Линклар

Rossiya armiyasida pravoslav ruhoniylari bilan birga musulmon mullalari lavozimi joriy qilinadi. Ufadagi Rossiya Islom univyersiteti harbiy qismlarda mulla lavozimiga mutahassislarni tayyorlashga kirishdi, deya ma‘lum qildi Rossiya Bosh muftiysi Talgat Tojuddin.

Rossiya armiyasida "polk mullasi" lavozimi joriy qilinishi haqida "Exo Moskvi" radiosiga bergan intervyusida ma‘lum qilgan Rossiya Bosh muftiysi Talgat Tojuddinga ko‘ra, Ufada joylashgan Rossiya Islom univyersitetida harbiy qismlar uchun islom ruhoniylari maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi.

- Biz birinchi navbatda iste‘fodagi ofitserlar, harbiylar Rossiya Islom univyersitetida maxsus tayyorgarlikdan o‘tishi, umuman bu ishga Qurolli kuchlar hayotini yaxshi biladigan ko‘ngillilarni jalb qilishni rejalashtirmoqdamiz. Bir vaqtlar chor Rossiyasi davrida polk imomlari juda ko‘p bo‘lgan va ular diniy boshqarma tomonidan boshqarilgan va tayinlangan,- dedi Rossiya Bosh muftiysi.

Talgat Tojiddin so‘zlariga ko‘ra, harbiy qismlarda hozircha o‘nga yaqin harbiy mulla lavozimi joriy etilishi rejalashtirilgan.

Rossiya armiyasida jinoyatchilik va boshqa muammolarga qarshi kurashishga turli din vakillari jalb qilinayotgani aytilmoqda.

Shu maqsadda 2009 yilda Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlar tarkibida dindor harbiy xizmatchilar bilan ishlash Bosh boshqarmasi tuzildi. Boshqarma rahbari Boris Lukichev harbiy qismlarda ruhoniy lavozimining joriy qilinishi faqat ijobiy natija berishini ta‘kidlaydi.

- Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida harbiy ruhoniylar lavozimining kiritilishi Rossiya Prezidenti Dmitriy Medvyedevning 2009 yilning iyulida Rus cherkovi patriarxi Kirill va boshqa diniy konfessiya rahbarlarining murojaatiga javob sifatida qabul qilinishi lozim. Bu qaror armiyamizda bo‘layotgan yangi siyosatga mos keladi. Bungacha harbiy qismlardagi barcha ruhoniylar ko‘ngilli ravishda faqatgina psixologik ko‘mak berib kelgan va albatta ijtimoiy himoyalanmagan edi,- deydi Dindon harbiy xizmatchilar bilan ishlash Bosh boshqarmasi boshlig‘i.

Boris Lukichev ruhoniylarning harbiy askarlar orasida olib boradigan tashviqot ishlari millatlararo va dinlararo tushunmovchiliklarni yengishda ko‘maklashadi, degan fikrda.

Ammo Rossiya Askarlar Onalari Qo‘mitalari Ittifoqi raisasi Valentina Melnikova din peshvolarining bunday tashabbusini tushunsa-da, harbiy mullalar institutining joriy qilinishiga mutlaqo qarshi ekanini aytadi.

- Biz 1989 yildayoq harbiy qism ichkarisida har qanday ruhoniy lavozimlar joriy qilinishiga qarshi chiqqanmiz, chunki bu Rossiya imperiyasi tarixidan ma‘lum. Ularga armiyada siyosiy qism ofitserlari - zampolitlar vazifasini bajarish yuklatiladi. Tushunib turibmanki, Rossiya armiyasida pravoslav ruhoniylari lavozimining borligi musulmon askarlarini kamsitayotgandek tuyulishi tabiiy. Zarurat tug‘ilsa, soldatlar harbiy qism yaqinidagi cherkovga qatnashi mumkin, musulmonlar esa mahalliy masjidga borib kelishi mumkin. Qolavyersa, Konstitutsiyaga binoan Rossiyada cherkov davlatdan ajratilgan, bu haqiqatni hech kim bekor qilganicha yo‘q,- deydi Rossiya Askarlar Onalari Qo‘mitalari Ittifoqi raisasi Valentina Melnikova.

Rossiya mudofaa vazirligi matbuot vakili Vladimir Anikindan olingan ma‘lumotga ko‘ra, bugungi kunda Rossiya Qurolli kuchlarida pravoslav, islom va buddaviylik dinlari vakillariga 240 harbiy va 9 noharbiy lavozimlar ajratilgan.

Biroq, harbiy mullalarni tayyorlashga mutahassislashgani aytilayotgan Ufadagi Rossiya Islom univyersitetning teologiya-pedagogika fakulteti dekani muovini Timur Salihov Ozodlik bilan suhbatda oligohda maxsus harbiy mullalarni tayyorlaydigan alohida bo‘lim yo‘qligini ma‘lum qildi.

- Polk mullasi yoki polk imomi va oddiy mulla o‘rtasida hech qanday farq yo‘q, ular umumiy dastur asosida tayyorgarlik o‘taydi. Bizda mutahassislikka ega bo‘layotgan bitiruvchilar ham oddiy masjidda, ham harbiy qismlarda faoliyat yuritishi mumkin. Shuning uchun, "harbiy qismlar uchun mullalar tayyorlanayapti", degan iddaolar rahbarlarimiz tomonidan qilingan balandparvoz bayonotlar asosida paydo bo‘lgan bo‘lishi mumkin, xolos,- deydi Ufadagi Rossiya Islom univyersitetining teologiya-pedagogika fakulteti dekani muovini Timur Salihov.

Ma‘lum bo‘lishicha, Rossiya harbiy qismlarida ko‘ngilli ravishda jami mingga yaqin pravoslav ruhoniylari xizmat qilib kelmoqda.
XS
SM
MD
LG