Линклар

Toliblar Qozog‘istonni ogohlantirdi


Qozog‘istonning Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilish niyatlari Tolibonni g‘azablantirdi.

Qozog‘istonning Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiyaga qo‘shilish niyatlari Tolibonni g‘azablantirdi.

Tolibon harakati Qozog‘istonning Afg‘onistonga harbiy kontingent jo‘natish qarorini qoraladi. Tahlilchilar bu qarorning Qozog‘istonda terror tahdidini kuchaytirishi mumkinligini ehtimolidan ogohlantirmoqda.

Tolibon harakati 21 may kuni e‘lon qilgan bayonotida Qozog‘istonni Afg‘onistondagi urushda ishtirok etmaslikdan ogohlantirdi. Bu haqda Reyters axborot agentligi xabar qildi.

Toliblarning bunday bayonot e‘lon qilishiga 18 may kuni Qozog‘iston parlamentining quyi palatasi Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiyada Qozog‘istonning ishtirok etishiga oid NATO bilan imzolangan shartnomani ratifikatsiya qilgani sabab bo‘ldi.

Mazkur kelishuv qonun kuchiga kirishi uchun endi uni Senat tasdiqlashi va undan keyin prezident Nursulton Nazarboyev imzolashi kerak.

"Qozog‘iston hukumati o‘z xalqi umidlarini ro‘yobga chiqarish va mintaqa manfaatlariga xizmat qilish o‘rniga Amerika manfaatlarini himoya qilishga e‘tibor qaratmoqda", deyiladi Tolibon harakati bayonotida.

Ayni paytda, bayonotda Qozog‘iston hukumatining “noto‘g‘ri qarori” Afg‘oniston va Qozog‘iston munosabatlariga uzoq muddatda salbiy ta‘sir etishi ta‘kidlangan.

Dushanba kuni Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Asqar Abdurahmonov “Novosti-Kazaxstana” agentligiga Afg‘onistonda xavfsizlikni ta‘minlash va mamlakatni qayta tiklash yo‘lidagi xalqaro hamjamiyat urinishlariga yordam berish maqsadida Qozog‘istonning to‘rt nafar zobiti Afg‘onistonga jo‘natilishi rejalganini ma‘lum qildi.

Abdurahmonov hozirda Afg‘onistondagi xalqaro koalitsiya 47 davlatdan iborat ekani va ulardan 19 tasi NATOga a‘zo bo‘lmagan, oltitasi Islom konferensiyasi tashkilotiga a‘zo davlatlar ekanini qo‘shimcha qildi.

Tahlilchilar Qozog‘iston Afg‘onistonga o‘z harbiylarini jo‘natishni rejalayotgani mamlakatda terrorchilik xurujlari sodir etilishi ehtimolini kuchaytirishi mumkin, degan fikrda.

“Tahdidlarni baholash guruhi” direktori, siyosatshunos Do‘sum Satpayev Ozodlik bilan suhbatda Tolibon harakatining bayonotiga jiddiy qarash kerak, deya ta‘kidladi.

- Qozog‘istonning Afg‘onistonda AQSh va NATOga harbiy hamkor bo‘lishga hozirlanayotgani, albatta, respublikada terrorchilik tahdidini kuchaytiradi. Gap Qozog‘iston hududida terrorchilik xurujlarini aynan Tolibon harakati amalga oshirishi to‘g‘risida borayotgani yo‘q. Chunki Markaziy Osiyoda Al-Qoida va Tolibon harakati bilan bevosita yoki bilvosita aloqasi bo‘lgan boshqa terrorchi guruhlar ham bor,- deydi Do‘sum Satpayev.

Sulton Akimbekov Qozog‘iston prezidenti jamg‘armasi huzuridagi Jahon iqtisodiyoti va siyosati instituti direktori. Akimbekov Tolibon harakatining bayonoti Qozog‘istonda terror tahdidi kuchayishi mumkinligidan dalolat degan fikrga qo‘shilmaydi.

- Bu Qozog‘iston fuqarolari ko‘ngliga g‘ulg‘ula solish maqsadida qilingan siyosiy bayonot. Men bu bayonot e‘tibor berishga arzimaydi demoqchi emasman. Ayni paytda unga katta e‘tibor ham berish kerak emas. Koalitsiya a‘zosi bo‘ladimi yoki yo‘q, turli terrorchilik amaliyotlari tahdidi hamma davlat uchun har doim mavjud bo‘lgan. Bu qator muammolar bilan bog‘liq,- deydi Sulton Akimbekov.

Ayni paytda, ham Do‘sim Satpayev, ham Sulton Akimbekov ekstremistik tashkilotlarning Qozog‘iston sha‘niga bu kabi tahdidlar avval ham yangraganini qo‘shimcha qildi.
XS
SM
MD
LG