Линклар

Tarsaki o‘zbekcha tarbiya usulimi?


O‘zbekistonliklarning guvohlik berishlaricha, o‘quvchilarning o‘qituvchilar tomonidan kaltaklanishi ayniqsa qishloq maktablarida ko‘p uchraydi.

O‘zbekistonliklarning guvohlik berishlaricha, o‘quvchilarning o‘qituvchilar tomonidan kaltaklanishi ayniqsa qishloq maktablarida ko‘p uchraydi.

Har holda, o‘z faoliyatida vaqti-vaqti bilan "bezorilarning ta‘zirini berib" turadigan farg‘onalik o‘qituvchi Saydullo aka ana shunday fikrda ekan.
Suhbatdoshimiz Ulug‘bek bir yil oldin O‘zbekistondagi oliygohlardan birini tamomlagan. Uning aytishicha, oliygoh o‘qituvchilari talaba yigitlarga nisbatan jismoniy jazoni tez-tez qo‘llab turardilar:


- Paxtaga chiqqanida uradi, darsda uradi. Subbotniklarda ko‘p urar edi. Chiqmagani uchun uradi, asosiy urishlar paxtada bo‘ladi, - deydi sobiq talaba Ulug‘bek.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, u nafaqat oliygohda, balki kollej va maktabda o‘qigan chog‘ida ham o‘qituvchilardan tanbeh eshitib, kaltak yegan.

Farg‘onalik o‘qituvchi Saydullo aka Ulug‘bekning gapini tasdiqlarkan, "maktab o‘quvchilarining ta‘zirini berib qo‘yish uchun tarsakilash" usulidan uning o‘zi ham foydalanib turishini aytadi:

- Noqonuniy, lekin qo‘rqitib qo‘yish uchun shunday narsa qilib turiladi. Masalan, buni direktor ham, zavuch ham biladi. Shu o‘zbekcha tarbiyaning bitta usuli-da. O‘zimizni ham o‘qituvchilar urgan. O‘qituvchi “yaxshi odam bo‘lsin” deb uradi, “yo‘ldan qayt, shu ishni qilma” deb uradi. Bu SSSR davridan beri bor holat. Qattiq jazo berilmaydi, bitta tarsaki tushirishi mumkin, u ham bo‘lsa qo‘lning uchida. O‘quvchining og‘iz-burnini qonatish mumkin emas-ku.

Ozodlik: Bu tarsakini o‘quvchilarning oldida urasizlarmi?

- Albatta, boshqalar qo‘rqishi uchun. “Qizim senga aytaman, kelinim sen eshit” degan maqol bor. Shunga o‘xshab, bittasiga qattiqroq jazo bersangiz, boshqa o‘quvchilar qo‘rqib turadi. Shu narsani ikkinchi marta qilmaslikka harakat qiladi. Bu masala qishloqlarda ko‘proq uchraydi. Shaharda bolalarni urmaydi. U yerda bolalarni ursa yomon, ota-onasi turli millat vakillari bo‘ladi - bosh baloga qolib ketishi aniq. Qishloqlarda ayrim holatlarda bo‘lib turadi, ko‘p emas. Qishloqlarda ham janjal qilib, bitta tarsaki uchun qamalib ketgan o‘qituvchilarni bilaman. Bir o‘qituvchi ikki yil o‘tirib keldi, - deydi qariyb 40 yildan buyon o‘qituvchilik bilan shug‘ullanib kelayotgan Saydullo aka.

Toshkentlik o‘qituvchi Nozimaxon (ismi o‘zgartirilgan) boshqa davlatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham bunday muammo uchrab turishini qayd etadi. Biroq u hamkasblarining bunday xatti-harakatlarini oqlamaydi.

- Bu o‘qituvchining psixikasi past bo‘lganidan bo‘ladi. Ota-onasi katta ishda ishlaydigan o‘quvchilar ularni birov maktab haydab yubormasligini, darsda yomon baho qo‘ymasligini bilishadi. Bunday bolalar darsni buzishi mumkin, o‘rtoqlari bilan gaplashib o‘tirishi mumkin. Telefonini o‘ynab o‘tiradi, musiqa eshitib o‘tiradi. Bu holatlar ham o‘qituvchining asabiga tegishi mumkin. Lekin qanday vaziyat bo‘lmasin, o‘qituvchi o‘zini ushlab turishi shart, - deydi toshkentlik o‘qituvchi Nozimaxon.

O‘zbekistonlik taniqli advokat Ruhiddin Komilov o‘z faoliyati davomida o‘quvchini urgani uchun javobgarlikka tortilgan o‘qituvchilarni uchratmaganini aytadi.

- Bu ma‘muriy javobgarlik, jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks asosida, keyin o‘qituvchilarning ichki tartib-qoidalari bor, shu asosda tartibga solinadi, - deydi huquqshunos Ruhiddin Komilov.

O‘zbekiston oliy va o‘rta ta‘lim vazirligining o‘z ismini aytishni istamagan xodimi tarsaki qo‘llash maktablarda uchrashi mumkinligini nazardan soqit qilmaydi, biroq, uning ishontirib aytishicha, oliy va o‘rta ta‘lim muassasalarida bunday holat yo‘q:

- Agar bo‘lgan taqdirda, albatta chora ko‘riladi. Qaysidir masalada xayfsan yoki ogohlantirish, yoki ishdan haydash, oyligidan qirqish kabi choralar ko‘riladi, - dedi O‘zbekiston oliy va o‘rta ta‘lim vazirligi xodimi.

Asnoda O‘zbekistonda o‘qituvchi talabalarga tarsaki tushirish holatiga oid videolavhalarni Internet tarmog‘ida ham topish mumkin. Xususan, o‘tgan yili Youtube portaliga joylashtirilgan “Buxoro avtoyo‘l kolleji” deya nomlanmish videotasvirda o‘qituvchi shanbalikka kelmagan yetti nafar talabani tarsakilayotgani aks etgan.

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG