Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 18:34

Roppa-rosa 5 yil muqaddam otib ketilgan Obid qori Nazarov gapira boshladi


2012 yil Shvetsiyada otib ketilgan Obid qori Nazarovning yangi suratlari 21 fevral 2017
2012 yil Shvetsiyada otib ketilgan Obid qori Nazarovning yangi suratlari 21 fevral 2017

Bundan besh yil muqaddam suiqasd amalidan omon qolgan Obid qori Nazarov gapira boshladi. Bu haqda Ozodlikka 59 yashar Nazarovning o‘g‘li Dovud Nazarov ma’lum qildi.

Nazarovning yaqinlari internetda imomning shu kunlarda olingan suratini tarqatdi.

Suratda fotoapparat nigohiga jilmayib turgan 59 yashar imomni ko‘rish mumkin.

Obidxon qorining o‘g‘li Dovudning aytishicha, imomning sog‘ligi tobora yaxshilanib bormoqda va u gapira boshlagan.

-Dadamlar o‘zlari o‘tiradilar, o‘zlari tik tura oladilar. O‘zlari o‘zlarining yaqinlari bilan, ma’lum bir darajada, bemalol savol-javob, muloqot ham qila oladilar, - dedi Dovud Nazarov Ozodlik bilan suhbatda.

O‘zbekiston hukumatining ashaddiy tanqidchisi, taniqli diniy ulamo Obid qori Nazarov 2012 yilning 22 fevralida Shvetsiya shimolidagi Stromshund shaharchasida o‘z uyi yo‘lagida otib ketilgan, o‘q uning boshiga tekkan edi.

Imom uzoq vaqt behush yotdi.

Imom o‘z uyi yo‘lagida boshi orqasidan otib ketilgandi
Imom o‘z uyi yo‘lagida boshi orqasidan otib ketilgandi

Shifokorlar uning hayotini saqlab qolish uchun kurashishar ekan Shvetsiya ichkarisi va tashqarisida unga o‘q uzgan hujumchini qidirish amaliyoti boshlandi.

Nazarovga suiqasddan uch yarim yil o‘tib, unga hujum qilgan shaxs – O‘zbekiston vatandoshi Yuriy Jukovskiy Rossiyadan Shvetsiyaga ekstraditsiya etildi.

O‘tgan yil martida Shvetsiya shimolidagi Sundsval shahar sudi Obid qori Nazarovga nisbatan suiqasdni amalga oshirishda aybdor, deb topilgan Yuriy Jukovskiyga umrbod qamoq jazosini berdi.

Ular judayam maxfiy holda, judayam ehtiyotkorlik bilan, deyarli eng yaqinlaridan boshqa hech kim bilmaydigan holatda hayot kechirayaptilar va davolanishni davom etayaptilar.
Dovud Nazarov

Imomning oilasi jinoyatni tashkillashtirishda O‘zbekiston hukumatini ayblaydi.

Ular, Jukovskiyga nisbatan chiqarilgan hukmdan qoniqqan esalar-da, buyurtma qotillik ortida turgani da’vo qilingan O‘zbekiston siyosiy rejimining vakillari jazolanishini talab qilishda davom etmoqdalar.

Biroq mahkama jarayon so‘ngida hakam buyruqning bevosita O‘zbekiston hukumati yo xavfsizlik xizmatlaridan kelganini butkul isbotlab bo‘lmasligi aytgan.

Mustaqil imom

Obidxon Nazarov Shvetsiyada ham diny faoliyatini davom ettirdi
Obidxon Nazarov Shvetsiyada ham diny faoliyatini davom ettirdi

Obidxon qori Nazarov mustaqil imom sifatida 1990 yillar boshida Toshkentda shuhrat topdi.

Uning ehtirosli mav’izalari O‘zbekistondagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolarni va inson huquqlarini qamrab olardi.

Obidxon Nazarov O‘zbekiston hukumatidagi kamchiliklarni tanqid qilib, boshqa imomlardan farqli tarzda, mustaqil mavqe’ini saqlashga intildi.

Obidxon Nazarov obro‘-e’tiborining ortishi barobarida, o‘sha paytdagi prezident Karimov ma’muriyati imomni dunyoviy rejimga xavf sifatida ko‘ra boshladi.

1998 yilda ekstremizmda ayblangan Nazarov bir yil davomida Toshkentda yashirinib yurishga majbur bo‘ldi.

So‘ngra qo‘shni Qozog‘istonga chiqib ketdi va 8 yil o‘tib Birlashgan Millatlar Tashkilotining qochqin maqomini oldi.

Shvetsiyada boshpana olganidan keyin ham Obidxon Nazarov O‘zbekistonda oddiy musulmonlarga nisbatan qatag‘on siyosati to‘xtamayotganini tanqid qilishda davom etdi, internetdagi faolligini oshirdi.

Maxfiy hayot

Obid qori Nazarovni otishda foydalanilgan pistolet
Obid qori Nazarovni otishda foydalanilgan pistolet

Dovud Nazarovning ishonishicha, hozir ham otasining hayotiga tahdid arigani yo‘q.

Obid Nazarov va uning yaqinlari hamon xafsizlik kuchlarining kuchli nazorati ostida yashashmoqda.

- Ular judayam maxfiy holda, judayam ehtiyotkorlik bilan, deyarli eng yaqinlaridan boshqa hech kim bilmaydigan holatda hayot kechirayaptilar va davolanishni davom etayaptilar. Ular qaerda va qanday holatda davolanayotganliklari, qanday holatda hayot kechirayotganliklari ham, Shvetsiya hukumati, Shvetsiya davlati tomonidan qattiq, maxfiy masala sifatida qabul qilingan, - dedi Dovud Nazarov.

21 fevral kuni Ozodlik veb sahifasida Obid qori Nazarovning​ o‘g‘li Dovud Nazarov bilan video suhbatni tomosha qilishingiz mumkin.

XS
SM
MD
LG