Линклар

Шошилинч хабар
10 май 2024, Тошкент вақти: 13:17

Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablari qirg‘izchaga aylanadimi?


Iyun qirg‘ini kunlari Qirg‘iziston janubidagi kamida to‘rt o‘zbek maktabiga o‘t qo‘yildi.
Iyun qirg‘ini kunlari Qirg‘iziston janubidagi kamida to‘rt o‘zbek maktabiga o‘t qo‘yildi.
"Jalolobod viloyati Olabuqa tumanidagi faqat o‘zbeklar o‘qiydigan 16-maktabda o‘qish qirg‘iz tiliga ko‘chirildi. Maktabning nomi ham o‘zgartirildi. Bundan buyon o‘quv dargohi Alisher Navoiy nomi bilan emas, Qirg‘iziston SSR Kompartiyasining 1950 – 61 yillardagi birinchi kotibi Ishoq Razzoqov nomi bilan ataladi".

"Sentraziya" saytida e‘lon qilingan bir maqolada keltirilgan bu xabarning ikkinchi qismi rost, birinchisi haqiqatga zid.

Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablari muammolari hal qilinmas ekan, xabarning birinchi qismi ham yaqin kelajakda rostga aylanadi.

"O‘zbek maktabida o‘qish to‘laligicha qirg‘iz tiliga ko‘chirildi", degan xabarni o‘qiboq O‘shga qo‘ng‘iroq qildik.

O‘shga qo‘shni Furqat qishlog‘idagi maktabda ham o‘zbek, ham qirg‘iz sinflari bor.

Maktab o‘qituvchisi, o‘zini Shuhrat, deb tanishtirgan muallimning aytishicha, o‘zbek sinflarda ta‘lim qirg‘iz tiliga ko‘chirilayotgani yo‘q.

- 5-sinfgacha o‘zbek sinflari bor, o‘qitilayapti. Unaqa gap-so‘z yo‘q hali.

Ozodlik: Hech qanaqa darajada unaqa gap yo‘qmi?

- Bugun erta bilan pyatimunitka bo‘ldi. Direktor 1-sinfga o‘zbek sinflariga 6 ëshlilarni olib kelinglar¸ deb buyruq berdi. Katta sinflarni ham bu yildan keyin 9-10-11 ni ham tiklaysan, hech bo‘lmasa 9-sinfgacha o‘zbek sinflarini tiklaysan¸ deb direktorimiz aytdi, deydi o‘zini Shuhrat deb tanishtirgan muallim.

Muallimning aytishicha, iyun voqealari davomida uylari yondirilgan oilalarning yuqori sinflarda o‘qiydigan farzandlari vaqtincha boshqa maktablarga ko‘chirilgan. "Yuqori sinflarni qayta tiklaysan", degan buyruq ana shu holatdan kelib chiqqan.

O‘sh shahar O‘zbek milliy markazi raisi Abdurashid Xo‘jayevning aytishicha, o‘rganayotganimiz muammo O‘shda ham yo‘q.

- Bizning O‘shda bunday gap-so‘z yo‘q hozircha.

Ozodlik: Demak, o‘zbek maktablari o‘zbekcha o‘qiyapti-a?

- O‘zbek maktablari o‘zbekcha o‘qiyapti bugungi kunda.

Ozodlik: Shaharda nechta o‘zbek maktabi bor?

- 24 ta, deydi Abdurashid Xo‘jayev.

Qirg‘iziston bo‘ylab o‘zbek maktablar soni 200 dan ziyoddir.

Olabuqa tumanidagi 16-maktabga oid xabarda aytilishicha, bu maktabda o‘qish o‘zbek tilidan qirg‘iz tiliga respublika prezidentining ko‘rsatmasiga binoan ko‘chirilgan.

Qirg‘iziston Ta‘lim vazirligining o‘zini Kenje Usupovna, deb tanishtirgan mas‘ul xodimi:

- Bunday ko‘rsatma yo‘q, bo‘lishi ham mumkin emas. Ayniqsa, bo‘lib o‘tgan voqealardan keyin (Iyun voqealari – tahr.) bunday farmoyish bo‘lishi mumkin emas, deydi mas‘ul xodim.

