Линклар

To‘rtko‘llik ayol norozilik sifatida o‘ziga o‘t qo‘ydi


Xotini o‘ziga o‘t qo‘yganidan keyin maktabni garovga olgan to‘rtko‘llik hibsga olinganini ichki ishlar xodimi tasdiqladi.

Xotini o‘ziga o‘t qo‘yganidan keyin maktabni garovga olgan to‘rtko‘llik hibsga olinganini ichki ishlar xodimi tasdiqladi.

O‘tgan hafta Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l shahar hokimiyati binosi oldida to‘rtko‘llik bir ayol maoshini vaqtida ololmayotganiga norozilik o‘laroq, o‘ziga o‘t qo‘yib halok bo‘ldi. Marhumaning Rossiyada ishlayotgan eri voqeadan xabar topgach, qaytib keldi va xotini ishlagan maktabning bo‘lim mudirini ov miltig‘idan otib, yarador qildi.

Voqeaga guvoh bo‘lgan to‘rtko‘lliklardan birining Ozodlikka aytishicha, To‘rtko‘ldagi maktablardan birida farrosh bo‘lib ishlagan ayol oylik maoshlari plastik kartochkaga o‘tkazilganidan shikoyat qilib va uy qurgani yer so‘rab, To‘rtko‘l tuman xokimligiga borgan.

Voqea guvohining aytishicha, hokim tomonidan quvib-solingan ayol ko‘chaga chiqib, o‘ziga o‘t qo‘ygan.

- Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l rayonida bitta xotin hokimiyatga borgan yer uchastkasi so‘rab. Hokim unga “Mening ënimga senga o‘xshagan mingtasi keladi. Tug‘dirgan joy sotib olib bersin senga”, deb uni haydab yuborgan. “Unda men o‘zimni o‘zim ëqib yuboraman. Maktabda ishlayman men. Ish haqimni plastikka o‘tkazdi. Cho‘ntagimda pulim yo‘q”, degan. Hokim “Bor arzingni kimga aytsang ayt”, degan. “Siz hokimsizku. Men sizga aytib turibman”, desa, “Bor toshingni ter”, degan hokim. “Unda o‘zimni o‘zim ëqib yuboraman”, degan haligi aël. Shunday qilib haligi aël ko‘chaga chiqib ustiga bir litr benzin quyib o‘zini o‘zi ëqib yuborgan,- deydi voqea guvohi.

To‘rtko‘l tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimi bu voqea sodir bo‘lganini tasdiqladi.

- Ayol o‘ziga o‘t qo‘ygan, biroq sabablari hozircha ma‘lum emas. Surishturuv davomida o‘rganayapmiz. Bu ayol voqea joyida o‘ldi,- dedi To‘rtko‘ll IIB xodimi.

O‘ziga o‘t qo‘yib o‘lgan ayolning ismi-sharifi Ozodlikka hozircha ma‘lum emas.

To‘rtko‘ldagi manbaga ko‘ra, marhumaning Rossiyada mardikorlik qilayotgan eri voqeadan xabar topgach, To‘rtko‘lga qaytib kelgan va xotini ishlayotgan maktabga borib, ilmiy bo‘lim mudiri va 20 nafar o‘quvchini garovga olgan.

Faxriddin Qutliyev o‘zi bilan olib kelgan ov miltig‘idan “maktabning ilmiy bo‘lim mudiri va o‘zining singlisini otib yarador qildi”, deya gapirib berdi voqea guvohi.

- Eri Rossiyada bo‘lgan. Eri kelib maktabdagi zavuchni garovga olib, zavuchni miltiq bilan otgan. Uni to‘xtatib qolishga harakat qilgan o‘zining singlisini ham otgan miltiq bilan. Keyin Toshkentdan OMONlar kelib oëg‘idan otib ushlab olib ketgan. 300tami 400tami militsiya kelib odamlarni chiqarmay shunday maktabni bosib olib, sakkiz soat deganda uni ushlab olganlar. Ikkinchi etajdan miltiq chiqarib “yaqinlashsanglar otaman”, deb miltiqdan besh-olti marta o‘q uzgan. U kishini singlisi “Men to‘xtataman”, deb maktabining darvozasidan kirib borishda “qayt izingga”, degan. U qaytmagan. Uni ham qaytmagandan keyin yelkasidan otgan,- deydi ushbu voqeaga guvoh bo‘lgan to‘rtko‘llik suhbatdoshimiz.

To‘rtko‘l tuman IIBdan olingan ma‘lumotga ko‘ra, marhumaning eri va garovgir Faxriddin Qutliyevga nisbatan O‘zbekiston jinoyat kodeksining 97-moddasi ya‘ni “Qasddan odam o‘ldirish” bo‘yicha jinoiy ish ochilgan.

- Faxriddin Qutliyev hozir hibsda, u maktab bo‘lim mudirini ov miltig‘idan otib, yarador qilgan. Bo‘lim mudirining hozir ahvoli yaxshi. Faxriddin Qutliyevga nisbatan 97-modda bo‘yicha ish olib borilayapti,- dedi To‘rtko‘l tuman IIB xodimi.

Ozodlik voyeqa tafsilotlarini o‘rganishda davom etadi.
XS
SM
MD
LG