Линклар

logo-print

Qozonda "qog‘oz" necha pul?


Bu politsiya xodimi "hajjatfurushlar"ning biridan o‘z "dolyasi"ni olib ketayotgan paytda Ozodlik ob‘ektiviga tushib qoldi.

Bu politsiya xodimi "hajjatfurushlar"ning biridan o‘z "dolyasi"ni olib ketayotgan paytda Ozodlik ob‘ektiviga tushib qoldi.

25 may kuni Moskvani Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng katta vokzallaridan biri – Qozon vokzalida Rossiya Federal migratsiya xizmati tomonidan xorijliklarga mehnat patentlarini berish punkti ochilgani xabar qilindi. Patent tarqatuvchi bo‘limning ish faoliyati bilan yaqindan tanishish maqsadida Qozon vokzaliga borgan muxbirimiz Umidbek anchayin g‘aroyib voqea guvohi bo‘ldi.

O‘tgan dushanba kuni Rossiya FMXsi Pasport-viza xizmati direktori Sergey Donsov O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘izistondan kelayotgan poyezdlarni qabul qiluvchi Qozon vokzalida mehnat qilish huquqini beruvchi patentlar sotila boshlashini ma‘lum qilgan edi. “Shaharga kirib kelayotgan har bir mehnat muhojir bu punktga zaruriy hujjatlarni topshirib, Rossiyada mehnat qilish huquqini beruvchi va bir oylik muddatga beriladiganining narxi ming rubl bo‘lgan patentni olish imkoniyatiga ega bo‘ladi”, dedi FMX rasmiysi.

Muxbiringiz Moskvaning eng gavjum vokzali hisoblangan Qozon vokzaliga yo‘l oldi.

So‘nggi paytlarda Rossiyaning turli joylarida sodir ettilayotgan portlashlar oqibatida boshqa jamoat joylardagi kabi Qozon vokzalining kiravyerishida ham ehtiyot chorasi sifatida detektorlar o‘rnatilgani ko‘zga tashlandi. Detektorning yonida turgan militsiya xodimi vokzalda Migratsiya xizmati bo‘limi ochilganidan bexabar ekanini aytdi.

Zalning ichkarisida qora harbiy kiyimda va qo‘lida dubinka-tayoq ushlab turgan barzangi qo‘riqchi ham kamina “vokzalda Migratsiya bo‘limi qayerda?”, degan savolni berganlaning to‘rtichisi ekani va menga o‘xshaganlar “joniga tekkanini” tushuntirgan bo‘ldi.

Qozon vokzali xodimlari ham, vokzal atrofidagi hududda tartibni saqlovchi 69-chi “Krasnoselskaya” politsiya bo‘limi xodimlari ham patent tarqatuvchi punkt haqida bilmasliklarini aytishdi.

Lekin, militsiya xodimi qanchalik ko‘p bo‘lmasin, atrofda “Aka, qog‘oz kerakmi?”, “Qog‘ozlarni tayyorlaymiz!”, deya u yoqdan bu yoqqa sang‘ib yuruvchi qoramag‘iz yigitchalarning ko‘pligi e‘tiborimni jalb qildi.

O‘z ismini oshkor qilishni istamagan vodiylik yigitlar bilan so‘hbatlashib qoldik. U “qog‘oz” – “mahalliylashib” ketgan o‘zbek yigitlarining jargonida muhojirlar uchun tayyorlanadigan xujjatlar ekanini tushuntirib berdi. Bu yigit Qozon vokzalida kamida 200 ta odam shunday hujjatlarni tayyorlash bilan kun kechirishini, politsiyachilar esa bu “biznesdan” o‘z “dolyasiga” ega ekanligini gapirib berdi.

“Hammaning tirikchiligiga yetadimi?” degan savolimizga u ikkilanmasdan “E-e, akajon. Moskvada qancha o‘zbek, tojik, qirg‘iz borligini bilasizmi?! Millionlab-ku! Albatta hammaga yetadi”, deya javob qaytardi.

Hujjatlarning narxlari bilan qiziqib ko‘rdik.

O‘zini Athambek, deb tanishtirgan birinchi suhbatdoshimiz o‘z “mijozlarini” vokzalning metro bekatida “ushlashini” aytdi. U menga “tanish-bilish” qilib registratsiya hujjatini tayyorlab berishni ham taklif qildi.

- Kompyuterda, aka, sizga 200 so‘mdan yozib beramiz.

Ozodlik: Kompyuterdan deganingiz nima?

- Cherez kompyuter hammasi yoziladi-da. Lekin haqiqiy emas. Ammo haqiqiyga o‘xshatib beradi-da chiroyli qilib, aka. Lekin registratsiyaning haqiqiysini bir yarim ming rublga lyuboy joyda javob beradigan qilib beramiz, aka. Men javob beraman: qilgan registratsiyamni men bilan lyuboy joyga olib borib tekshirtirib olasiz.

