Линклар

EIG: "Surxondaryoda norozilik kuchaymoqda"


Ekspertlar ishchi guruhiga ko‘ra, Surxondaryoda byudjetchilardan pul ushlab qolayotgan rasmiylar bu mablag‘larning joriy yil avgust oyida viloyatda o‘tkazilajak “Barkamol avlod” yoshlarning sport o‘yinlari uchun sarflanajagini aytganlar.

Ekspertlar ishchi guruhiga ko‘ra, Surxondaryoda byudjetchilardan pul ushlab qolayotgan rasmiylar bu mablag‘larning joriy yil avgust oyida viloyatda o‘tkazilajak “Barkamol avlod” yoshlarning sport o‘yinlari uchun sarflanajagini aytganlar.

Ekspertlar ishchi guruhi Surxondaryo viloyatida aholi orasida norozilik kayfiyati kuchayayotganini aytmoqda.

Toshkentda faoliyat yurituvchi Ekspertlar ishchi guruhi vakillariga ko‘ra, may oyida Surxondaryoda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan yoshlarning “Barkamol avlod” sport o‘yinlari arafasida viloyatda qonunbuzarlik holatlari ko‘paygan.

- Haqiqatan ham aholining ba‘zi guruhlari o‘rtasida ijtimoiy norozilik hissi juda kuchaygan. Viloyatning ko‘p joylaridagi sport inshootlarida ob‘ektlarni qaytadan ta‘mirlash va tozalash ishlariga majburiy ravishda 10 kundan 15 kungacha o‘qituvchilar, kollej va oliy o‘quv yurti talabalari jalb etilayotgan ekan, - deydi Suhrob Ismoilov.

Unga ko‘ra, majburiy mehnatga jalb etilganlar mahalliy hokimiyat rasmiylari tomonidan transport xarajatlari bilan ham, oziq-ovqat bilan ham ta‘minlanmagan.

- Bundan tashqari, talabalar markaziy ko‘cha bo‘ylab joylashgan xususiy uylar va binolarni ham o‘z cho‘ntagidan oqlab, bo‘yamoqda, - deydi Suhrob Ismoilov.

“Barkamol avlod” sport musobaqalarida o‘rta-maxsus ta‘lim muassasalari yoshlari ishtirok etadi.

Suhrob Ismoilovga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining ayrim tumanlarida rasmiylar har bir o‘qituvchi oylik maoshidan 40 ming so‘mga yaqin mablag‘ni mazkur sport o‘yinlariga tayyorgarlik bahonasi bilan ushlab qolmoqda.

Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumanida yashovchi nafaqaxo‘r Lola Mirrahimova “Barkamol avlod” sport o‘yinlari uchun 40 ming so‘m emas, balki byudjetchilarning bir oylik maoshi ushlanib qolayotganini aytadi:

- Bir oylik ushlayapti, faqat domladan emas. Tibbiyot xodimlaridan ham ushlayapti. Masalan, 200 ming so‘m olsa, 200 ming to‘laydi.O‘ziga ro‘zg‘origa xech narsa qolmaydi. Buyruq kelgan hokimiyatdan, - deydi Lola opa.

Suhbatdoshimizning nevarasi esa maktabda quyon boqayotgan ekan:

- Mening kichkina nevaram o‘t olib borayapti. Men: “Qayerga olib borayapsan?” deb so‘radim. U: “Biz quyon oldik, boqayapmiz. So‘ng quyonni sotamiz, qo‘zi olamiz. Keyin mol olamiz”, dedi, - deya nevarasini gapini keltiradi Lola opa Mirrahimova.

Termiz shahri o‘rta maktablaridan birida ishlovchi yosh o‘qituvchi ham maktab hududida quyon boqilayotganini tasdiqladi.

Ekspertlar ishchi guruhi rahbari Suhrob Ismoilovga ko‘ra, o‘rta maktablarda qoramol, quyon, tovuq minifermalari tashkil etilishi ham Surxondaryo viloyati hokimining tashabbusidir.

- Mazkur yangilik bilan viloyatdagi go‘sht va tuxum mahsulotlaridagi yetishmovchilik muammosi hal etilishi ko‘zlangan, - dedi Suhrob Ismoilov.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, “Barkamol avlod” sport musobaqalariga pul yig‘ish bilan viloyat DAN xodimlari ham shug‘ullanmoqda.

- Biz surxondaryolik haydovchilar bilan gaplashdik. Ularning ko‘pchiligi aytishi bo‘yicha, yo‘llarda DAN xodimlari noxolis to‘xtatib, mavjud bo‘lmagan “yo‘l qoidabuzarligi sodir etildi” deb, pul talab qilish holatlari juda ko‘payib ketgan. DAN xodimlari ochiqdan-ochiq e‘tiroz etishayaptiki, “bu narsa mana shu “Barkamol avlod” sport o‘yinlarining sarf-harajatlariga yig‘ilayotgan pul” deb. Biz hozircha aniqlay olmadik - bu DAN xodimlarining o‘z tashabbusimi yoki viloyat hokimligidan chiqqan to‘g‘ridan-to‘g‘ri buyruqmi, - deydi Suhrob Ismoilov.

Surxondaryo viloyat yo‘l harakati havfsizligi boshqarmasining matbuot xizmati vakillaridan biri Rustam Boboqulovdan mazkur xolat bo‘yicha axborot olish imkoni bo‘lmadi.

Viloyat hokimiyatining iqtisodiy-ijtimoiy kompleksi kotibiyat mudiri Zoir To‘laganov “Barkamol avlod” sport musobaqalarini viloyatda tashkillashtiruvchi shtab a‘zosi. U Surxondaryodagi obodonlashtirish va ta‘mirlash ishlariga kollej talabalari jalb etilmaganligini aytdi:

- Hamma kollej va oliy o‘quv yurtlarida to‘liq darslar bo‘layapti. Obodonlashtirish boshqarmasi bor. Uning vakillari bor, xodimlari bor. O‘zlari tayyorlashayapti. Hech qanaqa pul-mul yig‘ilgan emas. “Barkamol avlod”ga, birinchidan, respublika juda katta yordam berayapti, mablag‘ ajratilgan, - deya Ekspertlik ishchi guruhi xabarini inkor etdi Zoir To‘laganov.
XS
SM
MD
LG