Линклар

"Yosh to'lqin" tahririyati bundan ikki hafta oldin sobiq dunyo mutloq chempioniga qarshi ringga tushgan o'zbekistonlik yosh bokschi, ayni damda Rossiyaning Sankt-Peterbur shahrida mashg'ulotlarini olib borayotgan Sherzod Nazarov bilan suhbat qurdi.

Sherzod Nazarov 27 yoshda. BokRec reytingi bo'yicha u yarim o'rta vazn toifasida O'zbekistonda beshinchi, dunyoda esa 487-o'rinda. Sherzod Nazarov professional ringda jami bo'lib 18 jang o'tkazgan. Ularning 13tasida raqibni nokautga uchratib g'alaba qozongan. Qolgan 5tasida esa mag'lub bo'lgan.

Asli samarqandlik Sherzod Nazarov 21 may kuni Moskva shahrida sobiq mutloq dunyo chempioni Neyt Kempbelga (Nate Campbell) qarshi ringga tushgan edi. 6 raundlik jangda u ochkolar nisbati bilan mag'lib bo'ldi.

“Yosh to’lqin”: Sherzod, siz yaqinda amerikalik sobiq dunyo mutloq chempioni Neyt Kempbelga qarshi ringga chiqgan edingiz. Afsuski 6 raund davom etgan jangda 7 ochkolik farq bilan mag’lub bo’ldingiz. Jangdan oldin mutahassislar sizni bunday yirik kalibrdagi bokschiga qarshi g’alaba uchun emas, balki tajriba uchun tushmoqda, deyishayotgan edi.

Sherzod Nazarov: Sportchi, qaysi sport sohasida faoliyat olib bormasin, har qanday raqibga qarshi g’alaba uchun chiqadi. Endi mag’lubiyatim haqida aytadigan bo’lsam… Biz aslida 6 raundlik jangga tayyorgarlik ko’rgan edik. Amerikaliklar ringga chiqishni oldidan jangni 8 raundga cho'zdirishdi.

“Yosh to’lqin”: Boksda jangga tayyorgarlik ko’rayotganda bir-ikki raund ham farq qiladimi?

Sherzod Nazarov: Konechno, farq qiladi. Masalan 6 raundga nagruzka ozroq bo’ladi. 8 raundga bo’lsa ko’proq bo’ladi… Yana bir problema. Amerikaliklar meni ringga bir oy oldin taklif qilishgan edi. Biroq ular bir necha marta o’z fikrlarini o’zgartirishdi. Bir jang bo’ladi, bir bo’lmaydi deyishdi. Bu mashg’ulotlarimga o’z ta’sirini ko’rsatdi, albatta. Jangga bir hafta qolganda ular uchrashuv aniq bo’ladi deyishdi. Nima qilamiz, rad javobini berishni foydasi yo’q edi. Shuning uchun ringga chiqdim.

“Yosh to’lqin”: Umuman olganda, siz Neyt Kempbelga qarshi o’tkazgan jangizni qanday baholaysiz?

Sherzod Nazarov: Agar yuqorida aytib o’tgan muammolar bo’lmaganida, agar jang 6 raund bo’lganda, yoki oldindan 8 raund bo’lishini bilganimda albatta boshqacha natija ko’rsatgan bo’lar edim.

Sherzod Nazarovning Neyt Kempbelga qarshi o'tkazgan jangidan lavhalar:



“Yosh to’lqin”: Siz Kempbelga 7 ochko farq bilan mag’lub bo’ldingiz. Agar jang olti raund bo’lganda yoki 8 raund bo’lishni siz oldindan bilganingizda, siz shu 7 ochkoga ega bo’lgan bo’larmidingiz?

Sherzod Nazarov: Anig’ini aytish qiyin. Lekin ular meni nastroyimni buzishdi-da bu bilan, tushunyapsizmi. Boksda har bir daqiqaga oldindan tayyorgalik ko’riladi. Amerikaliklar esa jang qoidalarini o’zgartirishdi.

“Yosh to’lqin”: Nega endi amerikaliklarning aytgani bo’laveradi? Ularga qarshi sizning ovozingiz o’tmadimi?

Sherzod Nazarov: Bu jangda men opponent edim. Men ularni emas, ular meni jangga taklif qilishgan edi. Shuning uchun.

“Yosh to’lqin”: Sherzod, boks olamiga kirib kelganingiz haqida gaplashsak. Internetda berilgan ma’lumotga ko’ra siz Samarqandda boks bilan shug’ullanishni boshlagansiz. Shundaymi?

Sherzod Nazarov: Ha, shunday. Boksga kelishimga sabab dadam bo’lgan. O’zi yoshligimdan qiziqib kelar edim. Dadam meni 7-sinfdaligimda murabbiy Anatoliy Romanovich Fonarin oldiga olib borgan. Sovet Ittifoqining xizmat ko’rsatgan murabbiyi edilar. Keyinroq esa Toshkentdagi Olimpiadachilar kollejini tugatdim. U yerda men uch yil davomida mashg’ulotlar o’tkazdim

“Yosh to’lqin”: Rossiyaga qanday borib qoldingiz?

Sherzod Nazarov: 2006 yili Moskvaga kelganman. Do’stim birga mashg’ulotlar o’tkazishga chaqirgan edi. Ustozim Sergey Viktorovich edilar. 2009 yili esa Sankt-Peterburgga keldim. Hozir shu yerda “Tayfun” professional boks klubida mashg’ulotlar o’tkazayapman. Bu yerda kuchli bokschilar talaygina.

“Yosh to’lqin”: Sherzod, siz professional ringda jami bo’lib 18 jang o’tkazibsiz. Ulardan 13da raqibni nokaut qilib g’alaba qozongansiz. Qolgan 5dasida esa mag’lub bo’lgansiz. Shu janglardan qaysi biri eng esda qolarlik bo’lgan?

Sherzod Nazarov: 2008 yili Yevgeniy Strausovga qarshi jang eng esda qolarlik bo’ldi. Shu jangda Strausovni yutishimni hech kim bashorat qilmagan edi. Men jangga juda yaxshi tayyorgarlik ko’rgan edim. Lekin hamma Strausovni yutadi deb o’ylagan edi. Mening kuchimga faqat ustozim ishongan edi, holos. Men esa Strausovni birinchi raunddayoq nokaut qilib, jangda g’olib chiqdim. Shunda ko’pchilik menga boshqacha baho berishni boshlagan... A tak, har bir jang esda qolarlik bo'lgan, desam adashmayman. Lekin eng yaxshi va esda qolarlik jangim hali oldinda.

“Yosh to’lqin”: O’zbekiston boks maktabini qanday baholaysiz?

Sherzod Nazarov: O’zbekiston boks maktabi juda ham kuchli, deb o’ylayman. Chunki O’zbekiston boks maktabi juda ko’p kuchli bokschilar chiqargan. Buni hamma biladi.

"Yosh to’lqin": Har bir sportchining yoshligidan beri o’rnak olib kelgan kumir sportchisi bo’ladi. Sizning kumiringiz kim?

Sherzod Nazarov: Mening kumirim Artur Grigoryan bo’lsa kerak. Chunki kichkinaligimda uning janglarini ko’rib ilhom olar edim. Juda kuchli sportchi bo’lgan.

“Yosh to’lqin”: Bokschining professional faoliyati 35-37 yoshlarga borib yakunlanadi. Siz o’zingizni 40 yoshnigizda qayerda va kim bo’lib ko’rasiz?

Sherzod Nazarov: Bilmadim. Hudoi taolo nima atagan bo’lsa shu narsa bo’ladi.

“Yosh to’lqin”: Sherzod, suhbat uchun katta rahmat. Ringda hamisha omad yor bo’lishini tilab qolamiz.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG