Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:31

Qo‘qonda Erkin iqtisodiy hudud qurish uchun uylar va bog‘larni buzmoqdalar


Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida hokimiyat Erkin iqtisodiy zonaga joy ochish uchun o‘nlab dala xovli va tijorat maskanlarini yoppasiga buzishga kirishdi. Ayni hududdagi ko‘p yillik bog‘lar buzilmoqda. Bu esa shu hududda yashovchi aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

Qo‘qonlik tadbirkor Baxtiyor aka bundan o‘n yil avval shaharning Muqimiy mavzesidagi tashlandiq hududda otasidan meros qolgan yerga ko‘chat ekib bog‘ yaratgan, u yerga imorat qurgan.

Endi esa shahar hokimiyati shu uyni va bog‘ni buzish uchun unga uch kun muxlat bergan, yerni esa davlatga topshirishni talab qilmoqda.

- Menga bu yer dadamdan meros qolgan. Saksoninchi yillar oxirida, o‘sha paytni puli bilan 300 rublga dadamni nomlariga olingan bu yer. Hujjatlarim qo‘limda. Hujjatni hokimiyatga ko‘rsatsam "muddati o‘tib ketibdi", deydi. 2008 yilda shu 4 so‘tik erga 50 tup gilos ekdik. O‘tgan yili mevaga yaxshi kirgandi. Ularni endi kesishmoqchi. Ogohlantirish xati yuborishibdi, "uch kun ichida o‘z hisoblaringdan hammasini buzasizlar", deyapti. Evaziga bizga hech narsa berishmas ekan, - deydi Baxtiyor aka.

Qo‘qon hokimiyati uy va daraxtlarni buzish uchun uni egalariga uch kun muxlat bergan.
Qo‘qon hokimiyati uy va daraxtlarni buzish uchun uni egalariga uch kun muxlat bergan.

Qo‘qonlik Sharifa opa ham Ozodlik bilan suhbatda Muqimiy mavzesida dala xovlisi buzib tashlanayotgani, hokimiyat esa kompensatsiya berish tugul buzilgan uy qoldiqlarini ham olib chiqishni bo‘yniga qo‘yganini aytdi.

- Buzib hamma keraksiz axlatlarni olib chiqib, yerni bo‘shat deyapti. Buzmasang o‘zimiz buzamiz, buzganimizni pulini ham sizlardan olamiz, deyapti, - deydi Sharifa opa.

Qo‘qonda 700 gektar maydonda Erkin iqtisodiy zona barpo etiladi.
Qo‘qonda 700 gektar maydonda Erkin iqtisodiy zona barpo etiladi.

O‘tgan yilning noyabr oyida O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi O‘zbekistonning to‘rtta joyida, jumladan Qo‘qonda ham yangi Erkin Iqtisodiy zona tashkil etish haqida qaror chiqargandi.

Shu zonada qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlovchi sexlar, to‘qimachilik, gilamdo‘zlik, poyabzal fabrikalari, farmatsevtika, oziq-ovqat, qurilish materiallari va avtomobil sanoati korxonalari tashkil etish ko‘zda tutilmoqda.

Qo‘qonning Muqimiy mavzesida barpo etilajak Erkin iqtisodiy zona 700 gektar maydonni egallaydi.

Shahar hokimiyatining ismi sir qolishini istagan mulozimining Ozodlikka aytishicha, zona hududida o‘ttizga yaqin uy buzilmoqda, buzilayotgan uylarning aksari kadastrda rasmiylashtirilmagan noqonuniy inshootlardir.

- Faqat o‘zboshimchalik bilan qurilgan qurilmalar buzilyapti. Hujjatsiz qurib tashlangan noqonuniy qurilmalar. Na Kadastr va na Arxitektura boshqarmasidan ruxsat berilgan. Hujjati bo‘lsa Uchko‘prik tumanidan yer ajratiladi. Uchta uy egasiga uyi buzilgani uchun Uchko‘prikdan 6 so‘tixdan yer ajratib berdik. Qolganlarni hujjati yo‘q. Biz hozir u yerda qurilish ishlarini boshlab yubordik. Suv, gaz, svet tortib, erkin iqtisodiy hududni quramiz, temir yo‘l boradi. Qurilish ishlari shiddat bilan olib borilyapti. Kelasi yilni mart oyiga bitadi. Temir yo‘l boradi u yerga, - dedi hokimiyat mulozimi.

Qo‘qonning Muqimiy mavzesida uylari buzilishiga qarshi chiqayotganlar huquq-tartibot idoralari va prokuratura tomonidan kuchli bosimga uchrayotganliklarini ham aytishmoqda.

Ko‘pchiligi bu bosimga yon bergan va uylari buzilishiga rozi bo‘lgan.

Qo‘qonlik Baxtiyor aka esa uyining buzilishi va yerining asossiz tortib olinishini aytib, prezident Shavkat Mirziyoev qabulxonasiga arz qilgani va undan javob kutayotganini aytadi.

- Shavkat Mirziyoevdan umidimiz. Buzilgan imoratlarimizni kompensatsiyasini talab qilamiz, - deydi Baxtiyor aka.

Shahar hokimiyatining ismi sir qolishini istagan mulozimining Ozodlikka aytishicha, zona hududida o‘ttizga yaqin uy buzilmoqda.
Shahar hokimiyatining ismi sir qolishini istagan mulozimining Ozodlikka aytishicha, zona hududida o‘ttizga yaqin uy buzilmoqda.

Farg‘onalik inson huquqlar himoyachisi Abdusalom Ergashevning aytishicha, hokimiyat Erkin iqtisodiy zona qurishdek yirik loyihaga qo‘l urar ekan aholi manfaatlarini ham e’tiborga olishi kerakligini aytadi.

- Uyasi buzilganda qush achinadi. Odamlarku battar achinadi uyi buzilsa. Kadastri bormi, yo‘qmi bu odamlarni yuragiga juda katta dard bo‘ladigan narsa. Menimcha, hokimiyat shuncha katta loyihani qurishga bel bog‘lagan ekan uyi, mulki, yeri shu hududga tushib qolganlarni rozi qilishi kerak edi. Six ham kabob ham kuymaydigan qilib odamlarga tovon puli berishi kerak edi, - deydi Abdusalom Ergashev.

O‘zbekistonda yangi qurilishlar odamlarning uylari buzilishi, aholining noroziligi fonida kechadi.

Bunday hollarda hokimiyat militsiya xodimlarini ishga solgani va yashovchilarni uylaridan chiqarishga jalb etgani avval ko‘p kuzatilgan.

XS
SM
MD
LG