Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 09:35

Rassom Temur Mirzahmedovning antiglamur ijodi


Temur Mirzahmedov: Ozchilik orasida bo‘lish menga ma‘qulroq
Temur Mirzahmedov: Ozchilik orasida bo‘lish menga ma‘qulroq
Turkiston rassomlari haqidagi turkum maqolalarning navbatdagi qahramoni yosh rassom Temur Mirzahmedov.

San‘atga Turkiston avangardi degan atama yerlashganiga ham 100 yildan oshdi.

Bugun bu atama yangi ruh bag‘ishlayotgan yosh o‘zbek rassomi Temur Mirzahmedov bilan suhbatlashamiz.

Temur o‘z ijodi orqali o‘zbek yoshlari shuurini ajriq kabi qoplagan rasmiy targ‘ibot va moddaparastlik mafkurasiga istehzoli munosabatda bo‘lmoqda.

Sarroj taqqan o‘zbeklar
Bug‘doy yanchayotgan eshaklarni boshi gangimasin, deb ko‘zini boylab qo‘yishadi. Otlarni esa atrofga alanglamasin deya ko‘z atrofiga sarroch taqib qo‘yishadi.

Temur Mirzahmedovning "Sarroj" degan loyihasida ko‘zi mafkura lattasi bilan bog‘langan o‘zbek yoshlarining tor dunyosi aks etadi.

"Tovuqxona" degan asari esa o‘zbek TV sining teletomoshabinlari haqida....

"Sarroj" loyihasi ko‘zi mafkuraga yo‘naltirilgan o‘zbek yoshlari haqida.
Rassomni tushunish uchun u yashayotgan mamlakatga sayohat qiling, degan edi taniqli olmon shoiri Haynrih Hayne.

Karimov O‘zbekistoni degan mamlakatda yashaydigan 25 yashar rassom Temur Mirzahmedov bilan telefonda suhbat qurdik.

Ikki go‘shak orasi 7000 kilometr.

Temur Toshkentning Sebzorida biz esa Yevropaning Pragasida.

Nega rassomlikni tanladingiz, yurist yoki tujjorlikni emas, deb savol beramiz.

- Men rassomlar yashaydigan Sebzordagi mahallada voyaga yetdim. Otam ham rassom. Uyimizda ustaxona bor edi. Men dunyoda huquqshunos, menedjer degan kasblar borligidan bexabar edim. Ammo men yoshligim bo‘yoqlar hidiga to‘la rassom ustaxonasidagi, chorcho‘bga tortilgan matolar ichida kechdi. Bu muhit menga juda yoqar edi. Keyin esa men ham rasm chizishga tutindim. Keyin Behzod nomli rassomlik kollejiga kirdim. Kollejni tugatib rassomlik institutiga o‘qishga kirdim. Bir yil o‘qiganimdan keyin men taniqli rassom Slava Oxunov bilan tanishdim.

Ustoz va shogird

- Slava meni san‘atga bo‘lgan qarashimni taroshladi. U mening ko‘zimni ochdi desam ham bo‘ladi. Nafaqat an‘anaviy san‘at balki muqobil, konseptual san‘at ham borligini menga anglatdi.

To‘g‘ri men g‘arb san‘atini oldin ham ko‘rgan edim, ammo anglamagan edim. Zamonaviy san‘at menga juda yoqdi. Aynan bu san‘at vositasida men o‘z ichimdagi fikrni aniq ifoda qila olishimni tushundim. O‘z asarlarim orqali dunyoda, mamlakatim va yon vyerimda bo‘layotgan voqealarga munosabat bildira boshladim.

Eng muhimi men o‘zimni erkin va ozod his qildim. Bu rassomlik menga erkinlik ato qildi. Mana sizga eng muhimi.

Ozchilik ichidagi rassom

Bu gaplarni aytayotgan 25 yashar o‘zbek rassomi Temurning tengdoshlari SNB, prokuratura, militsiya xodimi bo‘lishni orzu qilib, glamur dunyo matohlariga sig‘inayotgan bir paytda, u bu tushunchalarga qarshi protest uslubini tanladi. Shu ma‘noda Temur 1968 yili Yevropada boshlangan va bugun ham davom etayotgan aksil-mayda burja inqilobchilariga ruhdoshday ko‘rinadi.

