Линклар

16 may kuni Moskvadagi muxbirimiz Umidbek Rjev Agrokollejida bo‘lib, o‘shlik talaba taqdiri bilan qiziqdi.

Kosmonavt Solijon Sharipovning yordami bilan Rjev Agrokollejida o‘qiyotgan 272 nafar o‘shlik o‘zbek talaba yotoqxonadan chiqarib yuborilgani va 5 kunlik sarson-sargardonlikdan so‘ng 10 may kuni yotoqxonaga qaytarilgani haqida avvalgi eshittirishlarimizda xabar bergan edik. Moskvalik muxbirimiz o‘shlik talabalarning bugungi vaziyatini voqea joyining o‘zida o‘rgandi.

Ozodlik: Umidbek, hozir qayerdasiz?

- Men hozir Rjev Agrokolleji masalasida shahar hokimi va prokuror bilan uchrashdim. Men hozir Rjev shahar prokurori Yevgeniy Bloxin huzurida turibman. U bilan muloqot hozircha davom etayapti. Prokurorga: “Nima sababdan 5 kun davomida va umuman olganda, oxirgi paytlarda Rjev
Agrokollejida o‘shlik talabalar kelganidan keyin bunday muammolar paydo bo‘ldi?” degan savol bilan murojaat qildik va qisman javob olganday bo‘ldik.

Ozodlik: Siz bugun kollejda bo‘ldingizmi?

- Bugun kollejda bo‘ldik. Darhaqiqat, bolalarning hammasi yotoqxonaga qaytarilgan. Biz xonalarga kirib, talabalar bilan suhbatlashdik. Xususan, Agrokollej direktori Jgunov bilan gaplashdik. U ham tasdiqlab berdiki, hozircha vaziyat biroz barqarorlashdi. Endi asosiy masala bu narsa yana takrorlanishi mumkin, degan fikrni bildirayapti hozircha.

Ozodlik: Agrokollej rahbariyati Ozodlik bilan oldingi suhbatlarda ham mahalliy rahbarlar tomonidan ularga nisbatan bosim bo‘layotgani haqida aytishgan edi. Siz mana prokuraturada bo‘libsiz, shahar rahbariyati bilan uchrashayapsiz. Ularning bu boradagi fikrlarni qanday bo‘layapti?

- Xuddi shu savolni hozirgina Yevgeniy Bloxinga berdik. “Nima sababdan aynan Agrokollejga bunday tekshirishlar kuchayib ketdi?” degan savolimizga prokuror: “Bu mojaroga prokuraturaning mutlaqo aloqasi yo‘q. Bu sudning qarori. Bizning bu yerda hech qanaqa aybimiz yo‘q. Aloqamiz ham yo‘q”, deb javob berdi.

Ozodlik: Sudga kim murojaat qilgan? Sud o‘zidan o‘zi qaror chiqarmaydi-yu...

- Hamma gap shundaki, Agrokollejda bugungi kunda yong‘inga qarshi signalizatsiya o‘rnatilmaganligi sababli Agrokollejni yopish haqidagi murojaat prokuraturadan, aynan Yevgeniy Bloxindan tushgan. Lekin Bloxin: "buni bajarish bizning vazifamiz" deyapti.

Ozodlik: Siz Agrokollejni yopish dedingiz. Gap yotoqxonani yopish haqida ketayaptimi yoki umuman Agrokollejni?

- Agrokollej oldindan ogohlantirilgan ekan. Ogohlantirilgandan keyin Agrokollejga o‘rnatilgan. Lekin gap hozir umuman Agrokollejni ham yopish haqida ketayapti ekan. Prokurordan: “Agrokollej yopiladimi - nima bo‘ladi?” deb so‘raganimizda, “Yo‘q, Agrokollejni biz yopmaymiz, bu haqda gap ham bo‘lgani yo‘q” deb umuman boshqa fikrni bildirdi. Vaholanki, Jgunov unga boshqa gap gapirilganini aytayapti.

Ozodlik: Siz o‘shlik talaba yigitlar bilan suhbatlashdingizmi?

- Albatta. Talabalar bir tomondan juda mamnun. Aholi juda yaxshi munosabatda ekan eng asosiysi. "Umuman mojarolar bo‘lgani yo‘q", deb bildirishdi. Talabalar endi bir tomondan tushunayapti, albatta, nisbatan baho berganda bu yerda ancha yaxshi. Davlat hisobidan ular stipendiya olishar ekan, oziq-ovqati bor ekan. Turli fondlar yordam berib turibdi ekan. Bu tomondan yaxshi.

Bitta masala - Rjev shahar ma‘muriyati, xususan, prokuraturaning mana shu qilayotgan ishlari hozir biroz tushunarsiz. Bu yerga hozir men bilan birga Qirg‘iziston vitse-konsuli Janibek Qarimshaqov ham kelgan. Memorialdan Bahrom Hamroyev ham shu yerda. Hozir prokuror bilan muloqotni davom ettirayapti.

Biz, undan tashqari, shahar hokimi Aleksandr Shetinin bilan uchrashdik. Shetinin bizga kollejdagi talabalarga qo‘ldan kelgancha yordam berishni va‘da qildi. Endi kutamiz, bundan bu yog‘i nima bo‘larkan.
XS
SM
MD
LG