Линклар

Qur‘on nusxasini yoqgan amerikalik pastorga AQShning Michigan shtatida Islom diniga qarshi aksiya o‘tkazishga ruxsat berilmadi.

Michigan shtatidagi Dirborn shahri sudyasi qisqa muddatli mahkamadan so‘ng Terri Jounsni bir soat hibs qilish haqida hukm chiqardi.

Terri Jouns va uning sherigi Uen Sepp AQShning Michigan shtatidagi Islomiy markaz oldida 22 aprel kuni norozilik aksiyasi o‘tkazish rejasini ancha oldin ma‘lum qilgan edi.

Juma kuni bu harakatni to‘xtatgan sudya buni shtat aholisi xavfsizligiga tahdid, deb topdi va buning ortidan zo‘ravonliklar kelib chiqishi mumkin, degan xulosani e‘lon qildi.

Terri Jouns bir soatdan so‘ng ozod qilindi va shuningdek, unga keyingi uch yil ichida masjid yoniga yaqinlashish ham taqiqlandi.

Eslatamiz, 20 mart kuni AQShning Florida shtatidagi cherkovlardan birining ruhoniysi Terri Jouns namoyishkorona tarzda muqaddas Qur‘on kitobining nusxasini yoqib yuborgan edi.

Bundan avval esa u 30 kishilik jamoat bilan Qur‘on ustidan sud o‘tkazgan va o‘zicha Qur‘onni zo‘ravonlik, qotillik va terrorchilikda aybdor, deb uni qatl qilish to‘g‘risida hukm chiqargan edi.

Ana shu voqea haqidagi xabar internet tarmog‘i, xususan, Youtube.com tarmog‘i orqali dunyoga yoyilganidan so‘ng Afg‘onistonda norozilik namoyishlari boshlanib ketdi.

Oqibatda, g‘azablangan olomon namoyishlari chog‘ida tartibsizliklar yuzaga chiqdi va xususan, BMT ning Mazori Sharifdagi idorasiga hujum uyushtirildi.

BMT binosiga qilingan hujumda 14 odam, jumladan, BMT missiyasining Shvyesiya, Norvyegiya va Ruminiya fuqarolari bo‘lgan xodimlari hamda nepallik to‘rt xizmatchisi nobud bo‘ldi.

Xabarlarga ko‘ra, Afg‘onistonda Terri Jounsning harakati ortidan bo‘lgan namoyishlar chog‘ida, turli manbalardan olingan ma‘lumotlarga ko‘ra, 30 dan ortiq odam o‘ldirilgan.

Bu hodisalar yuzasidan matbuotga izoh bergan amerikalik pastor o‘z harakatidan afsuslanmasligi va o‘zini qurbonlar o‘limida mas‘ul ko‘rmasligi, buning uchun ma‘suliyat esa “zo‘ravon musulmonlar”ning o‘zida, deb bilishini aytgan edi.

Terri Jouns ilk bor 2010 yilda Florida shtatining Geynesville shaharchasidagi atigi 50 a‘zosi bo‘lgan “Dove World Outreach” cherkovi qavmi bilan 2001 yil 11 sentabrda uyushtirilgan hujumlarning 9 yilligini xotirlab, musulmonlarning muqaddas Qur‘on kitobini yoqish rejasini ma‘lum qilganda xalqaro matbuot og‘ziga tushgan edi.

O‘shanda Amerikadagi nasroniy va yahudiy liderlar o‘z vaqtida Florida shtatidagi pastorning harakatlarini "diniy erkinlikka qarshi hujum", deb baholagan.

AQSh Davlat departamentida tashkillashtirilgan iftorlikda so‘zlagan Davlat kotibi Hillari Klinton esa cherkov pastorining muqaddas Qur‘onni yoqish rejasini “hurmatsizlik” va “sharmandalik”, deya atagan edi.

AQSh hukumati va Pentagon rasmiylari chaqirig‘i bilan o‘sha yili niyatidan qaytgan va o‘shanda Nyu Yorkda NBC televideniyesiga: “Biz Qur‘onni yoqmaymiz. Yo‘q ... yo‘q, bugun ham keyin ham hech qachon yoqmaymiz”, deb intervyu bergan radikal pastor oradan bir yil o‘tib, 21 mart kuni baribir ham Qur‘on nusxasini yoqib yubordi.

AQSh rasmiylari bu gal ham Terri Jouns harakatlarini qoralab, bu Amerikaning diniy toqatlilik ruhiga zid ekani hamda musulmon dunyosida keskinlikni kuchaytirishini aytib, pastorni bu kabi mas‘uliyatsiz harakatlardan voz kechishga chaqirib kelmoqda.

Endilikda Terri Jounsga uch yilga qadar masjid binolari yoniga yaqinlashishning taqiqlanishi va Islom diniga qarshi aksiyalardan uni cheklash uchun qisqa muddatga hibsda ushlab turilishi qanday natijaga olib kelishini aytish qiyin.

Boisi, AQSh matbuotiga ko‘ra, 22 aprel kungi hibsdan so‘ng Terri Jouns o‘z harakatlarini davom ettirishga kelgusi juma kuni ham urinib ko‘rish niyatida ekanini aytgan.

Hozirga qadar dunyoning turli musulmon davlatlari rasmiylari va aholisi, jumladan, o‘zbekistonlik tahlilchilar ham AQSh rahbariyatini Terri Jouns va bu kabi shaxslar harakatiga huquqiy asosda chek qo‘yishga chaqirib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG