Линклар

logo-print

Rjevda o‘shlik talabalar muammolarga duch kelmoqda


Jalolobddagi univyersitet yoqib yuborilib, O‘shdagi o‘zbeklar o‘qiydigan univyersitet yopilgach, minglab o‘zbek talabalari mamlakatdan tashqarida o‘qish imkonlarini qidirishga majbur bo‘ldi.

Jalolobddagi univyersitet yoqib yuborilib, O‘shdagi o‘zbeklar o‘qiydigan univyersitet yopilgach, minglab o‘zbek talabalari mamlakatdan tashqarida o‘qish imkonlarini qidirishga majbur bo‘ldi.

Rossiyaning Tvyer oblast, Rjev shahridagi Agrokollejda o‘qiyotgan 272 nafar qirg‘izistonlik o‘zbek talaba 10 may kuni yotoqxonalariga qaytarildi. Bu ma‘lumotni Ozodlik o‘quv yurti direktori Sergey Jegunovdan oldi. Yoshi 15 dan 18 gacha bo‘lgan bolalarning 5 kun davom etgan sargardonligi, janob Jegunovning aytishicha, ular bilan bog‘liq muammolar zanjiridagi bir halqa xolos va qirg‘izistonlik o‘zbek talabalar tufayli Agrokollejga nisbatan sentabrda boshlangan bosimning oxiri ko‘rinay demayapti.

Rjev Agrokollejida o‘qiydigan qirg‘izistonlik o‘zbek bolalarning yotoqxonadan chiqarib yuborilganini 10 may kuni Ozodlikka qo‘ng‘iroq qilgan o‘shlik ayoldan eshitdik.

Farzandi Agrokollej talabasi, o‘zi Moskvada qochqinlikda yashayotgan 35 yashar Shahzodaxonning aytishicha, Rjev shahar prokuraturasi o‘quv yurti rahbariyati noroziligiga qaramay, kollej yotoqxonalarini yopib qo‘ygan.

- Mana besh kundan beri yotoqxonasini pechatlab chiqib ketgan. Sport zallarda yotishib yuribdi.

Ozodlik: Kim pechatlab chiqib ketgan? Nimaga?

- Prokuraturadan “10 kunga yopiladi yotoqxona. Xohlagan yeringga olib borasan. Lekin biz pechatlaymiz” deb pechatlangan. Hozir hech qanaqa issiq ovqatsiz, hech nimasi yo‘q sport zallarda, aktiviy zallarda bechoralar tagiga bittagina matrasni solishib yotishibdi suxoy poyokda, dedi o‘shlik Shahzodaxon.

Kollej talabalaridan biri 17 yashar Doston bilan ham gaplashdik. Uning aytishicha, ota-onasi Rjevga yaqinroq joylarda yashayotgan talabalar ota-onalarining oldiga borib olgan. Ko‘pchilik kollejning sport zalida yashamoqda.

- yotoqxonamiz yopildi bizning. Bir haftaga deyildi. Biz bilmaymiz nimagaligini. Besh kunga qarindoshlaringnikiga ketsang ketish, endi besh kunga yotoqxonadan chiqib ketish dedida.

Ozodlik: O‘shdan kelganlar hammasi bo‘lib nechta?

- 300tacha.

Ozodlik: Qayerda yotibdi shu 300tacha bola?

- 10ta odam Moskvaga ketdi. Qolgan hammasi qoldi shu yerda. Sport zali bor. O‘sha yoqqa to‘shaklarni olib chiqib nima qilamiz dedi. Sovuqligi uchun qarindoshimiz borligiga kelib oldik, deydi o‘shlik talaba Doston.

Rjev Agrokolleji direktori Sergey Jegunovning 11 may kuni Ozodlikka ma‘lum qilishicha, talabalar 10 may kuni yotoqxonalarga qaytarildi.

- 9 maydan 10 mayga o‘tar tunda - yarim kechasi o‘quv korpusidan yotoqxonaga ko‘chishni boshladik, deb xabar qildi kollej direktori.

Bir qarashda, muammo hal bo‘lganday: bolalar yotoqxonalarga qaytdi.

Lekin o‘quv yurti direktori Jegunovning fikricha, bolalarning 5 kunlik sargardonligi bir necha oydan beri davom etayotgan muammolarning bir ko‘rinishi xolos.

Ozodlik bu haqda o‘z vaqtida yozgan ham edi.

Qirg‘izistonlik 272 o‘zbek bola Agrokollejga o‘qishga qabul qilingan kunlardan boshlaboq o‘quv yurti rahbariyatining komissiya kuzatishdan, tekshiruvchi kuzatishdan, taftishchi kuzatishdan boshi chiqmayapti.

Masaladan xabardor kishilarning aytishicha, tekshir-tekshirlar shaxsan Rjev shahri merining buyrug‘i bilan o‘tkazilayapti.

