Линклар

Шошилинч хабар
19 апрел 2024, Тошкент вақти: 05:19

Tojikistonda besoqolbozlik atrofidagi bahslar avj olmoqda


Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi Tojikiston uchun yot sanalgan jinsiy ozchiliklar sobiq ittifoqning boshqa davlatlarida o‘z huquqlarini talab qilib, namoyishga chiqmoqda.
Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari kabi Tojikiston uchun yot sanalgan jinsiy ozchiliklar sobiq ittifoqning boshqa davlatlarida o‘z huquqlarini talab qilib, namoyishga chiqmoqda.
Tojik jamiyati uchun yopiq mavzu bo‘lib kelgan besoqolbozlik o‘tgan hafta davomida bu mamlakat ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilan asosiy mavzulardan biriga aylandi. Homoseksualizm mavzusining ochiqchasiga muhokama etilgani jamiyatda katta bahslarga sabab bo‘lmoqda.

Tojiklarga yot bo‘lgan odat?

Shu kungacha biror marta jamiyatda ochiq muhokama qilinmagan homoseksualizm yoki besoqolbozlik mavzusining ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilgani ko‘pchilikning g‘ashini keltirgani seziladi.

Bu mavzu dastlab juma kuni Dushanbe shahrida “Imkonoti barobar”, ya‘ni “Barobar imkoniyat” nomli nodavlat tashkiloti tashabbusi bilan o‘tkazilgan seminarda ochiq muhokama etilib jinsiy ozchiliklar huquqlari himoyalanishi lozimligi ta‘kidlandi.

So‘ngra bir qator mahalliy axborot vositalarining bosh sahifasidan o‘rin olgan besoqolbozlik mavzusi din ulamolari, mustaqil tahlilchilar hamda oddiy tojikistonliklar orasida keskin bahslarni keltirib chiqardi.

Ba‘zilar homoseksuallik tojiklar madaniyati uchun yot ekanini ta‘kidlab, bu mavzuning ommaviy axborot vositalarida ko‘tarilishiga qarshi chiqdi.

Boshqalar “kasalini yashirsang, istimasi oshkor qiladi”, qabilida jamiyatda mavjud bu muammoni to‘g‘ri tahlil qilish va unining oldini olish borasida bosh qotirishga chaqirmoqda.

Tojikistonda 50 mingga yaqin besoqolboz bo‘lishi mumkin

Sobiq ittifoq davrida hukumat homoseksuallikni ma‘naviy buzuq unsur sifatida jinoiy javobgarlikka tortgan. Mustaqillikni qo‘lga kiritgan Tojikiston hukumati esa 1998 yil jinoyat Kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlar jumladan jinsiy ozchilik vakillarini jinoiy javobgarlikka tortishni ko‘zda tutuvchi moddani bekor qilgan.

Aytish joiz O‘zbekiston Jinoyat kodeksida bunday modda saqlanib qolgan va jinsiy ozchilik vakillariga ozodlikdan mahrum qilishni ko‘zda tutuvchi jazo belgilanadi.

Garchi Tojikiston hukumati jinsiy ozchilik vakillarini jazodan ozod qilgan bo‘lsa-da, buning bilan jamiyatning ularga munosabati o‘zgarmadi. Shuning uchun bo‘lsa kerak jinsiy ozchilik vakillari o‘z shaxsini jamiyat uchun oshkor qilishdan tiyiladi. Ular odamlarning ta‘na-dashonmlariga uchrashdan ko‘proq qo‘rqadi, deydi kuzatuvchilar.

Tojikistonda jinsiy ozchiliklar jamoasi soniga oid aniq rasmiy ma‘lumotlar yo‘q.
Ammo 2008 yilda Tojikistonda tadqiqot o‘tkazgan xalqaro tashkilotlar ularning soni taxminan ellik mingga yaqin bo‘lishi mumkinligini aytadi.

