Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 04:55

Mirziyoev Qashqadaryoda za’faron ekishni buyurdi, fermerlar uning nimaligini bilmayapti


Afg‘oniston hukumati za’faron yetishtirishni ko‘knori o‘rnini bosishi mumkin serdaromad soha sifatida keng rag‘batlantirmoqda. Hirotdagi za’faron dalasi.
Afg‘oniston hukumati za’faron yetishtirishni ko‘knori o‘rnini bosishi mumkin serdaromad soha sifatida keng rag‘batlantirmoqda. Hirotdagi za’faron dalasi.

Shanba kuni Qashqadaryo viloyatiga qilgan safari davomida o‘tkazgan yig‘inlardan birida prezident Shavkat Mirziyoev dehqon va fermerlarga yana bir yangi topshiriq berdi. Viloyat hokimligining Ozodlik bog‘langan rasmiysi¸ prezidentning bu topshirig‘i bo‘yicha shug‘ullanuvchi shaxslar tayinlangani va ular mahalliy universitetning botanika fakulteti va qishloq xo‘jalik ilmiy tadqiqotlari instituti xodimlari bilan ilk maslahatlar boshlaganini bildirdi.

“Prezident za’faron ekib¸ uni eksport qilinglar va mamlakatga valyuta olib kelinglar”¸ degan gapni jiddiy qo‘ydi. Hozir viloyat hokimligi¸ asosan¸ tog‘li hududlardagi tumanlar bilan za’faron plantatsiyalari tashkil etish masalasida zudlikda ish boshladi. Bir hafta -10 kun ichida¸ kimning qaerda qancha ekishini rejasi ishlab chiqiladi”¸ dedi prezident Mirziyoev o‘tkazgan yig‘ilishda qatnashgan qashqadaryolik agronomlardan biri Ozodlik bilan suhbatda.

Qashqadaryolik fermerlar za’faronni ko‘rmagan

Prezident Mirziyoevning Qashqadaryodagi tog‘ va tog‘oldi hududlarida za’faronchilikni yo‘lga qo‘yish topshirig‘i munosabati bilan Ozodlik Shahrisabz va Kasbi tumanlaridagi ayrim fermerlar bilan bog‘landi.

Za’faron degan so‘zni eshitgan bo‘lsa-da¸ uning nimaligini bilmasligini aytgan bu suhbatdoshlar¸ na o‘zlari va na ota-bobolari bunday o‘simlikni ekib ko‘rmaganini e’tirof etdilar.

Afg‘on dalalaridan olingan bu suratdan za’faron mehnatining paxtanikidan ham og‘irroqligi ko‘riladi.
Afg‘on dalalaridan olingan bu suratdan za’faron mehnatining paxtanikidan ham og‘irroqligi ko‘riladi.

“Qanaqa o‘simlik u¸ qanday ekilib¸ qanday yetishtiriladi¸ bilmayman. Agar foydali bo‘lsa¸ ekamiz¸ nega ekmaymiz. Hozir zaytun ekib ko‘rishni boshladik. Hozircha hosili juda kam¸ lekin yil o‘tsa¸ ko‘payar¸ deb turibmiz. Biz yangi narsalarni sinab ko‘rishdan qo‘rqmaymiz. Prezidentimiz za’faron ekinglar deyotgan bo‘lsa¸ bir narsani bilsa kerak”¸ dedi shahrisabzlik yirik fermerlardan biri.

Kasbilik fermer esa¸ prezident topshirig‘idan keyin za’faronga qiziqib qolgani¸ vaqt topib¸ Internetdan bu o‘simlik haqida o‘qib-o‘rganish niyati borligini bildirdi.

Za’faron nima va u O‘zbekiston sharoitida o‘sadimi?

Za’faron – sapsardoshlar oilasiga mansub ko‘p yillik o‘simlik va uning ayrim yovvoyi turlari O‘zbekiston adir va tog‘larida tabiiy holda o‘sadi.

Za’faronning gul ustunchasi pazandachilik va farmatsevtikada ishlatiladi. "Qizil oltin" deb nom chiqargan za’faron ming yillardan beri eng qimmat o‘simlik bo‘lib qolmoqda – uning bir grammi bahosi turiga qarab¸ 10 dollardan 65 dollargacha boradi.

Za’faron dunyo bo‘ylab 300 (uch yuz) tonnagina yetishtiriladi

Za’faronni ekib¸ uni sotishga hozirlagungacha bo‘ladigan barcha mehnat¸ faqat qo‘l mehnatidir.Afg‘on aëllari za’faron gullarini saralamoqda.
Za’faronni ekib¸ uni sotishga hozirlagungacha bo‘ladigan barcha mehnat¸ faqat qo‘l mehnatidir.Afg‘on aëllari za’faron gullarini saralamoqda.

