Линклар

Qozog‘istondagi qochqinlar O‘zbekistonga topshirilmoqda


O‘zbekistonlik qochqinlar bundan roppa-rosa bir yil avval Toshkent so‘roviga ko‘ra, hibsga olingan edi.

O‘zbekistonlik qochqinlar bundan roppa-rosa bir yil avval Toshkent so‘roviga ko‘ra, hibsga olingan edi.

9 iyun kuni Olmaota hibsxonalarida roppa-rosa bir yildan buyon saqlanayotgan o‘zbek qochqinlaridan 15 nafari O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Olmaota Ichki ishlar departamenti hibsxonasida saqlanayotgan 15 nafar qochqin O‘zbekistonga berib yuborilayotgani haqida Ozodlikka payshanba kuni ularning yaqinlari xabar qildi.

Xususan, hisbdagi qochqinlardan biri Sherzod Shernazarovning rafiqasi Xursana bunday dedi.

- Hammamiz xavotirdamiz. Ertalab hammalarini olib chiqib ketishibdi. O‘zbekistonga berib yuborilayapti ekan,- dedi Xursana Shernazarova.

Bu ma‘lumotni Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan boshqa qochqin ayollar ham tasdiqladi.

Hibsdagi qochqinlardan birining rafiqasi, ismini oshkor qilmaslikni so‘ragan ayolning aytishicha, ertalab Olmaota Ichki ishlar departamenti hibsxonasida saqlanayotgan 15 nafar qochqinni hibsxonadan olib chiqib ketganlar.

- Berib yuborishdi degan gap bor, lekin bizlar anig‘ini bilolmayapmiz. Qamoqdagilar aytishdi, bizlarga shunaqa xabar keldida, “Ertalab olib chiqib ketdi. Kiyimlaringini yig‘ishtiringlar” deb olib chiqib ketibdi bir yil bo‘lgan erkaklarga. Bugun bir yil bo‘ldida. Bugun bir yil bo‘ldi 29 kishini ushlaganiga. O‘shalarni “kiyimlaringni yig‘ishtiringlar” deb olib chiqib ketibdida.

Ozodlik: O‘zbekistonga berib yuborgan bo‘lishi mumkinmi?

- Shunaqa gap yurgan edi. “Berib yuboradi” degan gap yurgan edi. Hozir qamoqxonaga, UVKB OONga (BMT qochqinlar idorasi-tahr.) ketishdi so‘raymiz deb. UVKB OONdagilar bilmaymiz debdi, qamoqdagilar ham bilmaymiz deb o‘tiribdi.

Ozodlik: Necha kishini olib chiqib ketgan?

- 15ta. DVDdan (Olmaota Ichki ishlar departamenti-tahr.) 15ta. KNBdan (Milliy Xavsizlik qo‘mitasi-tahr.) hali aniq emas, deyishmoqda. Ikkitasi ketdi svidaniyega. Qo‘ysa, o‘sha ëqda bo‘ladi, qo‘ymasa, ularni ham berib yuborgan bo‘ladi. Hozir ma‘lum bo‘lib qoladi. Kutayapmiz,- dedi qochqin ayol.

Olmaota huquq-tartibot idoralari bu xabarni izohlaganicha yo‘q.

Qozog‘istonlik huquq faollariga ko‘ra, rasmiy Ostona keyingi sakkiz oy ichida boshpana izlovchi maqomini so‘ragan o‘zbek qochqinlaridan kamida to‘rt nafarini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan.

O‘tgan yilning 30 oktabr kuni Qozog‘iston O‘zbekistonga ekstraditsiya qilgan Tojikiston fuqarosi 36 yoshli Umarali Abdurahmonov joriy yilning boshida amnistiyaga tushmaslik sharti bilan 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan boshqa uch qochqinning taqdiri hozircha noma‘lum.

Olmaota hibsxonalarida ushlab turilgan 32 nafar o‘zbek qochqini o‘tgan yilning 9 iyunidan 11 iyunigacha Olmaota shahrida o‘tkazilgan “Migrant” reydi chog‘ida qozoq politsiyachilari va maxfiy xizmat xodimlari tomonidan qo‘lga olingan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi bu qochqinlarni og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlikda ayblab, ularning o‘z ixtiëriga berilishini so‘ramoqda.

Olmaota shahar Migratsiya departamenti o‘tgan yili Qozog‘iston janubiy poytaxtidagi ikki hibsxonada saqlanayotgan o‘zbekistonliklarning boshpana izlovchi shaxs maqomini berish bo‘yicha iltimosini rad etdi. O‘zbek qochqinlarining mazkur qarori yuzasidan shikoyat arizasi 2010 yil so‘nggida Olmali tuman sudi tomonidan ham, joriy yil boshida Olmaota shahar sudi tomonidan ham rad etildi.

2010 yilning 8 sentabr kuni Olmaota shahar prokurorining yordamchisi Tashkenbay Aubakirov Qozog‘iston Bosh prokuraturasi hibsxonadagi o‘zbek qochqinlarini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish haqida qaror chiqarganini bildirgan edi.

Mart oyida Olmali tuman sudi Qozog‘iston Bosh prokuraturasining 32 o‘zbek qochqinini O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish bo‘yicha qarorini qonuniy deb topdi.

14 aprel kuni kuni o‘tgan mahkamada Olmaota shahar sudi sudyasi Yermaxan Dildabayev Olmali tuman sudining mazkur qarorini to‘g‘ri deb topib, uni o‘z kuchida qoldirdi.
XS
SM
MD
LG