Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 01:43

Chiyabo‘rilar uch kechada 22 qo‘yni bo‘g‘izlab ketdi


O‘zbekiston chiyabo‘risi.
O‘zbekiston chiyabo‘risi.

Farg‘ona viloyati Quvasoy shahri aholisining chorvasiga hujum qilgan shoqollar to‘dasi uch kun orasida 22ta qo‘yni bo‘g‘izlab ketdi. Bu xabarni tasdiqlagan hokimlik mulozimiga ko‘ra, ayni paytda chiyabo‘rilarni otish, ularni zaharlash tadbirlari ko‘rilyapti. Shahar yaqinidagi soydan kelayotgani taxmin qilinayotgan chiyabo‘rilar mahallaga yarim tunda oralayotgani aytiladi.

Quvasoy shahrining Do‘stlik mahallasida so‘nggi uch kunda uch xonadondagi 22ta qo‘yni chiyabo‘rilar bo‘g‘izlab ketdi.

Ozodlik manbasi bergan bu xabarni tasdiqlagan Quvasoy shahar hokimligining o‘zini tanishtirmagan mulozimiga ko‘ra, chiyabo‘rilar aholi chorvasiga tunda hujum qilgan:

“Do‘stlik mahallasidagi bir odamning qo‘rasidagi 20 martga o‘tar kechasi 18ta qo‘y tomog‘idan tishlanib, bo‘g‘izlangan. Ertasi kuni yana bir xonadondan uchta qo‘y va yana biridan bitta qo‘y bo‘g‘izlab ketilgan”, dedi mulozim.

Uning aytishicha, bu voqeadan so‘ng hokimlik zudlik bilan chiyabo‘rilarga qarshi kurashishga oid tadbir belgilagan:

“Bunday voqea Quvasoyda birinchi marta sodir bo‘lyapti. Ilgari ham shoqollar har zamon mahallalarga bir oralab qo‘yganini, tovuq va jo‘jalarni olib ketganini odamlar aytishadi. Lekin 18 qo‘yni birdaniga bo‘g‘izlashi birinchi bor sodir bo‘lmoqda. Shuning uchun ham shoshilinch chora-tadbirlar belgilandi. Birinchidan, militsiyaga tezda ovchilar guruhini tuzib, shoqollarni otishga topshiriq berildi. Ikkinchidan, shahar Sanitariya epidemiologiya markaziga shoqollarni zaharlaydigan dori tayyorlab, ular paydo bo‘lish ehtimoli bo‘lgan joylarga tashlab chiqish topshirildi”, dedi hokimlik mulozimi.

Do‘stlik mahallasida istiqomat qiluvchi veterinar shifokorlardan birining aytishicha, it ovlovchi guruhlar mahalladagi daydi itlarni ham otib ketyapti:

“Avvaliga bu qo‘ylarni daydi itlar bo‘g‘izlab ketgan gaplar ham tarqaldi. Go‘yoki bitta daydi ovcharka va mahalliy itni ko‘rishgan emish. Shuning uchun daydi itlarga ham ov boshlandi. Lekin bu gaplar tasdiqlanmadi. Chunki it birdaniga bo‘g‘izdan olmaydi, chiyabo‘ri esa to‘g‘ri o‘ljasining bo‘g‘zidan tishlaydi. Bizning shaharning chekkasida katta soy bor. Bu soy boshi chakalakzorlarga, dalalarga tutushgan. Biz chiyabo‘rilarning o‘z hududida yemish topolmay, pastga tushib kelganini taxmin qilyapmiz. Odamlar kechasi yolg‘iz yurgani ham qo‘rqib qolishdi. Bolalarniki kechasi umuman ko‘chaga chiqarmayapmiz”, dedi veterinar.

O‘zbekistonda chiyabo‘rilarning aholi chorvasiga hujum qilish holatlari juda kam uchraydi.

Ovchilarning aytishlaricha, chiyabo‘rilar, asosan, dehqonlarning poliz ekinlariga va uy parrandalariga hujum qilishi kuzatilgan.

Aholi chorvasiga, asosan, bo‘rilarning hujum qilish holatlari O‘zbekistonda ko‘p uchraydi.

Jumladan, 2014 yilning mart oyida Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumani hududidagi qishloqlarda bo‘rilar galasi aholi chorvasiga hujum qilib, qo‘ylarini bo‘g‘izlab ketgani xabar qilingan edi. O‘shanda 77ta bo‘ri otib o‘ldirilgan edi.

O‘sha yilning yozida Surxondaryo viloyatidagi Sho‘rchi tumanining tog‘ yon bag‘ridagi qishloqlarda yashovchi aholining chorvasiga bo‘ri hujum qilgan edi. Ozodlik manbalariga ko‘ra, Hisor qo‘riqxonasidan tushib kelgan bo‘rilar qo‘y-qo‘zilarni bo‘g‘izlagan.

XS
SM
MD
LG