Линклар

Шошилинч хабар
05 май 2024, Тошкент вақти: 01:39

Tojikistonda farzandlarini o‘ldirgan ayol ushlandi


Tursunzoda tumanida yashovchi Zarragul Sharipova balog‘at yoshiga yetmagan to‘rt farzandini bo‘g‘ib o‘ldirdi.

Hozirda Tursunzoda tuman ichki ishlar bo‘limining vaqtincha saqlash izolyatorida saqlanayotgan 32 yoshli ayolga nisbatan Tojikiston Jinoyat kodeksining ”qotillik” moddasi bo‘yicha jinoyat ishi ochilgan.

Rabot qishlog‘ida yashagan Zarragul o‘z jigarbandlarini birma-bir qatl qilar ekan, uning bu jinoyatidan dastlab eng yaqin kishisi - turmush o‘rtog‘i ham, mahalla-ko‘y ham xabar topmagan.

Shu yilning aprel va may oylari davomida yetti, olti va ikki yoshli hamda hali bir yoshga ham to‘lmagan farzandlarini ketma-ket bo‘g‘gan Zarragul Sharipovaning jinoyati to‘rtinchi bolasini tuman kasalxonasiga olib borgan kuni fosh etilgan.

Tursunzoda tuman Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi Ruslan Shoyev bu haqda mana shularni ma‘lum qildi.

- Zarragul Sharipova jinoyat izlarini yashirish maqsadida jon talvasasida bo‘lgan bolasini tuman kasalxonasiga olib borgan. Shifokorlardan to‘satdan betob bo‘lib qolgan bolasini qutqarishni iltimos qilgan. Biroq, afsuski, bola o‘sha kasalxonada shifokorlar qo‘lida jon taslim qilgan. Bolani ko‘zdan kechirgan shifokorlar uning badanida zo‘ravonlik izlari bor, degan xulosa chiqargan, - deydi Ruslan Shoyev.

Tursunzoda tuman Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari Zarragulning uch farzandi ham onasi tomondan o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin, degan taxmind bilan marhum bolalar go‘rini ochishgan.

- Tibbiy tashxis natijalari bu taxminimizni to‘g‘riligini isbotladi, - deya bildirdi Ichki ishlar boshqarmasi rasmiysi Shoyev janoblari.

Ayni paytda Zarragul Sharipova Tojikiston Jinoyat kodeksining “qotillik” moddasi bo‘yicha ayblanmoqda.

- Zarragulni o‘zim shaxsan so‘roq qildim va nega bunday qilganini so‘radim. U ba‘zan o‘zida qandaydir tushuntirib bo‘lmas holat bo‘lib, farzandlari ko‘ziga yomon ko‘rinishi va natijada bolani o‘ldirmaguncha uni qo‘yib yubormasligini aytdi. Zarragul Sharipova ning ruhan nosog‘lomligi respublika ruhiy kasallar shifoxonasida qaydga olinmagan, - der ekan Ruslan Shoyev, shunga qaramay, keyingi haftada Zarragul Shoyevaning ruhiy holati tashxis qilinishini ma‘lum qildi.

Garchi tursunzodalik militsionerlar Zarragul bilan bog‘liq voqeani istisnoli holat deya baholashsa-da, ruhshunoslar o‘tgan yigirma davomida Tojikistondagi iqtisodiy ahvol xususan kam ta‘minlangan oilalar a‘zolari ruhiy holatiga ta‘sir qilganidan bahs etmoqdalar.

O‘zbekistonning Surxondaryo viloyatiga tutash Tursunzoda tumanining Rabot qishlog‘ida yashagan Zarragul Sharipovaning to‘rt nafar farzandi va turmush o‘rtog‘i juda nochor yashagan. Ma‘lum bo‘lishicha, ular oila boshlig‘ining arava tortib topgan daromadi evaziga kun kechirishgan.

Zarragul bolalarining otasini haftada bir marta ko‘rgan. Chunki eri tuman markazidagi bozorlarida arava sudrab, o‘sha yerdagi do‘konlarda tunab qolgan. Uyga qatnash uchun esa uning sharoiti bo‘lmagan.

Ruhshunos Bobojon Qayumzod mulohazasicha, bu nochorlik tabiiy ravishda bora-bora odam ruhiy holatiga salbiy ta‘sir etadi.

- Shu ruhiy xastalik asoratlari ayolda avvalroq bo‘lgan. Masalan, oiladagi zo‘rovonlik, ijtimoiy tengsizlik va hakazolar tufayli. Bugun esa oiladagi nochorlikning oxirgi nuqtasiga yetib borgani ayoldagi ruhiy xastalikni oliy darajaga, chidab bo‘lmas holatga yetkazgan, deb o‘ylayman. Nihoyat, ayol shu yo‘l bilan muammoni hal qilishga qaror qilgan bo‘lishi mumkin, deya mulohaza bildiradi ruhshunos Bobojon Qayumzod.

Shu o‘rinda aytish lozimki, tojikistonliklarning teng yarmidan ko‘prog‘i Rossiya va Qozog‘iston kabi mamlakatlarda mehnat muhojirligidan topilgan pul evaziga tirikchilik qiladi.

Norasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, hozirgi paytda 1,5 million chog‘li tojikistonlik erkagu ayol xorijda ishlab yuribdi.

Ko‘p hollarda muhojir erining yurt tashqarisida vafot etishi yo bo‘lmasa boshqa oila qurib, oilasini unutishi ortidan oilani boqish ayol zimmasiga tushadi.

“Ba‘zi holatlarda ayollar ana shunday og‘ir vazifani bajarishga ojizlik qiladi. Bu esa ularning ruhiy holatiga bevosita ta‘sir qiladi”, deydi soha mutaxasislari.

Tojikiston Xotin-qizlar bilan ishlash qo‘mitasi mas‘uli Saodat Mo‘minovaning Ozodlikka ma‘lum qilishicha, ortda qolayotgan haftada yana bir ayol ruhiy holatidan shikoyat qilib, mazkur qo‘mitadan qizchasini bolalar uyiga joylashtirishda amaliy yordam so‘ragan.

- U asabiylashganida qizchasini to‘g‘ri kelgan narsa bilan kaltaklashini, hatto biror kishi ajratib olmasa, uni o‘ldirib qo‘yishi mumkinligini aytdi. Biz uning roziligi bilan qizaloqni bolalar uyiga joylashtirish uchun hujjatlarini yig‘ayapmiz, - deydi xotin-qizlar bilan ishlash idorasi mas‘uli Mo‘minova xonim.

Shu o‘rinda aytib o‘tsak, 32 yoshli Zarragul Sharipova farzandlarini o‘ldirgan ilk tojikistonlik ayol emas. Avval ham bolasini suvga oqizgan, tomorqasiga tiriklayin ko‘mgan onalar haqida mahalliy ro‘znomalarda yozilgan.

Zarragulning boshqa tojikistonlik ayollar jinoyatidan farqi - uning bir emas, birdaniga to‘rt farzandi joniga qasd qilganidadir.

Jamiyatshunoslar tahlillariga ko‘ra, so‘nggi ikki yil davomida ijtimoiy portlash holatiga kelib qolgan tojik jamiyatida ayollar orasida bunday jinoyatlar ko‘paygan.
XS
SM
MD
LG