Qirg‘iz respublikasi mahalliy o‘z-o‘zini boshqarish milliy agentligi rahbari Baxtiyor Fattohov ham o‘zbek maktablarida o‘qishni qirg‘iz tiliga ko‘chirish to‘g‘risida prezident farmoyishi borligiga ishonmaydi.

- Noto‘g‘ri. Unaqa ko‘rgazma bo‘lmaslik kerak. Prezident olib boraëtgan siësatdan bizning xabarimiz bor. U kishi bilan men uchrashdim. U kishining ko‘z qarashi juda yaxshi. Lekin bu mahalliy hokimiyatning tushunmovchilik qilgan ishi bo‘lishi mumkin. Bugun dushanba. Men chorshanba kuni telefonlashsak, hamma sabablarini bilib aytib beraman, deb va‘da berdi Baxtiyor Fattohov.

Olabuqadagi voqea yuzasidan O‘sh va Bishkekni "aylandik". Izlana-izlana tumanning o‘ziga ham "bordik".

16-maktabga oid o‘zgarishlar to‘g‘risidagi xabarda maktabda ta‘lim tilini o‘zgartirish ortida tuman hokimi turgani aytilgan.

Afsuski, hokimni topa olmadik. Biroq shu yerlik huquq himoyachisi Yelena Ivanovani topdik.

U maktabning nomi o‘zgartirilganini tasdiqladi.

- O‘qituvchilar va qishloq ahli maktab nomi o‘zgartirilishiga qarshi ekanliklarini bildirishdi. O‘qituvchilar tuman Xalq ta‘limi bo‘limi mudiriga maktab nomini o‘zgartirmaslikni so‘rab murojaatnoma ham bitdilar, lekin ularning iltimosi e‘tiborsiz qoldirildi, dedi Yelena Ivanova.

Uning aytishicha, maktabda o‘qish qirg‘iz tiliga ko‘chirilgani yo‘q.

Xullas, Qirg‘izistondagi vaziyatga doir maqolalardan biri muallifi biroz qizishib ketganini aniqladik: Olabuqadagi 16-maktab o‘quvchilari o‘qishni bugun ham o‘zbek tilida davom ettirayapti.

Lekin, bu ertaga, yo besh yildan, yoki o‘n besh yildan keyin ham qirg‘izistonlik o‘zbek bolalar o‘z ona tillarida o‘qiyvyeradi, degani emas.

Bu yerda gap u yoki bu tuman hokimining yoki mamlakat rahbarining farmoyishi ustida borayotgani yo‘q.

Gap Qirg‘izistonda o‘zbek tilida ta‘lim olish resurslari tugab borayotgani ustidadir.

Abdurashid Xo‘jayevga quloq soling.

- Maktabning problemasi juda katta. O‘qituvchilar ham juda ozchilik. Dars qurollari umuman yo‘q hisobida bo‘lib qoldi. Bitta sinfga bir kitob to‘g‘ri keladigan yerlar ham bor. Xullas kalom 35-37 foiz kitob bilan ta‘minlangan maktablar hozir, deydi Abdurashid Xo‘jayev.

Ahvol shu tarzda davom etavyeradigan bo‘lsa, yaqin kelajakda qirg‘izistonlik o‘zbek bolalarning portfelida birontayam darslik qolmaydi –ular uchun kiril yozuvida birov darslik chiqaray demayapti; shu kunda ishlab turgan o‘qituvchilar pensiyaga chiqib ketadi – o‘zbek maktablari uchun o‘qituvchi tayyorlaydigan bir-ikkita o‘quv yurti ham iyun voqealaridan keyin yopildi.

Va umuman, "Qirg‘izistondagi o‘zbek maktablari" degan masalaning o‘zi kun tartibidan chiqib ketadi.
XS
SM
MD
LG