Линклар

Yaqinda Toshkentga safar qilishimga to‘g‘ri kelib qoldi. O‘zbekiston poytaxtining ajralib turuvchi jihatlaridan biri-ko‘chada qo‘l ko‘tarib, istalgan mashinani to‘xtatishingiz mumkin.

Kirakashlik bilan shug‘ullanish ayb ham emas, uyat ham emas. Ba‘zan qiziqarli, hamma yangiliklardan boxabar kirakashlar ham tushib qoladi.

Ulardan eshitgan so‘nggi Toshkent yangiliklaridan biri shu bo‘ldiki, poytaxtadan asta - sekin “Tiko” mashinasi viloyatlarga chiqarib yuborilar emish. Bu xabarni bir kirakash haydovchidan emas, bir nechtasidan eshitdim.

“Tiko” mashinasi O‘zbekistonda 1996 yildan buyon Asakada yig‘ilar edi. Uni sotib olish ishtiyoqi menda juda ham katta edi. Haydovchi bo‘lmasam-da, eshitganlarimga qaraganda, benzin kam ketar ekan-100 km. ga 4 litr deyishar edi.

Xo‘sh nega “Tiko” mashinasiga Toshkentdan "haydalish kuyi" chalinadi?

Suhbatdosh haydovchilar fikricha, mashina modeli eskirgan. Undan keyin "qaaancha yangi-yangi mashinalar O‘zbekistonda chiqa boshladi". Toshkent ko‘rkini buzmaslik uchun, kichkina va ixcham mashinani viloyatlarga sekin-asta chiqarib yuborish rejalangan.

-“Tiko” egasi mashinasini sotmoqchi bo‘lsa, viloyatga sotishi kerak, -deydi toshkentlik “Matiz” egasi.

Bu bo‘yicha Ichki ishlar vazirligining transport bilan shug‘ullanuvchi boshqarmasi maxsus rasmiy qog‘ozga ham ega emish. Albatta, bu rasmiy xujjat e‘lon qilinsa, bu yangilik qanchalik rost ekanligi ma‘lum bo‘lar edi.

Demak, endilikda poytaxtga kelgan mehmonlar “Tiko” ni ko‘rmasligi kerak. “Volga”, “Jiguli”, “Moskvich”larnichi?

Transport sohasida ishlagan Ozodlik muxlislaridan biri “Tiko” Toshkentdan chiqarib yuborilishi haqidagi xabardan kulib, ishonmasligini aytdi. Uning o‘zi 1972 yilda chiqqan “Volga”da yurar ekan.

Siz-chi? Siz bunday yangilikdan xabardormisiz? Balki toshkentlik kirakashlar xazillashgandir?

Шарҳларни кўрсатинг

XS
SM
MD
LG