Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:27

Rog‘un o‘rniga AESmi?


O‘zbekistonlik ekspertlar Markaziy Osiyoda ko‘plab gidroelektr stansiyalari qurish o‘rniga bitta atom elektr stansiyasi qurishni taklif qilmoqdalar.
O‘zbekistonlik ekspertlar Markaziy Osiyoda ko‘plab gidroelektr stansiyalari qurish o‘rniga bitta atom elektr stansiyasi qurishni taklif qilmoqdalar.
O‘zbekistonlik ekspertlar mamlakatda AES qurilishi mintaqadagi energetik muammolarni hal qilish uchun asos omil bo‘lishi mumkinligidan bahs etmoqdalar.

Bu haqda o‘zbekistonlik ekspertlar Aleksey Strokov va Vladimir Paramonovlarning Qirg‘izistondagi Strategik tahlil va taxminlar instituti tomonidan chop etilgan “Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi energetik siyosati istiqbollari baholash uchun: asosiy ssenariylar va tavsiyalar” tadqiqotida aytiladi.

Mualliflarga ko‘ra, Markaziy Osiyoda uran xom ashyosi zahirasining ulkanligini va Yevropa Ittifoqining rivojlangan atom energetikasiga egaligini hisobga olgan holda, Yevropa va Markaziy Osiyoning atom sohasidagi hamkorligi strategik yo‘nalish bo‘lishi mumkin edi.

“Shuningdek, xalqaro konsorsium doirasida Markaziy Osiyo hududida Yevropa va Rossiya shirkatlari kuchi bilan barpo etilib, Qozog‘iston va O‘zbekiston uranida ishlashi mumkin bo‘lgan qudratli atom elektr stansiyasi qurilishi g‘oyasi e‘tiborga va o‘rganilishga loyiqdir. Bu kabi ko‘ptomonlama davlatlararo loyihani tashkil etish uchun institutsional va yuridik asos bor, Qozog‘iston va O‘zbekistondagi uran rudasi zahirasi esa keragidan ortiq darajada topiladi”, deya ta‘kidlaydilar tadqiqot mualliflari.

O‘zbekistonlik ekspertlar fikricha, mazkur loyihaning amalga oshirilishi Markaziy Osiyoning o‘zidagi, shuningdek, Rossiya va Sharqiy Yevropaning ayrim hududlaridagi elektr energiyasi taqchilligini qoplashi mumkin edi.

Shu bilan birga, tadqiqotchilarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi “yadroviy yonilg‘isi” ulkan zahiralarini mintaqaning energetik balansiga jalb etilishi bu hudud uchun og‘riqli bo‘lgan “suv-energetika” masalasini hal qilishga ham yordam bergan bo‘lardi.

“Agar AES Qirg‘iziston va Tojikistonda qish mavsumidagi elektr energiya taqchilligini qoplasa, bu mamlakatlar uchun qo‘shimcha gidroelektr stansiyalar qurish hamda O‘zbekistondan katta miqdorda gaz import qilish zarurati yo‘qolardi. “Suv-energetika” masalasining Yevropa kapitalining faol aralashuvi bilan hal qilinishi, o‘z navbatida, Yepropaning Markaziy Osiyo mintaqasidagi iqtisodiy va siyosiy pozitsiyasi tubdan o‘zgarishini anglatadi”, deyiladi o‘zbek ekspertlari tadqiqotida.

Tadqiqot mualliflari fikricha, bu loyihaning amalga oshirilishi Bryusselning “demokratlashtirish” va “inson huquqlari” haqidagi mubham tavsiyalaridan ko‘ra mintaqada Yevropa manfaatlarini chinakamiga olg‘a siljitgan bo‘lardi.

O‘zbek ekspertlarining bu taklifiga ularning mintaqadagi hamkasblari ham, Markaziy Osiyo rasmiylari ham hali munosabat bildirganlaricha yo‘q.

Ayni paytda bu taklif suv boshida turuvchi Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari tomonidan manfiy qabul qilinishi mumkin. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Qambarota va Rog‘un GESlari qurilishi qariyb milliy g‘oyaga aylangan bu mamlakatlar katta mablag‘ sarflangan bu loyihalardan endilikda voz kechishlari qiyin. Asnoda Yaponiyaning “Fukusima-1” AESida sodir bo‘lgan halokat ham bu o‘rinda rasmiy Bishkek va Dushanbe uchun kuzir qarta vazifasini o‘ynashi mumkin.
XS
SM
MD
LG