Линклар

Sochidagi Olimpiada ob‘ektlari qo‘rilishida ona tilida so‘zlashgan mehnat muhojirlariga 100 rubl jarima solinmoqda. Ayni paytda "Olimpiya qurilishi" davlat shirkati mutassadilari bunday ko‘rsatma borligini inkor etmoqda.

Na ploщadke razgovarivat tolko na russkom yazыke – ShTRAF 100 rub
“Qurilish maydonchasida faqat rus tilida gaplashilsin – JARIMA 100 rubl”. Sochi shahridagi Internet forumlaridan birida paydo bo‘lgan bu fotosuratda aks etgan yozuvlar qizg‘in bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Krasnaya Polyana qurilish vagonchasi devoriga skotch bilan yopishtirilgan varaqada rus tilidagi ogohlantiruvning yana bir nechta turkiy tillaridagi tarjimasi ham berilgan.

Rossiyada ishlashga ruxsatnoma oluvchi migrantlar rus tilidan imtihon topshirishlari zarurligi to‘g‘risidagi Migratsiya xizmati mutassadilari bildirgan fikr-mulohazalar va takliflarni ayrim uddaburon ish beruvchilar shu tariqa hayotga tadbiq qilishga kirishgan ko‘rinadi.

E‘lonni kim yopishtirdiykin?

Sochidagi 2014 yilgi Olimpiya o‘yinlari ob‘ektlari qurilishini “Olimpstroy” Davlat Korporatsiyasi rasmiysi Sima Ayvazyan Ozodlik bilan suhbatda qurilishda faqat rus tilida so‘zlashish haqidagi buyruq shirkat rahbariyati tomonidan berilmaganini ta‘kidladi.

- “Olimpstroy” barcha Olimpiada qurilishlarini nazorat qiladi.
“Olimpstroy” o‘zining xususiy ishchilariga ega emas. Biz biror ob‘ektda bunday e‘lonni osishga haqqimiz yo‘q. Bunaqa bo‘lishi mumkin emas. Olimpiya shaharchasi qurilishiga 300 ga yaqin pudratchi tashkilot jalb qilingan. Bunday axmaqona e‘lon biror pudratchi shirkat tomonidan o‘z maydonchasida osib qo‘yilgan bo‘lishi mumkin, lekin bizning bunga mutlaqo aloqamiz yo‘qligiga ishoning,- deya ishontirishga urindi “Olimpstroy” korporatsiyasi axborot markazi boshlig‘i Sima Ayvazyan.

“Olimpstroy” rahbariyati bu kabi holatlar yuzasidan surishtiruv o‘tkazib, tegishli choralar ko‘radi, deya qo‘shimcha qildi u.

Tarjima qiyinchiliklari

Ammo Life News axborot portaliga ko‘ra, o‘z ismini oshkor qilishni istamagan “Olimpstroy” boshqarmasi xodimlaridan biri mazkur holatni bunday tushuntirgan: “Qurilishda til masalasi xavfsizlik masalasi bilan bevosita bog‘liq. Tasavvur qiling, kran haydovchisi o‘zbek tilida “Qoch!” desa. Tojik millatiga mansub ishchi esa o‘zbekchani bilmaydi.”

Krasnaya Polyana, ya‘ni Olimpiada inshootlari qurilayotgan maydon ishchilari esa bu chora ortida qurilish rahbariyati ishchilarning o‘z tilida u yoki bu masalada kelishib olishining oldini olish harakat qilmoqda, deya izohlagan.

Shuningdek, xavfsizlik xizmati xodimlari faqat rus tilida so‘zlashayotgan xorijliklar qurilish ob‘ektlarida biron-bir qo‘poruvchilik harakatini amalga oshirish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi, degan fikrni bildirgan.

Krasnodar o‘lkasidagi “Umid” O‘zbekistonlik hamyurtlar mintaqaviy jamiyati raisi va kundalik tarzda Sochidagi o‘zbekistonlik mardikorlar bilan muloqotda bo‘ladigan Tojiddin Nurmatov Ozodlik iltimosiga ko‘ra ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilgan bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida Olimpiya inshootlarini qurayotgan mehnat muhojirlari bilan bog‘landi.

- Men hozir Sochida Krasnaya Polyanada ishlayotgan surxondaryolik Abdusalom degan tanishim bilan gaplashdim.U O‘zbekistondan, Tojikistondan kelganlar bilan ham uchrashibdi. Qurilish ostanovkasida turib so‘radi “Ishlagan joylaringda faqat rus tilida gaplashish haqida e‘lon ko‘rmadilaringmi?”, dedi. “Yo‘q, hech unaqa gap yo‘q. Bemalol gaplashamiz. Turk kishidan ham so‘rashibdi. U ham bemalol rus, o‘zbek, turk tilida gaplashaman, debdi. Ta‘qiq yo‘q. Tojiklar ham xuddi shunday javob berishdi.” Balkim, bo‘lishi mumkin ayrim joylarda provokatsiya bo‘lgan bo‘lishi mumkin”, deyishdi, - deydi Krasnodardagi o‘zbekistonliklar jamiyati raisi Tojiddin Nurmatov.

Qurilish mutassadilari va mardikorlar fotoga tushirilgan faktni inkor etayotganiga qaramasdan, ayrim "prorab"larning bunday "tashabbusi" boshqa tashkilot rahbarlari tomonidan taqlid qilishga sabab bo‘lishi va Rossiyadagi millatlararo munosabatlarni yanada murakkablashishiga olib kelishi mumkin.

Ayni paytda, internet forumlarda rus tilida so‘zlashmaganlik uchun jarima haqidagi e‘longa oid qizg‘in muhokamalar davom etmoqda. Forumchilarni ko‘proq e‘lonning mazmuni emas, balki jarima qay tarzda va kim tomonidan olinishi qiziqtirmoqda.

Ayrim forumchilar migrantlarga bir-birlarini tarjimonsiz tushunish osonlashishi uchun barchaga tushunarli qurilish slengi, ya‘ni rus tilida so‘kinishga o‘tishni ham tavsiya qilmoqda.

Krasnodar o‘lkasi Federal migratsiya xizmatidan olingan ma‘lumotga ko‘ra, Sochidagi Olimpiada o‘yinlari qo‘rilishi ob‘ektlariga jami 50 mingdan ziyod odam jalb qilingan. Ulardan 4 mingi yoki 8 foizi – xorij fuqarolaridir.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG