Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 00:23

Blog: Shaharda festival? Tayyorlan, talaba!


Muallif: Basira

Aprel oxirida Buxoroda ikki kun davomida “Asrlar sadosi” festivali bo‘lar ekan. Obbo, degan so‘z miyamga keldi.

Demak, yana shanbaliklar, yana talabalarning bepul mehnati, yana oylikdan, stipendiyadan pul ushlashlar. Qachon tugar ekan, bu festivallar?

Talabalik davrimda, eng yomon ko‘rganim o‘qituvchilarning keraksiz she‘riy to‘plamlarini talabalariga majburan sotishi edi. Majbur sotib olar edik. Chunki domlaning ko‘ziga yomon ko‘rinishni qaysi talaba ham istaydi. Undan keyin notanish “yulduzcha”larning bema‘ni konsertlari, “siyqasi chiqib ketgan” kinolarning kelishini ham yoqtirmas edim.

Non uvoq ham bo‘lmaydigan stipendiyadan pul ushlasa, talaba qarg‘ashni boshlaydi. Univyersiada, festivallar, turli mustaqillik bayramlarini esa jinim suymas edi.

Jazirama oftobda bayroq xilpillatib turish bema‘nilikning g‘irt o‘zi edi. Bu bekorchilik, pul uydirishlaridan qutulganimga 10 yil bo‘libdi.

Festival, bayramlar yaxshi-yu, ammo bu tadbirlarga majburan pul yig‘ish, yoki bepul ish kuchi deya odamlarni ishlatish yaxshimi?

Buxoroda bu festivallarsiz ham sayyohlar soni hech kamaygani yo‘q. Tarixiy obidasi bo‘lsa, hali hammasi ham Samarqanddagi kabi sun‘iylashib qolmagan bo‘lsa, bu festivalni nima keragi bor?

“Asrlar sadosi” milliy urf-odatlar, milliy oshxona bilan tanishtiradi ekan.
Demak, “homiy” tashkilotlar yana millionlab mablag‘ ajratadi. Fermerlar, tadbirkorlar, xullas hammasi.

E ha, bu festival “Fond forum” tashabbusi. Demak “opa” tashkil etayotgan ekan. Demak menga o‘xshaganlarning fikri yana ichiga tiqilib qolaveradi.

Hamma g‘udranib bo‘lsa-da, yana jazirama issiqda ko‘cha tozalaydi. Ishchi “festivali ham o‘lib ketsin” deya oyligidan pul ajratadi. Talaba esa "qani o'sha - talabalik oltin davrim" deya stipendiyasidan majburiy sadaqa qiladi...

Qanday yaxshi, talaba ham emasman, davlat tashkilotining ishchisi ham emasman.
XS
SM
MD
LG