Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 06:33

Tojikiston bozorlarida qimmatchilik


Kelgusi oyda Tojikistonda oylik va nafaqalar 30 foizga oshiriladi, ammo bu qaror kuchga kirmay turib, bozorlarda narx 30 foizga oshdi.

Rasmiylar Tojikiston prezidentining yangi qarori aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilash maqsadida qabul qilinganini aytmoqda.

“Biroq prezident qarori va undan ko‘zlangan maqsad amalga oshmay turib, respublika bozorlarida oziq-ovqat, meva, poliz ekinlarining narxi osmonu falakka chiqdi”, deya shikoyat qildi dushanbelik Muborakxon aya.

-100 somoniy (20 AQSh dollari,- tahr.) pensiya olaman, u hech narsaga yetmaydi. Bozorlar qimmat. Go‘sht 27 somoniy ( 5,5 dollar - tahr.). Go‘sht yemaymiz. Biror maraka qilsak majbur olamiz. Bugun maraka qilaman, go‘shtga keldim, qimmat, - deydi nafaqaxo‘r Muborakxon aya.

Mustaqil kuzatuvchilar bozorlarda narxlarning oshishiga bir tomondan oyliklarning oshishi haqidagi qaror, boshqa tomondan esa Ramazon turtki bo‘lganini aytmoqda.

Kuzatuvchilarning aytishlaricha, odatda tujjorlar ko‘proq foyda ko‘rish uchun aynan Ramazon oyi va bayram kunlarida narxni sun‘iy ravishda oshirib yuboradi.

Ramazon arafasida Dushanbe shahar hokimi Mahmadsaid Ubaydulloyev bozorlardagi narxlar mas‘ullar tomonidan nazorat qilib turilishini va narxni sun‘iy oshirganlar esa ma‘muriy jazoga tortilishini aytgan edi.

“Biroq gap boshqa, amal boshqa”, deydi boshqa bir suhbatdoshimiz Nodira Ashurova

- Mevalar rosa qimmat, uzum, shaftoli, nok ikki yarim, uch somoniy bo‘lishi kerak. Biz 10 somoniy ( 2,5 dollar- tahr.) dan olayapmiz. Hammasi o‘zimizdan chiqadi, Xitoy yoki biror mamlakatdan olib kelinayotgani yo‘q. Ayni pishiqchilikda mevalarni arzon qilsin. Erim yo‘q, bitta o‘zim uch yetim katta qilayapman. Yashash, sharoit rosa qiyin, o‘ylab o‘yimga yetmayman, - deya zorlanadi Nodiraxon.

Dushanbe shahridagi Shohmansur bozori rastalarini aylanib, narxlarni kuzatar ekanmmiz, bozor Ramazon arafasidagiga nisbatan ancha qimmatlagani guvohi bo‘ldik.

O‘z navbatida bozordagi dehqonlar ham sotuvchilar ham narxlarning oshishiga mamlakatda dollar kursining oshganini sabab qilib ko‘rsatdi.

Bundan bir oy avval 1 AQSh dollari Tojikiston bozorlarida 4 somoniy 50 diramdan sotilayotgan edi. Bugun esa 1 AQSh dollarining narxi 4 somoniy 80 diramga tenglashdi.

Tojikiston un, yog‘, shakar kabi asosiy iste‘mol mahsulotlarini tashqaridan import qiladi.

- Unni, yog‘ni qimmat olamiz. O‘shanga qarab biz ham mahsulotimizni qimmat qilamiz, majburmiz. Chunki harajat qoplamay qoladi,- deydi dehqon ayol Oyshaxon.

Ko‘pchilik suhbatdoshlarimiz oziq ovqat mahsulotlari bilan bir qatorda kiyim - kechak, xususan maktab formalariga ham narx ancha sakraganini aytdilar.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, Tojikiston aholisining 75 foizi qashshoqlikda kun kechiradi.

“Bu yil kiyim kechak bozorlarida ham narxlarning ancha qimatlagani ortidan qo‘li kalta oilalar 1 sentabr kuni farzandlarini maktabga yubora olmasliklari mumkin”, deydi mustaqil kuzatuvchilar.

Mana bir necha yildirki Tojikiston hukumati mamlakatdagi qashshoqlik bilan kurashib keladi. Turli xil dasturlar qabul qilinadi, oyliklar, nafaqalar oshiriladi. Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 20 yil ichida Tojikistonda nafaqalar 75 marta oshirilgan.

Lekin shunga qaramay to‘yib ovqat yemayotgan besh yoshgacha bolalar orasida o‘lim holatlari shunday omon-omon zamonda ham qaydga olinayotgani kuzatiladi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mamlakatda korrupsiya, osha og‘ayingarchilik, davlat idoralaridagi mahalliychilikka barham berilmas ekan, bu yaqin kelajakda qashshoqlik darajasi pasamaydi.
XS
SM
MD
LG