Линклар

logo-print
Afg‘oniston janubidagi Qandahor shahrida AQShlik ruhoniy Qur‘onni yoqib yuborganidan norozilar yakshanba kuni yana namoyishga chiqdi.

Namoyishda ro‘y bergan to‘qnashuvda politsiyaning ikki xodimi halok bo‘ldi, 20 dan ortiq odam jarohatlandi.

Qandahor viloyat kengashi matbuot xizmati jarohatlanganlar orasida politsiya xodimlari, namoyishchilar, jumladan, ikki nafar yosh bola ham borligi aytdi.

Bir kun oldin Qandahorda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishida kamida 10 kishi nobud bo‘lgan edi.

Afg‘oniston rasmiylariga ko‘ra, mamlakat sharqidagi Jalolobod shahrida ham norozilik namoyishi bo‘lib o‘tgan.

Asosan yoshlardan iborat bo‘lgan yuzlab namoyishchilar Qandahor ko‘chalarida “AQShga o‘lim!”, “Karzayga o‘lim!” kabi shiorlarni ko‘tarib chiqdilar.

AQShda Qur‘on kitobi nushasining yoqib yuborilganiga qarshi norozilik namoyishlari Afg‘oniston bo‘ylab davom etmoqda.

So‘nggi uch kun ichida Afg‘onistondagi tartibsizliklar oqibatida yigirmadan ortiq odam nobud bo‘ldi, jumladan, 1 aprel kuni Mozori Sharif shahridagi BMTning yetti nafar xorijlik xodimi o‘ldirildi.

Muqaddas Qur‘on kitobini yoqib yuborgan AQShning Florida shtatidagi cherkovning ekstremist nasroniy ruhoniysi Terri Jouns.
Afg‘onistondagi BMT Missiyasi matbuot kotibi Dan Mak Norton 3 aprel kuni Ozodlikka BMT o‘z xodimlarini evakuatsiya qilish niyatida emasligini, biroq davom etayotgan noroziliklarni diqqat bilan kuzatib borayotganini aytdi.

- Menimcha, hozir boshqa namoyishlar mamlakatning qaysi mintaqasida bo‘lishi haqida gapirishga hali erta. Mozori Sharifdagi idoramizga uyushtirilgan hujumdan ko‘rdikki, bunday hujumlar mamlakatning hamma yerida sodir bo‘lishi mumkin. O‘z xodimlarimiz himoyasini ta‘minlash uchun biz xavfsizlik choralarini kuchaytirish borasida ish olib boramiz. Qurolsiz xodimlarimiz afg‘onistonliklar kelajagi yaxshiroq bo‘lishi uchun, Afg‘oniston xalqiga yordam berish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun bu yerga kelishgan,- dedi BMT rasmiysi.

Tolibon janggarilari bayonot e‘lon qilib, unda afg‘onistonliklarni norozilik namoyishlarini davom ettirishga chaqirdi. Ayni paytda toliblar sodir bo‘lgan zo‘ravonliklar uchun Afg‘oniston hukumati kuchlarini aybladi.

Afg‘oniston prezidenti Hamid Karzay AQSh Kongressini Qur‘onning yoqib yuborilganini qoralashga chaqirdi.

Karzayning idorasi rasmiylariga ko‘ra, Afg‘oniston prezidenti bu gapni AQShning Kobuldagi elchisi Karl Eykenberi hamda Afg‘onistondagi AQSh va NATO kuchlari qo‘mondoni Devid Petreus bilan yakshanba kungi uchrashuv paytida aytgan.

Afg‘onistondagi namoyishlarga munosabat bildirgan AQSh prezidenti Barak Obama har ikki harakatni, ya‘ni muqaddas Qur‘on kitobi nusxasining AQShda yoqilganini va Afg‘onistondagi namoyishlarda begunoh odamlar o‘ldirilganini qoraladi.

Afg‘onistondagi noroziliklarga mart oyida AQShning Florida shtatidagi cherkovda ekstremist nasroniy ruhoniysi Terri Jouns boshchiligida muqaddas Qur‘on kitobining yoqib yuborilgani sabab bo‘ldi.

Afg‘onistondagi zo‘ravonliklarni “fojiaviy” deb atagan Terri Jouns voqealar uchun o‘zi emas, balki radikal islomiy unsurlarni ayblab, ularni qoraladi.
XS
SM
MD
LG