Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:31

Tojikistonda To‘rajonzoda sayti blokirovka qilinmoqda


Tahlilchilar Tojikistonda turajon.com saytiga to‘siq qo‘yilishini sobiq muftiy Hoji Akbar To‘rajonzodaning jamiyatda obro‘si oshib ketayotgani bilan bog‘lamoqdalar.
Tahlilchilar Tojikistonda turajon.com saytiga to‘siq qo‘yilishini sobiq muftiy Hoji Akbar To‘rajonzodaning jamiyatda obro‘si oshib ketayotgani bilan bog‘lamoqdalar.
Tojikistonda bir million mushtariyga ega bo‘lgan turajon.com sayti to‘sib qo‘yildi.

Mazkur saytning Tojikiston sobiq muftiysi Akbar To‘rajonzoda oilasiga tegishli ekani aytiladi.

Ma‘lum bo‘lishicha, Tojikiston hukumati qoshidagi Transport va aloqa vazirligi mamlakatdagi 12 ta internet provayderiga yo‘llagan rasmiy maktubida “Ayrim texnik tadbirlar bois turajon.com saytini vaqtinchalik yopib qo‘yish”ni tavsiya qilgan. Biroq mazkur saytning blokirovka muddati maktubda ko‘rsatilmagan.

Akbar To‘rajonzodaning aytishicha, ayrim provayderlar 20 maydan va ayrimlari esa 24 maydan e‘tiboran Transport va aloqa vazirligining rasmiy topshirig‘ini bajarishga kirishgan.

Endilikda turajon.com mushtariylari saytga kirish yoki uni ochish uchun proksi-servyerlardan foydalanish ham ish bermayotganidan shikoyat qilmoqdalar.

“Hukumat haq gapdan qo‘rqadi”

Tojikiston hukumati qoshidagi Transport va aloqa vazirligi mas‘ullari mavzuga oid har qanday izohdan tiyilishini bildirdilar.

Ayni paytda Akbar To‘rajonzoda hukumatning so‘nggi qarori Tojikiston asosiy qonunlariga xilof ravishda qabul qilinganini aytadi.

- Bu Konstitutsiyamizga zid hatti-harakatdir. Bizning saytimiz siyosiy bo‘lmagan, ma‘rifat va islomiy bir saytdir. Garchi qonun bizga erkinlik bergan bo‘lsa-da, afsuski, iqtidordagi hukumat istagan vaqt Asosiy qonun - Konstitutsiyamizni oyoqosti qilavyeradi. Saytlarni yopib qo‘yishlari ularning zaifligidan darakdir. Hukumat haq so‘zdan qo‘rqadi, - deydi Tojikiston sobiq muftiysi, muxolifatning sobiq liderlaridan biri Akbar To‘rajonzoda.

turajon.com saytining yopilishi ortida kim turibdi?

Aka-uka To‘rajonzodalarga tegishli turajon.com sayti o‘tgan yil boshlaridan faoliyat ko‘rsata boshlagan. Sayt mas‘ullari ma‘lumotlariga ko‘ra, undan taxminan bir yarim million kishi foydalanib kelgan.

Mazkur saytda Tojikistondagi taniqli ruhoniylarning sayt mushtariylari bilan savol-javoblari, Akbar To‘rajonzoda qalamiga mansub diniy adabiyotlar hamda din ulamolarining juma kungi ma‘vizalari joylashtirilgan.

turajon.com saytining blokirovka qilinishi Akbar To‘rajonzodaning “Ayolning Islomdagi o‘rni” nomli kitobi yorug‘ ko‘rgan bir vaqtga to‘g‘ri keldi. O‘tgan haftada ana shu kitobni chop qilgan nashriyot mas‘ullari ham Tojikiston Madaniyat vazirligi bosimiga uchragani ma‘lum qilingan edi.

Tojikistonda saytlarga to‘siq qo‘yilishi ilk bor kuzatilayotgani yo‘q.

