Линклар

logo-print
Rossiyada soxta nikohlar yordamida mamlakat fuqaroligini olish holatlari ko‘payib bormoqda. Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan soxta kelin va kuyovlar buning ming-bir yo‘li haqida gapirib berdi.

Avval pulini olib, keyin sevib qoldim

Rossiyaning Leningrad viloyati Volosov tuman prokuroraturasi O‘zbekiston fuqarosi Rossiya fuqaroligini olish maqsadida volosovolik rus ayol bilan soxta nikohdan o‘tganini aniqladi.

O‘z xizmati evaziga bu ayol o‘zbekistonlikdan 5 ming rubl olgan, deya ma‘lum qildi Ozodlikka Volosov prokuraturasi xodimi Andrey Logvinovich. Bu qonunbuzarlikni isbotlash qiyin, deydi u.

- Afsus, buning uchun hech qanday javobgarlik yo‘q. Ayol “Menga haqiqatan avvaliga pul berishdi, lekin keyin men uni sevib qoldim”, degani uchun javobgarlikka tortilmadi. O‘zbekistonlik esa Rossiyadan chiqarib yuboriladi. Afsuski, bunday jinoyatlar uchun qonunchiligimizda hech qanday javobgarlik ko‘zda tutilmagan. Qonunchiligimiz mukammal bo‘lmagani bois bunday holatlar ko‘payib bormoqda. Biz isbotlay olsak faqat firibgarlik uchun javobgarlikka tortishimiz mumkin,- deydi Volosovo prokuraturasi xodimi.

Lekin amalda, soxta nikoh uchun hozirgacha biror kishi javobgarlikka tortilganini bilmayman, deydi prokuror.

Leningrad viloyatining Volosovo tuman sudi nikohdan o‘tganlar birga yashamaganliklari, oila qurish niyatlari bo‘lmagani va nikoh pul evaziga tuzilgan, degan xulosa bilan nikoh shartnomasini bekor qildi.

Andrey Logvinovichning so‘zlariga ko‘ra, bu prokuratura aniqlagan mingdan bir holatdir.

Yolg‘on nikoh xorij fuqarosiga Rossiyada 3 yil davomida yashash huquqini, ya‘ni legallashish imkoniyatini beradi.

Firma kafolatlaydi

Bugun Rossiya fuqaroligini olish niyatida yurgan muhojir qalbaki nikohdan o‘tish muammo emasga o‘xshaydi: Rus Internetida qalbaki nikoh takliflari haqidagi turli-tuman e‘lonlarga to‘lib-toshngan.

Bu “taklif”larda ko‘rsatilgan telefon raqamlaridan biriga qo‘ng‘iroq qilib, e‘lonni bergan Viktoriya ismli peterburglik "qalliq" bilan gaplashdik.

- Sizga Rossiya fuqaroligi kerakmi? Men 70 ming rubl so‘rayapman va xoh ertaga ZAGS bo‘limiga borishga tayyorman! Biz birgalikda ZAGSga ariza topshiramiz va, adashmasam, bir oydan keyin nikohdan o‘tamiz. Keyin fuqarolik uchun tegishli hujjatlarni yig‘ishni boshlayvyerasiz. Nikoh to‘g‘risidagi guvohnoma sizda qoladi. Oqibatlari uchun xavotirlanmasangiz ham bo‘ladi: bizda Rossiyada qalbaki nikoh uchun hatto ma‘muriy javobgarlikka tortilmaydi,- deb Volosovo prokurorining so‘zlarini tasdiqladi masalaning yuridik tomonlarini yaxshi biladigan “soxta kelin” Viktoriya.

Yana bir taklif - Isroil fuqaroligini olish niyatida bo‘lgan ayollarga mo‘ljallangan. Sobiq farg‘onalik Vagit ismli yigit Isroilda pasport olish murakkabligini hisobga olib narxi ham shunga yarasha ekanini aytadi Ozodlik bilan suhbatda.

