Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 21:23

Toshkent sudi Sid Yanishevga 3 ming dollar jarima belgiladi


Sid Yanishev¸ mustaqil jurnalist.
Sid Yanishev¸ mustaqil jurnalist.

Toshkentning Shayxontoxur tumani sudida mustaqil jurnalist Said Abdurahimov ustidan mahkama bo‘lib o‘tdi.

28 iyun kuni Toshkent shahar Shayxontoxur tumani jinoiy ishlar bo‘yicha sudi Sid Yanishev taxallusi bilan tanilgan o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Said Abdurahimovni yuz minimal oylik miqdorida jarimaga tortish haqida hukmni chiqardi.

Sid Yanishev bugungi bo‘lib o‘tgan mahkama haqida Ozodlikka quyidagilarni gapirib berdi:

-Hozirgina sud yakunlandi. Menga yuz minimal oylik miqdorida jarima belgilashdi. Bu tahminan uch ming AQSh dollariga teng. Bundan tashqari videokameramni davlat foydasiga musodara etish haqida hukm chiqardi.

Jurnalist aynan qaysi materiallari bilan "aholi orasida sarosima uyg‘otuvchi axborot" tarqatagni esa sud jarayonidan so‘ng ham noma‘lumligicha qolmoqda:

-Men hali sud qarorini qo‘limga olganim yo‘q. Bilishimcha, menga aholi orasida sarosima uyg‘otuvchi materiallarni tayyorlash va tarqatish aybi qo‘yilmoqda, hozir aniq aytolmayman, - dedi Yanishev.

Jurnalist 26 iyun kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga chaqirtirilib, so‘roq qilingandi.

Bunga uning bir oy avval Farg‘ona.ru saytida bosilgan Toshkentdagi uylar buzilishi va uy egalarining huquqlari toptalishi haqidagi maqolasi sabab bo‘lgan.

Militsiyada Yanishevga go‘yoki jurnalistning mahalla ishiga aralashuvidan norozi bo‘lgan uy egalarining dasta-dasta ariza va shikoyatlari bitilgan qog‘ozlarni ko‘rsatishgan.

Sid Yanishev o‘zini aybdor deb hisoblamasligini, advokat yollab bugungi sud qarori yuzasida yuqori instantsiyaga arz qilajagini aytdi.

-Yaqin kunlarda bu qaror yuzasidan apellyatsiya arizasini topshiramiz, - dedi Yanishev.

Farg‘ona.ru tahririyati Yanishev kasbiy faoliyati uchun tazyiqqa uchrayotganini aytib, O‘zbekiston hukumatini mamlakat Konstitutsiyasi va ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunga amal qilishga chaqirdi.

2010 yilda O‘zbekistonda qolgan oz sonli mustaqil jurnalistlar prokuraturaga chaqirtirilib, yozgan maqolasi yuzasidan so‘roqqa tutilgan. Ularning ko‘pchiligi keyinchalik mamlakatdan chiqib ketishga majbur bo‘lishgandi.

- Yanishevning militsiyaga chaqirilishi va u bilan muloyim suhbat O‘zbekistondagi boshqa mustaqil jurnalistlar bilan bo‘lgan hodisani eslatadi. Malik Boboyev, Yelena Bondarlarni shu yo‘l bilan mamlakatdan chiqib ketishga majburlashgandi, - deydi Daniil Kislov.

Lekin Sid Yanishev tahdidlarga qaramay mamlakatdan chiqib ketish niyati yo‘qligini aytadi:

- Meni mamlakatimdan ketish niyatim yo‘q. Men shu mamlakat patriotiman. Meni qo‘rqitishga harakat qilishyapti, lekin qo‘rqitisholmaydi, - deydi o‘zbekistonlik mustaqil jurnalist Sid Yanishev.

XS
SM
MD
LG