Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 17:43

“Sharq TV” xodimlari tovlamachilikda ayblanmoqda


Tovlamachilikda ayblanayotgan “SharqTV”ning uch xodimi o‘zlariga qo‘yilgan ayblovlar asossizligini aytmoqdalar.

Namanganlik jurnalist Shoira To‘xtaboyeva qariyb 10 yildan buyon televideniye sohasida ishlab keladi. Ayni paytda u Namangandagi “SharqTV” televideniyesi muxbiridir.

Shoira To‘xtaboyeva va uning ikki hamkasbi Dilrabo Yo‘ldosheva hamda Bahrom Badalshoyevlarga nisbatan o‘tgan oyda jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.
Televideniye xodimlarini Namangan shahar ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 165-moddasi bilan tovlamachilikda ayblamoqda.

- Meni va hamkasblarimni 100 ming so‘m talab qilganlikda ayblamoqdalar, ammo men bu pullarni talab etmaganman, - deydi Shoira To‘xtaboeva.

Namanganlik jurnalistning Ozodlikka bildirishicha, u va uning hamkasblarini mahalliy tadbirkorlardan pul talab qilganlikda ayblamoqdalar. Shoira To‘xtaboyevaga ko‘ra, aslida “SharqTV” xodimlari tijorat ko‘rsatuvi uchun mahalliy tadbirkorlarda pul olganlar, biroq zarur hujjatlarni taqdim qilmaganlar.

- Bizda, “Sharq” televideniyesi yoki viloyat televideniyelarida axborotlar beriladi. Bu axborotlar pullik tarzda tayyorlanmaydi. Lekin bizning “Sharq” televideniyemiz tijorat kanali bo‘lgani uchun, siz shuni hisobga oling-da, bizda tijorat ko‘rsatuvlari bor. Ehtimol, mana shu tijorat ko‘rsatuvini taklif qilgan holatni ular noto‘g‘ri baholashgan bo‘lishi mumkin. “Sharq” televideniyesida efirga ketayotgan “Inforum” axborot-maslahat dasturi bo‘lgan. Unda bir-ikki minutli reklamalar tashkil qilingan. Ana shu dasturga borib, Dilrabo Yo‘ldosheva tomonidan olingan pul. Faqat uning qonun buzganlik tomoni - ishxonaga borib, chek yozmagan. U oldin gaplashgani borgan. Noqonuniy jarayon bu, lekin bizga aynan qo‘yilayotgan ayb bilan emas. Bu poraga kirmaydi, - deya izohlaydi Shoira To‘xtaboyeva.

O‘ziga nisbatan e‘lon qilingan ayblovni kasbiy faoliyati bilan bog‘layotgan Shoira To‘xtaboyeva ayni paytda huquq-tartibot idoralariga nisbatan e‘tirozi yo‘qligini ham qo‘shimcha qiladi.

- Mana bu holatni organ xodimlari tomonidan menga nisbatan tazyiq, deya olmayman. Buni ikki kishi (jurnalistlar ustidan ariza bergan mahalliy tadbirkorlarni nazarda tutmoqda – tahr.) o‘zi tushunmagan holatda, jurnalistik faoliyatimni tushunmagan holda qilayotgan narsa, deb o‘ylayman. Bilasiz, O‘zbekistonda organ sohalari o‘ziga yarasha ishlaydi hamda doim haqiqatni olib chiqib kelishgan. Sud jarayonida oqilona hal bo‘ladi, degan umiddaman, - deydi namanganlik jurnalist.

Mavzuga oydinlik kiritish maqsadida “SharqTV” rahbariyati hamda jurnalistlar ishi bilan shug‘ullanayotgan Namangan shahar ichki ishlar boshqarmasi xodimlari bilan bog‘lanishga urinishlarimiz samara bermadi.

“O‘zbekiston inson huquqlari alyansi” rahbari Yelena Urlayeva so‘nggi paytda o‘zbekistonlik jurnalistlar o‘z huquqlari uchun kurashishiga oid holatlar ko‘payotganini aytarkan, o‘z tashkiloti ana shunday jurnalistlardan biri Shoira To‘xtaboyevaning ishini ham monitoring qilib borishini qo‘shimcha qildi:

- Bilasizmi, unda tanlash imkoniyati yo‘q. U yosh bolalarini tashlab, 10 yillik qamoq jazosi olishi mumkin yoki adolat uchun kurashni davom ettirishi kerak. Biz Shoiraga kurashishni taklif etdik. Uni qo‘llab-quvvatlaymiz. Shoira To‘xtaboyevaning aytgan gaplarini uning hujjatlari isbotlab turibdi. Tergov jarayonidagi ayblov sanalari paytida u bir holatda kasalxonada, ikkinchi holatda esa mehnat ta‘tilida bo‘lgan. Shu boisdan uning aybsizligiga ishonamiz, - deydi huquq faoli Yelena Urlayeva.

O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan televideniye xodimlari tovlamachilikda ayblanishi kam uchraydigan holat emas.

Shu yilning boshida Surxondaryo viloyat teleradiokompaniyasi xodimi Muborak Ro‘zioxunova ham tovlamachilikda ayblangan edi.
XS
SM
MD
LG