- Bu masala ko‘p vaqt talab etadi. Shuning uchun menga 50 mingdan 100 ming dollargacha pul berasiz, yashash joyi va boshqa masalalarni qo‘shib hisoblaganda. Fuqarolikni olish uchun jami 5 yil ketadi. Vaqtinchalik yashash huquqini esa bir yil ichida tanishlarim orqali qilib beraman. Ayol tarafdan menga faqat pasport va Isroilga rasman kirib kelishi kerak, holos. Gap shundaki men og‘ir kasalman, menga pul kerak, qancha umrim qolganini ham bilmayman, shuning uchun tezlashtirishingizni so‘rayman. Bu vaqt ichida biz birga yashashimizga to‘g‘ri keladi, rasmlarga tushishga, restoranlarga borishga, qo‘shnilar bilan tanishishga. Men o‘zim ham, to‘g‘risi, 10 yil oldin sotib olganman fuqarolikni,- deydi o‘zini Vagit deb tanishtirgan isroillik “kuyovlardan” biri.

Moskvada avtomobil savdosi bilan ko‘pdan beri shug‘ullanib keladigan tojikistonlik Niyozali ham Rossiyada fuqarolik olishning barcha usullarini obdon o‘rganib chiqqan. Shunga qaramasdan u mutlaqo qonuniy yo‘l bilan Rossiya fuqaroligini olish arafasida ekanini aytadi.

- Rossiyada 3 yilda “fiktivniy brak” bilan grajdanstvo olish mumkin. Bu yo‘l bilan 3 yilda pasport olasiz. Agar qonuniy yo‘l bilan istasangiz Qirg‘iziston fuqarolariga 3 oyda, tojiklarga 5 yilda beriladi rossiyskiy pasport.

Sotib olsa ham bo‘ladi

Rossiyada yashab, ishlayotgan markaziy-osiyoliklar uchun esa, alvon rangli pasport ko‘p narsani hal qiladi.

- Ko‘chada yurishga, asosan melisalarga qarshi. Registratsiya qilmasdan yuravyerasiz. Ishga kirishga oson,- deydi Niyozali.

Niyozali o‘zbekistonliklar Rossiya fuqarolari bilan nikoh qurishdan boshqa holatlarda fuqarolikka umid qilmasalar ham bo‘ladi, deydi.
Lekin buni boshqa bir-ikkita yo‘l bilan ham amallasa bo‘ladi, deya qo‘shimcha qiladi Niyozali.

- Sotib olish, kvota orqali qonuniy yo‘l bilan, uy sotib olish. Uy sotib olsangiz o‘sha yerga propiskaga qo‘yib fuqarolik olishga asos bo‘ladi. Moskvada 200 ming berasiz, olti oy davomida pasportingizni olasiz. Boshqa chet joylarda, masalan Tvyer shahrida, 90 mingga olti oyda pasport taklif qilishyapti. Keyin, qonuniy kvota protsedurasi orqali o‘zingiz yugurib olsangiz 20 ming rubl ketadi, lekin 5 yilda olasiz. Rossiyada fuqarolik olishning eng arzon va oson yo‘li sotib olish bo‘lyapti. Dog‘istonda oson bo‘lyapti pasport olish. Masalan, Maxachkaladagi bir tanishimning pasport stolidagi o‘rtog‘i 30 ming rublga qilib beraman, debdi. 3 yil ichida qizil pasportni qo‘liga beradi,- deydi Rossiya fuqaroligi olish bo‘yicha "mutaxassis" Niyozali.

Sankt-Peterburgdagi “Sinton” psixologiya markazi keltirgan ma‘lumotga ko‘ra, Rossiyada har beshinchi nikoh soxta tarzda rasmiylashtirilmoqda. Hisob-kitoblarga soxta “kelin-kuyovlarning” narxi 3 mingdan 300 ming dollargachani tashkil qilishi mumkin.
XS
SM
MD
LG