- Bu ruh menda bolalikdan beri bor. Hamma "ha", deb turgan paytda men "yo‘q" der edim. Men ular aytgan argumentlar asosli ekanini tushunsam ham e‘tiroz bildiravyerar edim. O‘z nuqtai nazarimni himoya qilar edim. Bu holat menga juda yoqadi. O‘ziga hos o‘yinga o‘hshaydi. Ya‘ni ko‘pchilik orasida emas ozchilik orasida bo‘lish.

Ruhiy holatim bo‘yicha men g‘irt rokerman. Meni boshqalardan farqli ko‘z qarashim bor. Hamma kabi bo‘lish men uchun katta baxtsizlik kabi tuyuladi,- deydi yosh rassom.

Hech kim tushunmaydigan san‘at

"Haykallar" loyihasi O‘zbekistondagi mafkura hukmronligini aks ettiradi.
Ayni paytda Temurning asarlari o‘zbekistondagi munaqqidlar e‘tiroziga ham sabab bo‘lmoqda. San‘at asari deganda zarhal ramkaga solingan suvratni tushunadiganlar nazarida Temur yaratgan tasvirlar ahamiyatsiz kollajlar holos. Bu e‘tirozlarga Timurning o‘z javobi bor.

- O‘zbekistonda zamonaviy san‘atga ehtiyoj yo‘q. Zamonaviy musiqaga, zamonaviy kinoga, zamonaviy me‘morchilikka ehtiyoj yo‘q. Borlari esa O‘zbekistonga kerak bo‘lgan “san‘at”. Hamma kayf qilyapti. Hammaga yoqyapti. Aslida barchasi katta tanazull mahsuli. Masalan, keyingi 20 yilda vizual estetika talablariga javob bera oladigan birorta bino qurilmadi. 20 yil ichida bitta ham qurilmadi. Dabdababozlik bor. Pafos bor. Ammo san‘at yo‘q.

Temur o‘z ijodini antiglamur san‘at deb biladi. O‘z asarlarida O‘zbekistondagi mafkura manzarasini ochiq mashara qiladi.

Tahlikali ijod
Bunday san‘atga sizning otangiz, taniqli rassom Hakim Mirzahmedov qanday munosabat bildiradi deb so‘raymiz rassomdan.

- Otam men qilgan rasmlarga qarab, ishqilib bunday “ijod” seni turmaga eltmasa yaxshi edi deb xavotir oladi.

Zamonaviy O‘zbekiston tarixida o‘z ijodi uchun qamoqqa tushgan bir rassom hikoyasi bor. Taniqli rassom (xozirda marhum) Medad Kagarovning o‘g‘li 1991 yil 19 avgust kuni Yanayev boshchiligidagi huntaga qarshi rasm chizib, Toshkentning Sayilgoh ko‘chasida namoyish qildi. Uni darhol hibs qilishdi. GKChP mag‘lubiyatga uchrab Yanayevlar qamalgan bo‘lsa ham, rassom ancha vaqt qamoqda qolib ketdi.

Yana bir rassom, Kuka tahallusi bilan nom chiqargan Hikmat G‘ulomov o‘tgan asrning 80-chi yillarida Pikassoga taqlid qilgani uchun ruhiy kasalxonaga tashlandi. Xullas, O‘zbekistonda o‘yindan o‘q chiqishining ehimoli ko‘p.

Paxtazordagi beton laylaklar

Yana suhbatga qaytsak. Agar sizga O‘zbekiston suratini chizish topshirilsa, nimani aks ettirar edingiz deb savol berdik Temur Mirzahmedovga.

- Bilmayman. Bu haqda o‘ylamabman. Ehtimol men paxta dalalarida yurgan laylaklarni chizgan bo‘lar edim. Xozir laylakka haykal qo‘yish urf bo‘lgan. Men betondan bo‘lgan laylaklarni paxta dalalariga o‘rnatib chiqib mana sizga O‘zbekiston der edim.
XS
SM
MD
LG