Линклар

Tojik vaziri saytlar blokirovka qilinganini tan oldi


Tojikiston Transport va aloqa vaziri Olim Boboyevning aytishicha, o‘tgan yil kuzida Tojikistonda qator saytlarning to‘sib qo‘yilishi axborot xavfsizligi vajidan amalga oshirilgan.

Tojikiston Transport va aloqa vaziri Olim Boboyevning aytishicha, o‘tgan yil kuzida Tojikistonda qator saytlarning to‘sib qo‘yilishi axborot xavfsizligi vajidan amalga oshirilgan.

25 yanvar kuni ko‘p sonli jurnalistlarga matbuot anjumani bergan Tojikiston Transport va aloqa vaziri Olim Boboyev o‘tgan yil oxirlarida Farg‘ona.ru, Sentraziya.ru va Avyesta saytlari texnik sabablar bilan emas, balki xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘sib qo‘yilganini e‘tirof etdi.

- Axborot tizimi xavfsizlik ahamiyatiga molik bo‘lib, u odamlarga salbiy ta‘sir etishi, ba‘zida esa qurol o‘rnida ham qo‘llanilishi mumkin. Shuni nazarga olgan holda, mamlakat milliy xavfsizligini ta‘minlash maqsadida bu saytlarga vaqtinchalik to‘siq qo‘yilgan edi, - deya ma‘lum qildi tojik mulozimi Olim Boboyev.

O‘tgan yil oktabr oyi oxirlarida iqtidordagi hukumat haqida tanqidiy maqolalar chop etuvchi Sentraziya.ru, Farg‘ona.ru, Tojnyus va Avyesta saytlari hech bir rasmiy ogohlantirishsiz yopib qo‘yilgan edi.

Mazkur sayt mas‘ullari va mushtariylari bilan birga bu mamlakatdagi bir qator xalqaro tashkilotlar, Yevropa davlatlari hamda AQSh elchiliklari o‘z bayonotlarida hukumatning bu qaroridan xavotir bildirgan edilar.

O‘z navbatida, Tojikiston Transport va aloqa vaziri muovini Bek Zuhurov elchixonalar bayonotiga javoban internet saytlarning ochilmayotganini texnik sabablar bilan izohlagan edi.

Ayni paytda ITAR-TASS agentligi Tojikiston Transport va aloqa vazirligi mamlakatdagi eng yirik “Tojiktelekom” provayderiga mustaqil va muxolif saytlarni blokirovka qilish haqida ko‘rsatma bergani xususida xabar tarqatgan edi.

Tahlilchilar esa buni hukumatning mamlakat sharqida boshlangan aksilterror amaliyotlari haqidagi axborot oqimini to‘xtatib qolishga urinayotgani bilan izohlagandilar.

Eslatib o‘tamiz, Sentraziya.ru, Avyesta va Farg‘ona.ru saytlari Rasht vodiysida hukumat kuchlarining mulla Abdullo va uning janggarilariga qarshi qaqshatgich amaliyotlari davom etayotgan bir paytda to‘sib qo‘yilgan edi.

O‘shanda Tojikistondagi qator mahalliy va xorijiy axborot agentliklari Rasht vodiysining Kamarob darasida Mudofaa vazirligining 26 askari aynan shu vazirlik mas‘ullarining mas‘uliyatsizligi tufayli qurbon bo‘lganini yozgan edi.

25 yanvar kuni Tojikiston Transport va aloqa vaziri Olim Boboyev bu saytlarga qo‘yilgan to‘siqlar shu kunlarda olib qo‘yilganini va ular o‘z faoliyatlarini davom etirishlari mumkinligini bildirdi.

Avyesta internet sayti rahbari Zafar Abdulloyev bu xabardan xursandligini yashirmadi.

- Men hukumatning bu qaroriga qarshi emasman, chunki mamlakat milliy xavfsizligi nuqtai nazaridan rasmiylar shunday qaror qabul qilishga haqli. Lekin bunday qaror sud hukmi yoki Bosh prokuror xulosasisiz amalga oshirilar ekan, biz va xalqaro hamjamiyat buni “senzura” deb aytashga haqlimiz, - deydi Avyesta rahbari Zafar Abdulloyev.

BBS radiosi fors xizmati muxbiri Iskandari Firuz esa Transport va aloqa vaziri Olim Boboyevning aynan shu saytlar mamlakat xavfsizligiga xavf tug‘dirganligi sababli to‘sib qo‘yilganiga oid iddaolari kulgili ekanini ta‘kidladi.

- Bu saytlar kecha xavfli edi, shuning uchun blok qo‘yildi. Bugun esa aynan o‘sha saytlar “qurol emas” va faoliyatiga ruxsat berildi. Shuning uchun ham bu fikr mening uchun kulguli. Menimcha, Tojikiston hukumati bu saytlarga chek qo‘yish o‘rniga, chop etilmish maqolalarga o‘z vaqtida munosabat bildirib, ularning qay darajada haqiqat yoki yolg‘on ekanini dalillar bilan isbotlab berishi lozim edi. O‘zini demokratik deb e‘lon qilgan davlat uchun bu to‘g‘riroq yo‘l, - deya mulohaza bildirar ekan Iskandari Firuz Farg‘ona.ru, Sentraziya.ru va Avyesta saytlariga bir muddat to‘siq qo‘yilishidan maqsad mahalliy nashrlarni cho‘chitib qo‘yish bo‘lganini ta‘kidladi.
XS
SM
MD
LG