Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 19:17

Sulaymon tog‘i YuNESKO ro‘yxatiga kiritildi


Bu boradagi hujjatni 1 iyun kuni O‘sh shahrida YuNESKO vakili Qirg‘iziston prezidenti Roza O‘tunbayevaga topshirdi.

YuNESKOning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakili Sergey Zadarev O‘shdagi Sulaymon tog‘i 2009 yilda YuNESKO jahon merosi ro‘yxatiga kiritilganini, ammo bu boradagi hujjat bugun Qirg‘iziston hukumatiga topshirilishini aytdi.

- Menga bu hujjatni topshirish sharaflidir. Chunki Sulaymon tog‘i Qirg‘izistonda jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan birinchi obektdir, - dedi Sergey Zadarev.

Mazkur voqea munosabati bilan O‘shda o‘tkazilgan tadbirda so‘zlagan prezident O‘tunbayeva Sulaymon tog‘ining jahon merosi ro‘yxatiga kiritilishi 2010 yilgi iyun qirg‘inidan so‘ng infratuzilmasi deyarli ishdan chiqqan shaharning rivojlanishiga juda katta hissa qo‘shadi, deb aytdi.

Qirg‘iziston prezidenti fikricha, YuNESKOning jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Sulaymon tog‘iga bundan buyon sayyohlar oqimi ko‘payadi.

- Bundan buyon Sulaymon tog‘ini ko‘rgani minglab sayyohlar oqib keladi. Sayyohlar oqimi to‘xtamasligi uchun biz O‘sh shahrining infratuzilmasini, ayniqsa turizmga bog‘langan sohalarni rivojlantirishimiz shart bo‘ladi, - dedi prezident O‘tunbayeva.

Qirg‘iziston prezidentining O‘shga safari mana shu tadbir bilan yakunlandi. Prezident avvalgi safargiday shahar aholisi bilan uchrashgani va ularning muammolari bilan qiziqqani yo‘q.

Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, Sulaymon tog‘i O‘sh shahrining qoq markazida joylashgan bo‘lib, tog‘ tepasi va atrofida Zahiriddin Muhammad Bobur hamda turli islom ulamolari, jumladan, avliyolarga taalluqli ekani aytiladigan kichik obidalar mavjud. O‘sh shahrining tarixi esa 3000 yilga teng ekanligi iddao qilinadi.

O‘shliklarni Sulaymon tog‘i jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgani suyuntirdi. Biroq Ozodlik muxbiri bilan suhbatlashgan shaharliklar o‘zlarini ayni paytda boshqa narsa – “O‘shdagi nisbatan barqaror vaziyat mutlaq barqarorga aylanadimi?”, “2010 yil voqealari qayta takrorlanmaydimi, hukumat buni kafolatlay oladimi?” degan savollar ko‘proq qiziqtirayotganini aytadilar.

O‘shning Amir Temur mavzesida yashovchi o‘shliklardan biri bugungi kunda o‘zbeklar zich yashaydigan hududlarda ham qirg‘izlar bemalol aralashib yurganini, ammo shahar markazida millatchilik ruhidagi chaqiriqlar tez-tez yangrab qolayotgani, maishiy millatchilik kuchayib borayotganini aytadi:

- Bugungi kunda qirg‘izlar Amir Temur mavzesiga kelib, bemalol oshxonalarga kirib, biz bilan aralashib yuribdi. Biroq ayrim tushunmagan odamlar ham bor. O‘shalar maishiy millatchilik qilib qo‘yishayapti-da, - deydi suhbatdoshimiz.

O‘shdagi Zahriddin Muhammad Bobur nomidagi o‘zbek akademik teatri direktori Baxtiyor To‘xtamatov esa O‘shdagi nisbatan barqaror vaziyatning barqarorga aylanishida va millatlararo ishonchning qayta tiklanishida madaniyatning ahamiyati katta va Qirg‘iziston hukumati mana shu masalaga ko‘proq e‘tibor qaratishi zarur, deb hisoblaydi:

- Menimcha, tarixga bir nazar tashlab, bir-birimizning madaniy merosimizga, madaniy yodgorliklarimizga hurmat bilan qarasak, o‘zaro ishonchning tiklanishiga yo‘l ochgan bo‘lamiz, - deydi Baxtiyor To‘xtamatov.
XS
SM
MD
LG