Bu haqda direktor Jegunovning o‘zi 2010 ning dekabrida mana bunday degan edi.

- Men ochiqchasiga aytishim mumkin - shaharning yangi meri gastarbayterlardan, tadbirkorlardan pul yig‘ishga o‘rganib qolgan. Gubernator Zelenin uni hatto ishdan olib tashlamoqchi edi. Barcha muammolar pulga borib taqalmoqda. Ya‘ni, boshqa mamlakat fuqarolari shaharga kelibdi - qanday qilib ular porasiz kollejga joylashib oldi?! Pulini to‘lasin, degan fikrda yuribdi, degan edi Sergey Jegunov.

Sergey Jegunov bu gaplarini 11 may kungi suhbatda yana takrorladi.

O‘zbek talabalarini esa, direktor og‘zidan bol tomib maqtadi.

- Sambo bo‘yicha o‘tkazilgan shaharlararo musobaqalarda 9 ta medaldan 8 tasini o‘zbek bolalar oldi. Ular aynan bizning kollej talabalari ekanligidan faxrlanaman, dedi Jegunov.

Qirg‘izistonlik 272 o‘zbek bola Rjev Agrokollejiga O‘sh voqealaridan keyin o‘qishga kirgan edi. Ularning Rossiya o‘quv yurtiga qabul qilinishiga MDH ga a‘zo mamlakatlar o‘rtasida imzolangan tegishli shartnomalar huquqiy asos bo‘lgan.

Agar kosmonavt Solijon Sharipov jon kuydirmasa, o‘sha shartnomalar ishga tushmas, 272 o‘smir o‘qishga kirmay qolib ketavyerar edi.

Biz vatandoshlarini o‘qishga joylagan kosmonavt bilan ham bog‘landik.

Ozodlik: Sizning tashabbusingiz bilan bo‘ldida bu ish. Agar siz bo‘lmasangiz, shu 250ta bola o‘sha yerga borib o‘qimagan bo‘lardi. Siz tez-tez xabar olib turibsizmi ulardan?

- Konechno. Har hafta direktor bilan gaplashib turamiz. Qanaqa problemalar bo‘lsa, o‘sha problemalarni yechishga harakat qilayapmiz. Bilasizku men nachalnik bo‘lganimda, boshqacha bo‘lardi, men hozir iltimos qilishim mumkin faqat. Shuning uchun iltimos bilan, yaxshi gap bilan yechish kerak bu narsani, deydi Solijon Sharipov.

Ha, kosmonavt Solijon Sharipov o‘zbekona odob bilan yondoshayapti masalaga.

Boz ustiga “tekshiruvchilarning talablarida ham jon yo‘q emas, chindan ham yotoqxona xavfsizligini kuchaytirish uchun choralar ko‘rish kerak”, degan fikrda.

- Kamchilik bor ozgina. O‘shani yechish kerak. Unga pul yetishmayapti. Biz yurtdoshlardan so‘rayapmiz “yordam beringlar. Hech bo‘lmasa o‘zimiz qilaylik” deb. Hozircha hech kim yordam bermayapti bizga. Oyligimni berolmaymanku. Men biznesmen bo‘lmasam. Unga ko‘p pul kerak emas. Prosto bizning yurtdoshlar yordam berishi kerak, deydi Solijon Sharipov.

Kosmonavt yurtdoshining bu gapiga qirg‘izistonliklar, qolavyersa o‘zbekistonliklar e‘tibor berib qo‘yar?!

Rjev Agrokolleji masalasida Moskvadagi inson huquqlari “Memorial” markazi vakili Bahrom Hamroyevga ham murojaat qildik.

Uning masaladan xabari bor ekan, yaqin kunlar ichida Rjevga borib, masalani joyida o‘rganishga va‘da berdi.

Hozircha esa, 272 qirg‘izistonlik o‘zbek bola o‘qiyotgan Rjev Agrokollejida tekshir-tekshir davom etayapti. Kollej direktori Sergey Jegunovning aytishicha, maqolamiz tayyorlanayotgan kun – 11 mayda uni yana prokuraturaga chaqirtirishgan.

- Men o‘zim bormadim. O‘rinbosarim bilan yotoqxona komendantini yubordim. Tez orada pul mablag‘larini qanday sarflayotganlaringizni tekshirish uchun boramiz deyishibdi. Ya‘ni, shu kungacha qanday ezgan bo‘lsalar, shunday ezayaptilar, dedi Sergey Mixaylovich.

Bugun o‘rganganimiz masala bo‘yicha boshqa mutasaddi tashkilotlar, xususan Rjev shahri meriyasi bilan bog‘lanishga vaqtimiz yetmadi. Demak, masalaga yana qaytamiz.
XS
SM
MD
LG