Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:17

Rossiyadagi o‘zbek qochqini yana hibsga olindi


Rossiya politsiyasi O‘zbekistonda diniy e‘tiqodi uchun ta‘qibga uchragan Azamat Ermakovni ikkinchi bor hibsga oldi.

2011 yilning 1 iyulida Rossiyaning Nijniy Novgorod shahrida o‘zbekistonlik qochqin Azamatjon Ermakov yana bir marotaba qo‘lga olindi.

U joriy yilning 13 mayida O‘zbekiston rasmiy doiralarining ekstraditsiya so‘rovi bilan ushlangan va 18 oylik qamoq muddatini o‘tagach¸ xalqaro bosim ostida mahalliy tergov izolyatoridan chiqarib yuborilgan edi.

Asli andijonlik Azamatjon Ermakovning o‘z advokati Yuriy Sidorovga aytishicha¸ Nijniy Novgorodning Kanavin tumani 2-politsiya bo‘limida avvaliga qo‘liga granata tashlab qo‘yishgan, keyin esa portlovchi moddani noqonuniy saqlaganlikda ayblanib hibsga olingani haqida bildirishnoma tutqazishgan.

Ermakovning so‘zlariga ko‘ra, u shahardan bir necha kilometr naridagi posyolkada qurilishda ishlagan va ishga ketayotib fuqarolik kiyimidagi politsiya xodimlari tomonidan hibsga olingan.

Advokatning ta‘kidlashicha¸ Azamatjonni politsiya bo‘limiga olib kirib, orqaga kishanlangan qo‘liga nimadir tutqazishgan. Keyinchalik ekspertiza bu buyumning jangovar granata ekanligini tasdiqlagan.

Politsiya xodimlari Ermakovning pasporti va uyali telefonini musodara qilgan¸ himoyachi bilan bog‘lanishga imkon bermasdan jinoyat sodir etganlikda gumonlanayotganligi to‘g‘risida bildirishnoma berishgan.

Bir yarim yildan buyon Azamatjon Ermakov himoyasi bilan shug‘ullanayotgan Yuriy Sidorovning ovozini yozib olmaslik sharti bilan Ozodlikka bildirishicha, Kanavin tumani 2-politsiya bo‘limi tergov bo‘limi boshlig‘i Natalya Doronina o‘ziga kechki soat 9 da telefon qilgan va hibsga olingan Ermakov bilan faqat dushanba kuni uchrashish mumkinligini aytgan.

”Dushanba kungacha esa Ermakov “pasportsizlikda”ayblanib vaqtinchalik hibsda saqlanishini ma‘lum qilishdi. Vaholanki militsiya bo‘limida undan pasporti va qo‘l telefoni musodara qilingan”,- deydi Ermakovning advokati Yuriy Sidorov.

Hibsga olingan O‘zbekiston fuqarosi Azamatjon Ermakovning keyingi taqdiriga oid tafsilotlarni o‘rganish maqsadida Ozodlik muxbiri Kanavin tumani 2-politsiya bo‘limi tergov bo‘limi boshlig‘i Natalya Doroninaga murojaat qildi.

- Bu odamga nisbatan hibsda saqlab turish chorasi qo‘llanilmoqda. Prezident bo‘lsangiz ham boshqa ma‘lumot bermayman. Bas!- deya javob berdi Ozodlik savoliga negadir jahl bilan tergovchi Natalya Doronina.

Voqealar rivojini o‘rganish jarayonida advokat Sidorov Azamatjon Ermakovning hozirda viloyat maxsus izolyatoriga olib ketilgani va 4 iyul kuni mahalliy sud unga hibsda saqlash chorasini qo‘llaganini bildirdi.

Azamat Ermakov ishini kuzatib borayotgan Moskvadagi “Boshpana huquqi” loyihasi rahbari Yelena Ryabinina maxfiy xizmatlar Rossiyadagi qochqinlarga qarshi yangi kurash usulini ishlab chiqdi, degan fikrda.

- Nima uchun bu yangi “usul” yordamida aynan unga granatani solib qo‘yishdi? Maqsadlari¸ avvaliga jiddiy qo‘rqitib, xohlagan hujjatga imzo chekdirish. Menimcha, bu rus tilini umuman bilmaydigan Ermakovning O‘zbekistonga ekstraditsiya qilinishiga roziligi yoki Strasburg qaroridan voz kechishi haqidagi hujjat bo‘lishi mumkin. Axir Azamat O‘zbekiston idoralari so‘rovi bilan Nijniy Novgorod tergov izolyatorida 18 oy o‘tirib¸ 13 may kuni ozod etilgan. Uning ozod qilinishi Strasburg sudining bosimi ostida amalga oshdi, deydi huquq faoli.

Ryabininaning Ozodlik muxbiriga bildirishicha, O‘zbekistonda Azamatjon Ermakovga keng urf bo‘lgan jinoyatlar, ya‘ni 159 (Konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish), 242 (Jinoiy guruh tashkil etish), 244/1 (Jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish), 244/2 (Diniy ekstremistik, ayirmachilik, fundamentalistlik va boshqa ta‘qiqlangan tashkilotlarni tashkil etish, rahbarlik qilish hamda a‘zo bo‘lish) kabi moddalar asosida ayblov e‘lon qilingan.

2010 yilning 22 sentabrida Rossiya Bosh prokuraturasi Nijniy Novgorod sudining qochqinlik maqomini olish arafasida turgan Ermakovni O‘zbekistonga ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qarorini ma‘qullagan. Ammo o‘sha kuni Yevropa sudi Ermakovning ekstraditsiyasini to‘xtatish to‘g‘risida o‘z yo‘riqnomasini e‘lon qilgan, deydi Yelena Ryabinina.

- Ermakov shu holatdagi so‘nggi “mogikanlardan” biri, chunki Oliy Sud bu kabi qolgan ishlar yuzasidan qo‘yi sud instansiyalarining ekstraditsiya qilish to‘g‘risidagi qarorlarini bekor qilmoqda. Hatto quyi sudlar ham O‘zbekistonning bu kabi so‘rovlariga rad javobini berayotganiga guvoh bo‘layapmiz, deydi Moskvadagi “Boshpana huquqi” loyihasi rahbari Yelena Ryabinina.

Yelena Ryabinina bugunga kelib Rossiyada o‘zbekistonlik qochqinlar ishlari yuzasidan ekstraditsiya to‘xtatilayotgan bo‘lishiga qaramasdan, Rossiya kuchishlatar doiralari izchillik bilan ularni yana qamoqqa joylashtirishga urinayotganini aytadi.

30 iyun kuni Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudining yana bir o‘zbek qochqini - Abdug‘ani Kamaliyevni O‘zbekistonga qonunga xilof ravishda ekstraditsiya qilgani uchun Rossiyaga 11 ming yevro miqdorida jarima solgani ma‘lum bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, Abdug‘ani Kamaliyev 2007 yilning dekabrida Tyumendan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan va 2008 yilning 26 fevralida Namanganda 11 yillik qamoq jazosiga mahkum etilgan.
XS
SM
MD
LG