Линклар

logo-print

Siz ta‘tilni qanday o‘tkazasiz?


Ota-onalari ta‘tilda ham tirikchilik bilan ovora o‘zbek bolalari yoz issig‘ini shahar va qishloqlardagi suv hafzalarida o‘tkazishga majbur.

Ota-onalari ta‘tilda ham tirikchilik bilan ovora o‘zbek bolalari yoz issig‘ini shahar va qishloqlardagi suv hafzalarida o‘tkazishga majbur.

Yoz ko‘pchilik uchun ta‘tillar fasli hamdir. O‘zbekistonda ham yoz pallasida davlat korxona va tashkilotlarida ishlaydiganlarning ko‘pchiligi mehnat ta‘tilida bo‘lishadi. Lekin davlat xizmatchilarining aksari bir yil davomida to‘plagan ta‘til kunlarini hordiqda o‘tkazish uchun, ana shu vaqt oralig‘ida orttirgan ta‘til maoshlari yetmaydi.

Xususiy tadbirkorlik yoki savdo-sotiq ishlari bilan shug‘ullanadigan o‘zbekistonliklarning ko‘pchiligi uchun esa, mehnat ta‘tili degan tushunchaning o‘zi yot bo‘lib qolgan, deyish mumkin. Xo‘sh o‘zbekistonliklar ta‘til faslini qanday o‘tkazadi?

Toqqa chiqib ovqat yedik

Farg‘onalik kosib Shukrullo mehnat ta‘tili haqidagi Ozodlik savoliga ajablanib kulib qo‘ydi:

- Yo‘q, opa mehnat ta‘tili nima qiladi bizda? Bozorimiz bo‘lmay qolsa, dam olib yuramiz. Bozor bo‘lsa, ish qilib yuravyeramiz. Kecha misol uchun, dam oldik. Shohimardonga o‘xshagan Vodilga borib, tushlikka ovqat qilib, kechqurunga osh qilib, yeb dam olib keldik.

Ozodlik: Deylik, Turkiyada dam olganmisiz?

- Turkiya deysizmi, opa? Turkiyaga necha pul kerakku. Ikki-uch yil ishlasak ham shuncha pul topolmaymiz. Biz uchun orzu xolos, deydi kosib Shukrullo.

Toshkentlik Mahmudaxon davlat tashkilotida ishlaydi. U oylik maoshini dam olish maskanlariga sarflamaydi:

- Men mehnat ta‘tilim puli bilan biror joyga bora olmayman. Uyda uy ishlari bilan o‘tkazaman. Toqqa chiqib, bir-ikki kun dam olib kelishim mumkin. Lekin 24 kun dam ololmayman. Moddiy tomondan mablag‘im yetmaydi. Ayollar asosan, mehnat ta‘tilida to‘g‘risini aytsam sog‘ligini tiklash bilan band bo‘ladi,- deydi toshkentlik Mahmudaxon.

Samarqandlik elektr muhandisi Komil aka mehnat ta‘tilida hech qayerga bormasligini aytadi:

- Olgan oyligim nonga bazo‘r yetadi-ku. O‘g‘illarim katta bo‘lgan, ikki o‘g‘lim talaba, shulardan ortmaydi. Qolgani non bilan oshga ketadi, deydi Komil aka.

Komil aka ta‘til paytida kasbiga doir ish chiqib qolsa, mehnat qilishini, bo‘lmasa qishloqqa borib, og‘a-inilariga yordam berib, meva-cheva olib kelishini aytadi.

O‘qituvchi Saydullo aka mehnat ta‘tilini uy ishlari bilan bandlikda o‘tkazuvchi yana bir suhbatdosh.

- Xozir o‘qituvchilarning qo‘ligi bir so‘m pul berilmaydi, hammasi plastikka o‘tkaziladi. Shuni ham otpuskning yarmiga borib beradi. Menimcha, qishloqda yashaydiganlarning hammasi uydagi ishlar bilan ovora bo‘ladi. Mol boqishi mumkin, yerida ishlashi mumkin, ro‘zg‘or tashvishlaridan ortib biror joyga borish qiyin,- deydi o‘qituvchi Sa‘dullo aka.

Puling bo‘lsa haltada...

Buxorolik tadbirkor Ismoil aka O‘zbekistondagi bir necha sanatoriylarda dam olganini aytadi:

- Botanika, So‘qoq degan joylarda dam oldik. Eng yaxshi ko‘rgan joyim Shahrisabzning Miroqi sanatoriyasi. Suvi toza, odamlari zo‘r, deydi tadbirkor.

Unga ko‘ra, bu dam olish maskanlarida dam oluvchilarning ko‘pchiligi uning o‘zi kabi ishbilarmonlardir.

- Ko‘pchiligi shu tadbirkorlar, fermerlar, davlat ishi xodimlari, deydi dam olishni xush ko‘ruvchi suhbatdosh.

O‘zbekistondagi dam olish maskanlaridagi narxlar u qadar qimmat emasga o‘xshab ko‘rinadi, deydi suhbatdoshimiz Imoil aka:

- Eng arzoni bir kuni 38 ming so‘m. Bu pulga ovqatlanish, davolanish, yotog‘i kiradi, deydi buxorolik tadbirkor.

Buxorolik Ismoil aka O‘zbekistondagi dam olish maskanlaridan tashqari cho‘ntagi xorijdagi kurortlarga ham yetishini gapiradi. Har ikki- uch yilda u Turkiya, Malayziya kabi davlatlarga ham borib hordiq chiqarishini aytadi:

- Uch ming dollar yetadi, o‘rtacha tirikchilik qilaman, kichkina suvyenirlarni olaman desangiz shuncha pul ketadi,- deydi Turkiyada o‘zbekistonlikning dam olish mablag‘ini hisoblar ekan suhbatdosh.

Siz mehnat ta‘tilini qanday o‘tkazasiz?
XS
SM
MD
LG