Bolalikdan o‘rgangan odatni tark qila olmayman

Ulardan biri 31 yoshli dushanbelik Azizmuroddir (suhbatdoshimizning iltimosiga ko‘ra unga shartli ism qo‘ydik, tahr.):

- Bolaligimdan qizlar bilan qo‘g‘irchoq o‘ynardim. Tengdoshlarim koptok tepsa, men aksincha qizlar bilan qo‘g‘irchog‘imizga har xil narsalar tikardik. O‘z jinsimdagi kishilar bilan aloqaga kirishishni 11 yoshimda odat qildim. Avvaliga ko‘nikish qiyin bo‘ldi. Keyinchalik 14-15 yoshimda o‘rganib ketdim va hozirgacha bu odatimni tashlay olmayman.

Azizmurod besoqolboz bo‘lishiga qaramasdan, uylangani va bir necha farzandning otasi ekanini aytadi

Tojik jamiyati homoseksualizmni hazm qila olmaydi

Tojikistonda ko‘pchilik nazarida “ma‘naviy buzuq kishilar” sanalgan jinsiy ozchilik vakillari bugun mintaqaning ayrim davlatlarida besoqolbozlar huquqlari himoyalanayotgani kabi Tojikistonda ham o‘zlariga nisbatan yaxshiroq munosabatni talab qilmoqda. Ayni paytda, din ulamolari va ba‘zi mustaqil tahlilchilar bu guruh vakillari jamiyat uchun xavf tug‘dirishidan ogohlantirmoqda.

- Bu muammo Tojikistonga g‘arbdan kirib kelgan. Tojiklarning dushmani bu jirkanch unsurni jamiyatga yoymoqda. Menimcha besoqolbozlik bemorlik emas, bu kelajakda biz uchun salbiy oqibatlar keltirib chiqaradigan o‘ta xavfli narsadir. Menimcha, 1998 yil jinoyat Kodeksida bekor qilingan modda, ya‘ni ma‘naviy buzuq ikishilarni jazolashga oid band qaytadan tiklanishi zarurdir. Nega salafiylar, tablig‘chilar o‘n yilgacha qamaladiyu, bugun jamiyatimizni bulg‘ayotgan, yoshlar axloqini buzayotgan va nihoyat Islom qadriyatlariga qarshi qadam tashlayotgan shaxslarga jazo belgilanmas ekan?- deydi tahlilchi Tolibshoh Sayidzoda.

“Bu muammo bugun sodda ko‘rinsa-da, ertaga ba‘zi imkoniyatlar va imtiyozlarni qo‘lga kiritgan bu guruh vakillari g‘arb davlatlari boshiga kelgan qora kunni tojikistonliklar boshiga ham solishi ehtimoldan yiroqmas”, deya ta‘kidladi Sayidzoda.

Diniy masalalar bo‘yicha mustaqil tahlilchi Sa‘di Yusufiy ham bu fikrlarni quvvatlashini aytar ekan, besoqolbozik mavzusi jamiyatida ochiqchasiga muhokama etilishining oldi olinishi zarur, deb hisoblaydi.

“Imkonoti barobar” nodavlat tashkilot rahbari Kiromiddin Gulov esa Tojikiston o‘zini xalqaro hamjamiyatning to‘laqonli va dunyoviy demokratik a‘zosi deb bilar ekan, bu mamlakatda har bir fuqaroning, uning diniy yoik jinsiy qarashlaridan qat‘iy nazar, erkinliklari va huquqlari ta‘minlanishi zarur, deydi.

- To‘g‘ri, mamlakat aholisining 98 foizi musulmon. Lekin bu hali Tojikiston islomiy davlat ekanini anglatmaydi. Ya‘ni besoqolbozlar shaxsiy hayoti musulmon dunyosi uchun begona ekaniga oid fikrlar bahonasida ularning huquqlari toptalishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Chunki dunyoviy va demokratik deb tanilgan Tojikistonda har bir fuqaroning qaysi masalada bo‘lmasin erkinligi ta‘minlanishi shart,- deya mulohaza bildiradi nodavlat tashkilot rahbari Gulov.
XS
SM
MD
LG