Ozodlik: Patent ham tayyorlaysizmi?

- Patent nima keragi bor,aka? Shartmas, “razresheniye na rabotu” bilan yuravyerasiz. Patent bir oyga, uni puliga bir yilga qilganingiz ma‘kul, aka. Keyin, medknijkani sizga 600 rubldan qilib beraman. Kompyuterda yozdiriladi, birorta joyiga ruchka tegmaydi. Qyasi bolnitsadan qilinganigacha va orqasida hamma 18 tagacha pechati bo‘ladi,- deydi Qozon vokzalida hujjat savdosi bilan shug‘ullanayotgan yigitlardan biri.

Vokzalda bu yo‘l bilan pul topayotganlar orasida ayollar ham yo‘q emas.

10 yildan ortiqroq Moskvada “shu sohada” ishlayotgan Madina ham o‘z “mahsuloti” uchun javob berishga tayyor ekanini aytadi.

- Eng arzon registratsiya 300 so‘m, eng arzon razresheniye 700 so‘m. Shtrix-kodli razresheniyelar bor – 3000 mingdan...

Ozodlik: U nima degani – shtrix-kodli?

- Shtrix-kodi toza chiqadi, qog‘ozi ham, laminati ham toza bo‘ladi. Asil qog‘ozdan qilinadi, “FMS” yozuvi yonadi. 700 so‘mlikning ichidagi “FMS” yozuvi yonmaydi, ikkinchidan qog‘ozi ham, laminati ham oddiy. 3 minglik razresheniyeni spravkalari bilan qilib beramiz. “Razresheniye na rabotu”ning 14-15 minglilari bor edi, ular endi juda toza. Uni FMSning o‘ziga borib qo‘l qo‘yib olasiz-da. Ular narxi hozir ko‘tarilib ketdi: registratsiyasi bilan birga komplektda hoxlagan rayonga 26 ming olamiz unga. 12-13 kunda razresheniye tayyor bo‘ladi. Men chek-peklarini to‘g‘rilab beramanda, siz faqat borib qo‘l qo‘yib olasiz. Menga telefon qiladi, shunday borib o‘zingiz ofitsialno pasportlar bilan oladi.

Ozodlik: Demak, 3 ming turadigani ham qalbaki-da?

- FMS tekshirsa chiqmaydi, ammo ko‘chadagi militsiya, gaishniklarga, ayniqsa, vobshem o‘tadi. Ishonmasangiz, registratsiyangizni FMSga olib borib tekshirib ko‘rishingiz mumkin,- deya yaxshi menedjerlik va sotuvchilik hunari borligini namoyish qildi bu ayol.

Madinaning so‘zlariga ko‘ra, ular hatto 2 ming rublga bir oyga mehnat patentini tayyorlab bera olishlari mumkin. “Patentning o‘zi 1 ming rubl turadiku?”, deb taajublanishimizga u shunday javob berdi.

- FMSda ming so‘m turadi, to‘g‘rimi? Bu qo‘lma-qo‘l qilinadigan ish, aka. Birov bir so‘m pul topmasa, dokument topshirmaydiku,- deydi Madina.

Demak, Qozon vokzalidagi “tadbirkorlar” har qanday hujjatning haqiqiy va qalbakisini tayyorlay olishini namoyish etdi.

Nahotki ularni qalbaki ekanligini tekshirib bo‘lmasa? Bu savol bilan Qozon vokzalida patent byurosini ochishni va‘da qilgan Rossiya FMXsining Pasport-viza bo‘limiga murojaat qildik. Go‘shakni ko‘targan bo‘lim rasmiy vakilasi Mariya Antonova qanchalik ustalik bilan yasalgan bo‘lmasin, xujjatlarning haqiqiy yoki qalbaki ekanligini aniqlash mushkul ish emas, deya javob berdi.

- Barcha migrantlar bo‘yicha yagona ma‘lumotlar bazasi mavjud. Axir migrantlar mehnat faoliyatini boshlashdan oldin qaydga turishlari kerak. Ular qaydga olinmagan bo‘lsa, demak xujjatlari ham qalbaki. Bu esa pul jarimasi va keyinchalik deportatsiya, degani. Chunki qalbaki xujjatlar bilan yurgan shaxs noqonuniy mehnat muhojiri hisoblanadi,- deydi Moskva shahar Migratsiya xizmatining Pasport-viza bo‘limi mutassadisi Mariya Antonova.

FMX rasmiysi shuningdek, Qozon vokzalida mehnat patenti byurosining ochilishi ayrim texnik sabablarga ko‘ra noma‘lum muddatga qoldirilganini ma‘lum qildi.
XS
SM
MD
LG