O‘tgan yil kuzida Tojikiston sharqida sodir bo‘lgan qonli fojealar ortidan tojnews, avesta, centrasia.ru va fergana.ru kabi qator saytlar yopib qo‘yilgan edi.

O‘shanda ham tojik rasmiylari ayrim texnik sabablar tufayli bu saytlarga kirish imkonsiz bo‘layotganini aytgandi.

Biroq Rasht mintaqasida hukumat kuchlarining maxsus amaliyotlari poyonida Tojikiston Aloqa vaziri Olim Boboyev saytlar xavfsizlik nuqtai nazaridan to‘sib qo‘yilganini e‘tirof etgandi.

Tojikistondagi Media-alyans tashkiloti rahbari Xurshed Atoulloyev mamlakatdagi Internet-provayderlar mas‘ullarini o‘z vazifasiga sovuqqonlik bilan yondashayotganlikda ayblaydi.

- Shirkatlar o‘sha texnik muammolarni o‘z mushtariylariga izohlab berishi lozim. Texnik tadbirlar qachon boshlanib, qachon nihoyasiga yetkazilishi haqida ham ma‘lumot berib borishlari shart. Chunki bu shirkatlar mushtariylaridan a‘zolik haqqi oladi va bu vazifalarni bajarish ularning zimmasida. Lekin ko‘p hollarda bunday qilishning o‘rniga vaqtinchalik yopib qo‘yilgan saytlar faoliyati qayta tiklanmaydi, - deydi Xurshed Atoullo.

Asosiy nishon kim?

Mustaqil tahlilchilarga ko‘ra, turajon.com saytining to‘sib qo‘yilishiga texnik muammolar sabab bo‘layotgani bir bahona, xolos.

Hukumatni tashvishga solayotgan narsa, tahlilchilar mulohazasicha, turajon.com sayti va u orqali Akbar To‘rajonzodaning tojik jamiyatidagi e‘tibori tobora oshib ketayotganidir.

Tojikiston hukumatining ashaddiy muxolifi, taniqli ruhoniy Akbar To‘rajonzoda so‘nggi yigirma yil mobaynida tojik matbuoti orqali hukumat tanqidiga, tahqiriga va bosimlariga uchragan yagona muxolifat lideridir.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, so‘nggi ikki oy davomida hukumatning To‘rajonzodaga bosimi ancha kuchaygan.

Shu o‘rinda aytib o‘tsak, Akbar To‘rajonzoda o‘tgan asrning 90-yillari boshida Tojikiston muftiysi vazifasida faoliyat qilgan.

U Tojikistondagi fuqarolik urushi yillarida (1992 va 1997 yillar - tahr.) Birlashgan tojik muxolifati rahbarlaridan biri bo‘lgan. Shuningdek, To‘rajonzoda tojiklararo kelishuv muzokaralarida asosiy figura edi.

Tojikistonda tinchlik bitimi imzolanganidan so‘ng u bir necha yil Tojikiston Bosh vaziri muovini lavozimida ishladi.

O‘tgan vaqt mobaynida Akbar To‘rajonzoda besh yil deputatlik ham qilgan.

90-yillar o‘rtalarida, ya‘ni fuqarolik urushi yillari Tojikiston Islom uyg‘onish partiyasining faol rahbarlaridan bo‘lgan Akbar To‘rajonzoda 1999 yili partiyaning sobiq raisi Said Abdulloh Nuriy bilan ixtiloflardan so‘ng ular safini tark etdi.

Yillar o‘tib Akbar To‘rajonzoda din olimi va ruhoniy sifatida xalqqa yaqinlashayotgani va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘layotgani, tahlilchilar mulohazasicha, iqtidordagi hukumatni tashvishga solib qo‘ymoqda.

Asnoda Akbar To‘rajonzodaning o‘zi boshqa hech qachon katta siyosatga qaytmasligini ta‘kidlab keladi.
XS
SM
MD
LG