Линклар

Tojikistonda faqat soqolsizlar futbol o'ynaydimi?


"Xayr" komandasi o‘yinchisi Parviz Tursunov soqolini futboldan ustun bilishini aytadi.

"Xayr" komandasi o‘yinchisi Parviz Tursunov soqolini futboldan ustun bilishini aytadi.

Tojikistondagi “Xayr” futbol komandasining soqolini qirtishlashdan bo‘yin tovlagan o‘yinchisi Parviz Tursunov komandadan chetlashtirildi.

Parviz Tursunov nafaqat mohirona o‘yini, balki soqoli bilan ham tojikistonlik futbol ishqibozlari orasida yaxshi tanilgan.

“Xayr” futbol komandasining respublika miqyosida obro‘sini ko‘targani e‘tirof qilinayotgan Parviz bu yilgi respublika futbol chempionati mavsumiy o‘yinlaridan chetlashtirildi.

Buning sababini Parviz Tursunov “soqoli muammosi” bilan izohlaydi.

- Men soqolimni futboldan ustun bilaman. Chunki bu payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom sunnatidir, - deydi Parviz Tursunov.

Ayni paytda “Xayr” futbol komandasi bosh murabbiysi Tohir Mo‘minov Parviz Tursunovga nisbatan o‘yinchi sifatida hech qanday da‘vosi yo‘qligini aytadi.

- Ammo uning Ichki ishlar vazirligi bilan muammosi bor. Avvalroq unga soqolini tartibga keltirish aytilgan edi. Men Parvizga mening komandam uchun yaxshi o‘yinchi sifatida kerak ekanini va hech qachon uni komandadan quvmasligimni aytdim. Ammo avval u soqoli bo‘yicha ayrim idoralar tomonidan berilgan og‘zaki buyruqni o‘sha idoralar bilan hal qilib olishi lozim. Agar ular ruxsat berishsa, kelsin - mana chempionatlarda qatnashavyersin, - dedi 19 aprel kuni kunning birinchi yarmida Ozodlikka intervyu bergan “Xayr” futbol komandasi bosh murabbiysi Tohir Mo‘minov.

Ayni paytda Tojikiston Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Mahmadullo Asadulloyev Parviz Tursunovning respublika futbol chempionatlarida ishtiroki o‘z idorasi tomonidan ta‘qiqlanganiga oid xabarlar asossizligini bildirdi.

- Hammaga ma‘lumki, fuqarolarning tashqi qiyofasi pasportidagi rasmiga mos bo‘lishi uchun respublika bo‘ylab qator chora-tadbirlar davom etayapti. Lekin “Xayr” futbol komandasi asosiy o‘yinchisi Parviz Tursunov soqoli uchun bizning idoramiz tomonidan mavsumiy o‘yinlardan chetlashtirilganiga oid xabarlar o‘z tasdig‘ini topsa, bu ishda qo‘li bor xodimlarimiz albatta qonun doirasida jazolanadi, - deya bildirdi Ichki ishlar vazirligi rasmiysi Asadulloyev.

Shu o‘rinda aytish lozimki, 19 aprel kuni tushdan keyin Ozodlikka qayta intervyu bergan “Xayr” futbol komandasi bosh murabbiysi Mo‘minov “Parviz Tursunov komanda ustavini qo‘pol tarzda buzganligi uchun” komandadan quvilganini ma‘lum qildi.

Bu, o‘z navbatida, ko‘pchilik futbol ishqibozlari noroziligiga sabab bo‘ldi.

- “Xayr” futbol komandasining ustuni hisoblangan Parviz Tursunovning avval o‘yinlardan, keyin esa o‘z komandasidan, boringki, futboldan chetlashtirilganidan xafamiz. Komanda bosh murabbiysining bu qarori biz - futbol muxlislarini o‘ta ranjitdi. Bu komandani Oliy ligaga olib chiqqan ham aslida Parvizdir. Lekin bugun uning bu xizmatlari e‘tiborga olinmadi, - deydi futbol ishqibozlaridan biri Xudoydod Karimov.

Parviz Tursunovning yana bir muxlisi Qosim Hikmatov dunyo davlatlaridagi ko‘plab futbol komandalarida soqolli futbolchilarni uchratish mumkinligini aytadi.

- Ulardan biri angliyalik mashhur futbol o‘yinchisi Devid Bekxemdir. Nima qipti soqol qo‘ysa - biror yomon joyi yo‘q buning. Qolavyersa, biz Amerika yoki Angliyada yashamaymiz. Aksincha, aksariyati musulmon bo‘lgan Tojikistonda yashaymiz. Menimcha, soqoli uchun futbolchini o‘yindan chetlatish va muxlislarni esa o‘z sevgan o‘yinchisidan mahrum qilish bu huquqlarimizning poymol qilinishidan boshqa narsa emas, - deydi futbolning ashaddiy ishqibozi Qosim Hikmatov.

Eslatib o‘tamiz, 2010 yilning kuzida Tojikiston sharqida hukumat kuchlarining jangarilarga qarshi maxsus amaliyotlari boshlab yuborilishi ortidan respublika bo‘ylab “soqollilarni ovlash kompaniyasi” boshlanib ketgandi.

Shu kungacha soqoli uchun huquq idoralarida so‘roq qilingan tojikistonlik erkaklar aniq soni ma‘lum emas. Ammo, kuzatuvchilarga ko‘ra, huquq idoralarida soatlab so‘roqqa tutilayotganlar orasida faqat dindorlargina emas, jurnalistlar, futbolchilar ham borligi Tojikistonning demokratik davlat ekanini savol ostiga qo‘yayotir.
XS
SM
MD
LG