CNN va The Guardian kabi G‘arb axborot vositalariga ko‘ra¸ jahon bozoridagi bir yillik za’faron miqdori¸ 300 tonna atrofida chamalanadi va uning qariyb 90 foizi Eronning g‘arbiy Xuroson mintaqasida etishtiriladi. Bir gektarlik za’faron plantatsiyasidan ko‘pi bilan bir kilogramm quruq za’faron olish mumkin va bir kilo hosil uchun kamida

150 ming dona binafsharang gulni uch hafta ichida erta tongda qo‘l bilan terish kerak bo‘ladi.

Ehtiyotkorlik bilan quritiladigan bu gullar¸ so‘ngra to‘q qizil rangga kiradi va shu shaklda iste’molchi¸ asosan¸ qimmatbaho G‘arb restoranlariga sotiladi. Za’faron yetishtirish maxsus iqlim barobarida juda mashaqqatli va mehnattalab bo‘lgani bois¸ uni ekish va yetishtirish¸ bahosining qimmatligiga qaramay¸ jahonda ommalashmagan.

Za’faronning za’farondan farqi bor

Ozodlik bilan suhbatda O‘zbekistondagi qishloq xo‘jaligi tadqiqotlariga ixtisoslashgan o‘quv markazlaridan biri mutaxassisi¸ O‘zbekiston tog‘li hududlarida tabiiy holda o‘sadigan yovvoyi za’faron bilan jahon bozorida oltindan qimmatga sotiladigan za’faron turi o‘rtasida katta farq borligini aytadi.

Quritilganidan keyin to‘q qizil rangga kiradigan za’faron gullarining vazni nihoyatda engildir.Eronlik aël za’faron vaznini o‘lchamoqda.
Quritilganidan keyin to‘q qizil rangga kiradigan za’faron gullarining vazni nihoyatda engildir.Eronlik aël za’faron vaznini o‘lchamoqda.

"Prezident Eronda yetishtiriladigan za’faronni nazarda tutayapti¸ chamasi. Uni ekish tajribasi o‘tgan asr boshlarida ham bo‘lgan¸ boylarimiz Erondan olib kelib¸ ekib ko‘rishgan. Ammo o‘zini oqlamagani uchun boshqa ekilmagan. Paxta bundan foydaliroq¸ deb¸ paxtaga o‘tib ketishgan"¸ deydi bu mutaxassis.

Bu olim¸ katta hududlarda za’faron ekishni boshlashdan oldin¸ eksperimental markazlarda ekib¸ qancha yerdan qancha hosil olish mumkin¸ unga qancha mehnat¸ qancha resurs ketishini hisoblab chiqish lozimligini aytadi.

“Prezident aytdi deb¸ endi ura-ura boshlanadi. Fermerlarni za’faron ekishga majburlashadi. Lekin bu narsa iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydimi-yo‘qmi¸ buni hech kim bilmaydi. Za’faronni qishloq xo‘jaligiga olib kirish uchun¸ birinchidan¸ davlat buyurtmachi bo‘lishi kerak. Ikkinchidan¸ uning bozori aniq bo‘lishi kerak – kimga¸ qaysi narxda¸ qancha sotamiz¸ degandek. Hozircha za’faron oltindan qimmat ekan¸ ekib-sotamizu¸ valyuta olib kelamiz¸ degan gap bor¸ xolos. Unga ajratiladigan yer¸ ketadigan mehnat va resurslar o‘zini oqlaydimi¸ sotadigan bozorimiz bormi¸ bunga javob yo‘q”¸ deydi Ozodlik suhbatlashgan mutaxassis.

Afg‘on tajribasi

2001 yildan beri Afg‘oniston hukumati urush davrida¸ asosan¸ kontrabanda uchun ko‘knori ekib¸ daromad qilib kelgan dehqonlarni muqobil serdaromad ekin sifatida¸ za’faron yetishtirib¸ eksport qilishga rag‘batlantirib kelmoqda.

Afg‘on bozorlarida sotilaëtgan za’faron urug‘lari.
Afg‘on bozorlarida sotilaëtgan za’faron urug‘lari.

Shu maqsadda G‘arb moliyaviy yordami bilan Kobul hukumati ko‘knori o‘rniga za’faron ekishga o‘tadigan dehqonlarga texnik-moliyaviy ërdam va maxsus treninglar berib kelmoqda. Dunyoning turli mintaqalaridan olib kelingan eng yaxshi za’faron navlarini ekishga kirishgan afg‘on dehqonlari¸ Afg‘oniston qishloq xo‘jalik vazirligi keltirgan ma’lumotga ko‘ra¸ 2016 yilda jami 2811 gektar yerga za’faron ekib¸ 6 tonna hosil olgan va bu 2015 yilgi 1020 gektarga solishtirganda¸ 250 foizga ko‘pdir.

Za’faron bozoriga Eron¸ Kashmir va Marokash za’faroni barobarida afg‘on hosilining ham qo‘shilgani¸ kuzatuvchilar fikricha¸ bu bozordagi raqobatning oshishiga olib kelmay qolmagan.

XS
SM
MD
LG