli filmda aytilishicha¸ Goga Ashkenazi prezident Nazarboyevning qudratli kuyovi¸ Forbs jurnali bo‘yicha Qozog‘iston milliarderlaridan biri sanalmish Timur Kulibayevning rasmiy nikohdan tashqaridagi xotini va Kulibayev kenja o‘g‘lining onasi hamdir.

Yaqinda Rossiyaning NTV telekanaliga intervyu bergan Goga Ashkenazining o‘zi rossiyalik muxbir bilan suhbatda uzoq yillar Timur Kulibayevning o‘ynashi bo‘lib kelgani va Kulibayevning 2007 yilda tug‘ilgan kenja o‘g‘li Adamning otasi ekanini ochiq tan oldi.

Britaniya nashrlarining yozishicha¸ amerikalik mehmonxonalar tarmog‘i egasi Stefan Ashkenaziga turmushga chiqqan Gavhar Berkaliyeva Goga Ashkenaziga aylangan va uning amerikali boyvachcha bilan qurgan oilasi Timur Kulibayev bilan intim aloqalar bois buzilib ketgan.

Qozog‘istonda prezidentning qudratli kuyovi va uning birinchi vorisi sifatida ko‘riladigan Timur Kulibayev davlat nazoratidagi axborot vositalari orqali o‘zini Dinara Nazarboyevaning sevimli eri va uch farzandning mehribon otasi sifatida taqdim etib kelmoqda.

K+telekanali namoyish etgan hujjatli filmdan xabar topgan qozog‘istonliklarni¸ mustaqil tahlilchilarga ko‘ra¸ Timur Kulibayevning ishqiy sarguzashtlaridan ko‘ra¸ uning o‘ynashining kimning puli hisobiga Londondagi milliarderlar ro‘yxatiga qo‘shilgani junbushga solmoqda.

Zotan¸ Kulibayev o‘g‘lining onasi Goga Ashkenazi Qozog‘iston neft va gaz sohasidagi xususiy MunaiGaz Engineering Group asoschisi va boshqaruvchisi, asosan Qozog‘istonga kiritiladigan sarmoyalar bilan shug‘ullanadigan MMG Global Consulting Group direktoridir. So‘nggi intervyularidan birida Goga o‘z oldigan qo‘ygan yangi maqsadlaridan biri Qozog‘istondagi oltin qazib chiqarish sohasini zabt etish ekanini bildirdi.

Uning orqasida Timur Kulibayev turganidan so‘ng¸ Goga xonimning bu maqsadiga ham erishishiga shubha yo‘q¸ deyishmoqda mustaqil qozoq kuzatuvchilari va muxolifatchilari.

Qozog‘iston jamiyatidagi kayfiyatdan yaxshi xabardor tahlilchilar¸ Goga Ashkenazi bilan ishqiy aloqalarining fosh etilgani Timur Kulibayevning prezidentlik iddaosiga ziyon yetkizmaydi¸ degan ishonchda.

- Qozog‘istonda bu kabi masalalarga ikkiyuzlama qarash mavjud. Ko‘pchilik siyosatchilar¸ badavlat tadbirkorlarning oiladan tashqaridagi ishqiy sarguzashlariyu¸ ularning o‘ynash va nikohsiz tug‘ilgan bolalari borligini yaxshi biladi. Ammo bunday axborot mazkur shaxslar obro‘siga umuman ta‘sir qilmaydi. Bizda hali bu kabi sirlar tufayli siyosiy faoliyatiga zarba yetgan biror siyosatchi yo‘q¸ deydi olmaotalik tahlilchi Aydos Sarim.

Shunday bo‘lsa-da¸ bunday xabarni eshitgan qozog‘istonliklarni¸ Nazarboyev oilasidan tashqari uning kuyovlari o‘ynashlarining ham mamlakat boyliklarini o‘g‘irlayotgani g‘azabga solmay qo‘ymayotir¸ deb qo‘shimcha qiladi bu tahlilchi.

Kuzatuvchilar¸ birinchi kuyovi Rohat Aliyevni oq qilgan qudratli qaynota - Nursulton Nazarboyev ikkinchi kuyov va ehtimoliy voris Timur Kulibayevdan ham yuz o‘girishgacha borib yetadimi¸ degan taxminga turlicha javob bermoqdalar.

Qozog‘istondagi Olga muxolifat partiyasi yetakchisi Vladimir Kozlov¸ Timur Kulibayevning milliarder o‘ynashi haqidagi xabar¸ Nazarboyev uchun yangilik bo‘lgan taqdirda ham¸ uning bu kuyovni ham oq qilishiga asos bo‘la olmaydi degan fikrda va o‘z kuzatishlari bunday quvvatlaydi:

- Nazarboyevning o‘zida qancha o‘ynashlari bo‘la turib¸ unga vorislikka hozirlanayotgan Kulibayevda ham bo‘lsa¸ nima qipti? Hukmdor qanday bo‘lsa¸ uning vorisi ham shunga yarasha bo‘ladi-da! Menimcha agar Kulibayev axloq jihatdan Nazarboyevdan tozaroq odam bo‘lganda¸ ayni shu narsa Nazarboyev uchun bosh og‘rig‘i bo‘lgan bo‘lardi. Hozirgi sharoitda¸ hamma narsa nazarboyevcha mantiq va normaga to‘g‘ri keladi¸ deydi qozoq muxolifatchisi.
XS
SM
MD
LG