Линклар

logo-print
Mamlakatda nazorat kuchaygani tufayli tojikistonliklar amerikalik pastor hatti-harakatiga ochiq norozilik bildirolmayaptilar.

Tojikiston aholisining 98 foizini musulmonlar tashkil qiladi. Shunday bo‘lsa-da, AQShda Qur‘on nusxasining yoqilishiga oid voqeaga tojikistonlik musulmonlar Afg‘onistondagi singari keskin munosabat bildirmayotir.

Lekin bu, dushanbelik Xorkash Sangov fikricha, tojikistonlik musulmonlarning muqaddas kitobimiz taqdiriga befarqligi nishonasi emas.

- Bo‘lib o‘tgan voqeadan hammamiz xafamiz. Alhamdulilloh, biz musulmonmiz. Bu ishi bilan amerikalik ruhoniy g‘azabimizni qo‘zg‘atdi. Lekin biz boshqa musulmon davlatlardagi singari o‘z noroziligimizni ochiqchasiga aytaolmaymiz, chunki bizning diniy erkinligimiz cheklangan. Diniy masalalarda norozilikka chiqqan har qanday kishi so‘zsiz tergov qilinadi, - deydi Xorkash Sangov.

Suhbatdoshimiz o‘z so‘zlarini so‘nggi yillarda respublika bo‘ylab masjidlarning yopib tashlanayotgani, soqoli va hijobi uchun fuqarolar mahkamaga tortilayotgani bilan asoslaydi.

Rudakiy tumanida yashovchi Faxriddin ota esa Qur‘onning yoqilishi bilan bog‘liq hodisa butun Markaziy Osiyo, jumladan, Tojikistonda jim kuzatilayotganini mintaqada Islomning zaiflashgani belgisi, deb biladi.

- Ana afg‘onlar miting o‘tkazdi. Tojikistonda ham, O‘zbekistonda ham, boshqa mamlakatlarda ham Islom zaiflashgan ekanki, odamlar jim o‘tirishibdi, - deydi Faxriddin ota.

Qo‘rg‘ontepalik Mastona opa Afg‘onistondagi namoyishlarni televizordan kuzatib turganini aytadi. Afg‘onistonda nohaq qon to‘kilishlarga turtki bo‘lgan bu voqea, Mastona opaga ko‘ra, ikki din vakillari o‘rtasida nizo qo‘zg‘ash uchun uyushtirilgan bo‘lishi mumkin.

- Shuni nazarga olgan holda, men maydonga borib, bu ishni bunday hal qilish noto‘g‘ri, deb bilaman. Qur‘onda: “boringlar, miting qilinglar, o‘ldiringlar”, deb yozilmagan-ku, to‘g‘rimi? Qur‘on o‘qigan inson aqlli, idrokli bo‘ladi, - der ekan Mastonaxon o‘z yurtdoshlarini fitnalarga uchmaslikka chaqirishini aytadi.

Ayni paytda Tojikiston hukumati ham Qur‘onning yoqilishiga rasmiy munosabat bildirmadi.

Biroq kecha mamlakatdagi siyosiy partiyalar orasidan Tojikiston xalq demokratik partiyasi bayonot tarqatib, amerikalik ruhoniy qilmishini qoraladi.

“Bu sharmandali voqea ortida ma‘lum doiralar turganiga shubha yo‘q. Ular millionlab odamlarning diniy hissiyotiga tegib, musulmonlar va boshqa din vakillari orasidagi munosabatlarning mustahkamlanishiga qarshi jon-jahdi bilan urinmoqda”, deyiladi hukmron partiya rasmiy bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil sentabrida amerikalik nasroniy ruhoniy Terri Jouns 11 sentabrning to‘qqiz yilligi munosabati bilan Qur‘onni yoqish yoqishni rejalashtirgan edi. Ko‘p o‘tmay u vaqtincha bu niyatidan qaytganini bildirgandi. Biroq shu yilning mart oyi o‘rtalarida amerikalik pastor oz sonli tarafdorlari qarshisida bu rejasini amalga oshirdi. Bu ishidan ham qoniqmagan Terri Jouns 22 aprel kuni Michigandagi yirik masjid qarshisida katta aksiya o‘tkazishni rejalagan.
XS
SM
MD
LG