Линклар

Qozog‘istonda raqib nomzod ham Nazarboyevga ovoz berdi


Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarvoyev birinchi ledi Sara Nazarboyeva bilan ovoz berishmoqda, Ostona.

Qozog'iston prezidenti Nursulton Nazarvoyev birinchi ledi Sara Nazarboyeva bilan ovoz berishmoqda, Ostona.

Markaziy Saylov komissiyasi saylov bo‘lib o‘tgani va kechki 6 gacha 84 foiz saylovchi ovoz berganini ma‘lum qildi.

Qozog‘iston Markaziy saylov komissiyasi tarqatgan malumotga ko‘ra, bu yilgi prezidentlik saylovida aholi juda faol ishtirok etgan va mamlakatda ro‘yxatga olingan 9 million 180 ming saylovchining 84 foizi kechki soat 6 ga qadar ovoz berib bo‘lgan.

Qozog‘iston Bosh prokuraturasiga tayanib KazTAG agentligi bergan ma‘lumotga ko‘ra, ovoz berish jarayonida jami 1004 ta murojaat bo‘lgan va bulardan 90 tasi shikoyat arizasi bo‘lib, ularning aksariyatida saylovchining ro‘yxatdan tushib qolgani ustidan arz qilingan.

Muddatidan ikki yil aval o‘tkazilgan prezidentlik saylovida 4 nomzod - amaldagi prezident Nursulton Nazarboyev, Qozog‘iston Kommunistik xalq partiyasi raisi Jambil Axmetbekov, Vatanparvarlar partiyasi yetakchisi, senator G‘ani Qosimov va “Tabig‘at” jamoat harakati rahbari Mels Yeleusizovlar ishtirok etdi.

Buguning kunning birinchi qismida ovoz bergan prezident Nazarboyev, Qozog‘istonda bo‘lgan jurnalistlar kuzatuviga ko‘ra, o‘z g‘alabasiga ishonchi komil suratda ovoz berish uchastkasiga kelgan.

- Bugun fuqarolarimiz bergan ovoz bizning birligimiz va barcha maqsadlarimizni amalga oshirishga qaratilgan istagimiz ifodasi bo‘ladi. Biz sanoatlashgan-innovatsion dasturlar amaliyoti, ijtimoiy modernizatsiya va umuman, oddiy insonlarning manfaati uchun xizmat qilishga qaratilgan maqsadlar tomon tub burilish yasamoqdamiz. Umid qilamanki, siz bizning kelajagimiz va farzandlarimiz kelajagi uchun ovoz berasiz, dedi prezident Nazarboyev.

Ayni paytda Qozog‘iston rasmiy matbuoti saylovchilarning aksariyati prezident Nazarboyevga ovoz berayotgani haqida xabar qilmoqda.

Ovoz berish uchastkasi yonida Reyter agentligiga so‘zlagan Nazarboyev tarafdori bo‘lgan 76 yoshli ayol mamlakat ahli o‘zining ko‘p yillik prezidentini qattiq hurmat qilishini aytdi.

- Biz faqatgina Nazarboyev uchun ovoz berdik, biz uni yoqtiramiz va hurmat qilamiz, dedi astanalik saylovchilardan biri.

KazTAG agentligi xabariga ko‘ra, prezident Nazarboyev uchun, hatto uning raqibi bo‘lgan prezidentlikka nomzod “Tabig‘at” jamoat harakati rahbari Mels Yeleusizov ham ovoz bergan.

Agentlikka bergan intervyusida bu nomzod amaldagi prezidentga ovoz berish bilan, go‘yoki, saylov g‘olibiga tan berganini aytgan.

“Hayratdamisiz? Bu musobaqa bo‘ldi va xuddi sportchilar so‘nggida bir-birini qo‘lini qisgani kabi men ham g‘olibga o‘z hurmatimni bildirdim” deya Mels Yeleusizov saylov yakuniga yetmay turib rasmiy matbuotga o‘z qarorini izohladi.

Qozog‘iston muxolifati esa muddatidan ikki yil avval o‘tkazilayotgan bu saylovga boykot e‘lon qilgan.

Nursulton Nazarboyevni 2020 yilga qadar hokimiyatda qoldirish taklifi mamlakat Konstitutsion sudi tomonidan rad etilganidan so‘ng mamlakat hukumati prezidentlik saylovini muddatidan oldin o‘tkazishga qaror qilgan edi.

Saylovni Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkiloti kuzatuvchilar missiyasi ham kuzatdi. Tashkilotning Astanaga borgan yuqori martabali rasmiysi Demokratik insitutlar va inson huquqlari bo‘yicha idorasi rahbari Yanesh Lenarchich matbuot anjumanida ishtirok etdi.

- Shubhasiz, hukumat tomonidan demokratik islohotlar rivoji yo‘lida ayrim urinishlar qilingan va bu sohadagi yutuqlar hukumatning iqtisodiy va ijtimoiy sohadagi yutuqlaridan ancha ortda qolayotgandek ko‘rinmoqda, dedi Yanesh Lenarchich.

YeXHT rasmiysi mamlakat hukumati oldida, ayniqsa, inson huquqlari va so‘z erkinligini ta‘minlash bobida qilinajak ko‘plab vazifalar borligini urg‘ulab o‘tdi.

Tashkilot kuzatuvchilar missiyasi saylovga oid kuzatuvlarini dushanba kuni e‘lon qilishi kutilmoqda.

Qozog‘istonda mamlakat mustaqilligi davrida o‘tkazilgan birorta saylov Yevropa davlatlaridan borgan xalqaro kuzatuvchilar tomonidan erkin va shaffof, deb baholanmagan.

Ammo, MDH davlatlaridan borgan kuzatuvchilar missiyasi bu saylovni ham shaffof va tinch o‘tanini aytib, olqishlamoqda.

Jumladan, Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Muratbek Imanaliyev ham saylovni olqishlab: “Saylov juda baqaror o‘tmoqda va biz saylovga bo‘lgan bu qadar jiddiy, kuchli tayyorgarlikni faqat olqishlashimiz mumkin” dedi KazTAG agentligiga bergan intervyusida.

Qozog‘istonda 3 aprel kuni o‘tgan prezidentlik saylovining dastlabki rasmiy natijasi 4 aprel kuni tushga qadar e‘lon qilinishi kutilmoqda.
XS
SM
MD
LG