Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 13:05

Tojikiston: xorijda diniy ta‘lim olganlarning ota-onasi qamaladi


Tojikistonda farzandlarini xorij madrasalarida o‘qitgan besh oila boshlig‘iga nisbatan jinoiy ish ochildi.

Xorijiy davlatlardagi madrasalarda tahsil olgan xatlonlik yoshlardan besh nafarining ota-onasiga nisbatan viloyat prokuraturasida jinoiy ish qo‘zg‘atilishi janubiy tojikistonliklar noroziligiga sabab bo‘ldi.

Farzandini chet-elga o‘qishga yuborgan va keyinchalik hukumat talabi bilan chaqirib olgan boshqa oilalar boshliqlarining ham shu kunlarda yurak hovuchlab yurgani kuzatiladi.

Shu o‘rinda eslatsak, o‘tgan yil avgust oyida Xatlon viloyatiga xizmat safari bilan borgan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon mamlakatdan tashqaridagi islomiy oliygohlarda ta‘lim olayotgan tojikistonlik talabalar ortga qaytarilishi zarurligini aytgan edi.

Tojik prezidenti o‘sha safarida xorijdagi islomiy madrasalarda tojikistonlik yoshlardan terrorchilar tayyorlanayotganini iddao qilgan edi.

Davlat rahbarining o‘sha aytganlaridan keyin mahalliy hokimiyatlar mas‘ullari rasmiy so‘rovnoma bilan tojikistonlik talabalarni xorijiy davlatlardan yurtiga qaytarishga kirishib ketdi.

Shu kungacha to‘plangan rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, taxminan 1900 nafar tojikistonlik fuqaro xorijdagi tahsilidan mosuvo bo‘lib ortga qaytarilgan. Ularning orasida taxminan 530 nafar xatlonlik yoshlar ham bor.

Avvalroq Tojikiston Ichki ishlar vazirligi va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita mas‘ullari xorijdan qaytayotgan talabalar va ularning oilalari xavfsizligi ta‘minlanishini va‘da qilgan edi.

Biroq shunday bo‘lsa-da, Afg‘oniston, Pokiston va Erondan qaytgan xatlonlik talabalardan besh nafarining ota-onasi jinoiy javobgarlikka tortildi.

Bu borada Xatlon viloyat prokurori yordamchisi Tolibjon Azimov Ozodlikka ma‘lum qildi.

- Biz tomondan ochilgan jinoiy ishlar o‘z farzandlarining mamlakatdagi umumiy ta‘lim maktablarida bilim olishlariga qasddan to‘sqinlik qilgan va ularni majburan xorijdagi madrasalarga yuborgan fuqarolarga tegishlidir. Bu bolalar o‘zi tug‘ilib o‘sgan yerda umumiy o‘rta ma‘lumot ham olmagan. Shuningdek, bu yoshlarning Afg‘oniston, Pokiston va Eronga safarlari ham noqonuniy tarzda amalga oshirilgani ma‘lum bo‘ldi, - deya bildirdi Xatlon viloyat prokuraturasi mas‘uli Tolibjon Azimov.

Shuni ham aytish lozimki, Tojikiston Ichki ishlar vaziri Abdurahim Qahhorov 11 aprel kuni Dushanbeda o‘tkazilgan bir tadbirda xorijdan qaytarilgan talabalar u yerda ta‘lim olish barobarida jihod va davlatga qarshi kurashga da‘vat etilganlariga iqror bo‘lganlarini ma‘lum qildi.
Qahhorovning bildirishicha, Tojikiston mustaqillikni qo‘lga kiritgandan keyingi o‘n yil badalida bu mamlakatda yuzdan ortiq terrorchilik amaliyotlari sodir qilingan.

Ichki ishlar vaziri tergov natijasida bu jinoyatlarni sodir etganlar Afg‘oniston va Pokistondagi maxsus lagerlarda harbiy ta‘lim olgani aniqlanganini ta‘kidladi.

Asnoda farzandi xorijdan qaytgan aksariyat ota -onalar, jumladan, xatlonliklar asl maqsadlari farzandlariga islomiy davlatlarda diniy bilim berish bo‘lganini aytadi.

Ulardan biri Boxtar tumanilik Murodil Qalandarov farzandi xorijda o‘qigani uchun ota-onalarni jinoiy javobgarlikka tortish xatodir, deya mulohaza bildiradi.

- Mamlakatdagi vaziyat bir oz yomonligi uchun biz davlat rahbari talabi bilan farzandlarimizni chet-eldan chaqirib oldik. Buning uchun hukumat bizga yordam tariqasida ozroq pul ham bergandi. Lekin bugun ota-onalarning ta‘qibga uchrayotgani bizni tashvishlantirayapti. Mayli, farzandlarimiz shu yerda o‘qishini davom ettiravyersin. Lekin ularning o‘sha yoqlarda o‘qigani uchun biz ta‘qib qilinmasligimiz kerak, - deya fikr bildiradi boxtarlik Qalandarov.

Mustaqil tahlilchi Mirzomuddin Ikromov kuch ishlatar tuzilmalar tomonidan farzandlari xorijda o‘qigan ota-onalarga nisbatan jinoyat ishlarining ochilishini qoralaydi.

- Agar farzandi xorij davlatlarda tahsil olgani uchun ota-onalarni jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo‘lsa, u holda respublika miqyosida bunga o‘xshash yuzlab ishlar ochilishi kerak.

Shuni ham aytish lozimki, prezident masalaning shunday hal qilinishi borasida topshiriq bergan emas. U faqat noqonuniy yo‘l bilan xorijga borib tahsil olayotgan yoshlar orqaga qaytarilishi haqida topshiriq bergandi xolos.

Fuqarolarni shu yo‘l bilan qo‘rqitib, bundan keyin boshqa ota-onalar ham farzandlarini xorij davlatlarga o‘qishga yuborishdan avval o‘ylab ish ko‘rishi lozimligidan ogohlantirish bilan muammo hal bo‘lmaydi. Hukumat mas‘ullari bunday ish tutish ortidan qosh qo‘yaman deb, ko‘z chiqarib qo‘yishlari turgan gap. Uning o‘rniga ortga qaytarilgan yoshlarning bilim olishlari uchun sharoit yaratish zarur, - deydi mustaqil tahlilchi Mirzomuddin Ikromov.
XS
SM
MD
LG