Линклар

logo-print
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tuman ichki ishlar bo‘limida hibsda ushlab turilgan qozog‘istonlik to‘qqiz bola qo‘yib yuborildi.

14 iyul kuni hibsga olingan qozog‘istonlik to‘qqiz nafar alpinist bolaning hibsdan ozod bo‘lgani haqidagi xabarni Ozodlikka Qozog‘istonning Toshkentdagi elchixonasi xodimi ma‘lum qildi.

- Faqat bolalar ozod qilindi. Lekin kattalar hali ham hibsda dedi,- elchixona xodimi.

Interfaks-Kazaxstan agentligi Janubiy Qozog‘iston favqulodda vaziyatlar departamenti xodimi Marat Qurmanovga tayangan holda xabar qilishicha, qozog‘istonlik sayyohlar guruhida bo‘lgan 9 dan 15 yoshgacha bo‘lgan to‘qqiz o‘smir va katta yoshdagi to‘rt kishi 14 iyul kuni O‘zbekiston MXXsi tomonidan hibsga olingan edi.

Shu yil 20 iyulida g‘arbiy Tyan-Shan tog‘laridagi Sayram cho‘qqisini zabt etish uchun 10 iyul kuni ketgan sayyohlar guruhining bedarak yo‘qolgani haqida xabar tarqalgandi.

Qozog‘istonda sayyohlar guruhini qidirish ishlariga qutqaruvchilar¸ politsiya va chegarachilar jalb etilib, telekanallar orqali ularning yo‘qolgani haqida xabar qilindi.

Keyinchalik qozog‘istonlik alpinistlar O‘zbekiston chegarachilari tomonidan qo‘lga olingani ma‘lum bo‘ldi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlik bilan suhbatda viloyat hududida qozog‘istonlik sayyohlar ular tomonidan qo‘lga olingani haqidagi ma‘lumotni tasdiqladi.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligining matbuotga bildirishicha, O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari qozog‘istonlik alpinistlarni davlat chegarasini noqonuniy kesib o‘tish va qurol olib kirishda ayblamoqda.

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati kotibi Ilyas Omarov Bi-bi-si bilan suhbatda qozog‘istonliklardan birida qonuniy hujjatga ega ov miltig‘i bo‘lganini qayd etgan.

Farg‘ona.ru axborot agentligi mazkur voqea yuzasidan tergov o‘tkazaëtgan O‘zbekiston rasmiylari o‘smirlarning ota-onalari ularning har biri uchun 1 million so‘m ëxud 580 AQSh dollari miqdorida jarima to‘lasa¸ ozod etilishini bildirgani haqida xabar qildi.

Toshkent viloyati Bo‘stonliq tuman ichki ishlar bo‘limi xodimi Ozodlik bilan suhbatda o‘smirlar uchun 580 AQSh dollaridan jarima puli so‘ralgani haqida tarqalgan xabarlar xususida hech qanday ma‘lumot berilmasligini ta‘kidladi.

29 iyul kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston diplomatik idorasiga maxsus nota yo‘llab¸ qozog‘istonlik alpinistlarning ushlanishi bilan bog‘liq vaziyatga oydinlik kiritishni so‘ragan edi.

Ayni paytda qozog‘istonlik bolalarning ozod qilinishi bilan bog‘liq tafsilotlar oshkor qilinganicha yo‘q. O‘smirlar qozoq rasmiylari aralashuvi natijasida ozod bo‘lganmi yoki so‘ralgan pul to‘langanmi - hozircha bu noma‘lum qilmoqda.
XS
SM
MD
LG