Линклар

Toshkent Geologiya muzeyi buzilmoqda


Muzey buzilib, nodir eksponatlar vazirlik binosidan ajratilgan xonaga ko‘chirilmoqda. Surat Uznews.net saytidan olindi.

Muzey buzilib, nodir eksponatlar vazirlik binosidan ajratilgan xonaga ko‘chirilmoqda. Surat Uznews.net saytidan olindi.

Toshkentdagi Geologiya muzeyi binosi buzilmoqda. Ustyurtdan topilgan dinozavr qoldiqlari va kattaligi jihatdan dunyodagi ikita noyob agat toshidan biri saqlanayotgan muzey eksponatlari zudlik bilan Geologiya vazirligi binosiga ko‘chirilmoqda.

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining muzeylar bo‘yicha mutasaddisi Dilzoda Alimqulova muzey binosi buzilayotganidan xabarsiz ekanini aytdi.

Alimqulovaga ko‘ra, muzey O‘zbekiston geologiya vazirligiga qarashli ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladigan maskan.

- Men eshitmadim lekin u gapni. U bizlarga qaramaydiku. Geologiya qo‘mitasiga qaraydiku. Kak raz ob‘ektlarni buzishayaptiku o‘sha yerda. O‘shanga tushgandir bu ham. Lekin xabarim yo‘q to‘g‘risini aytsam,- deydi Dilzoda Alimqulova.

O‘zbekiston Geologiya vazirligining ismini aytishni istamagan mulozimi, muzey binosini buzish qarori vazirlikdan baland turadigan idoralar tarafidan qabul qilingan.

Mulozimga ko‘ra, ayni paytda muzeyga oid noyob eksponatlar shoshilinch tarzda ko‘chirilmoqda.

- Ko‘chayapti. Xona berishgan, zdaniye berishgan. Nima qilishadi endi? Endi bu tepadan kelgan buyruq, bizlar bilmadik. Bizlar buyruqni bajarayapmiz. O‘z holimizcha buzmayapmiz. Bular o‘z holicha ko‘chmayapti. Shu kerak bo‘lganda, shuning uchun buzishayapti. Mana hamma narsani tashishayapti. U yerdagi zdaniyega olib kirishadi sekin-sekin. O‘zimizda qilishar endi shuni. Yangi zdaniyega joylashtirishadida bir nima qilib,- deydi O‘zbekiston Geologiya vazirligining shaxsi sir qolishini istagan xodimi.

Bu muzey binosida tadqiqotlar olib borgan geologiya va mineralogiya fanlari nomzodi, olima Mo‘‘tabar Ahmedova nazarida millat ilm-fani rivojida bu maskanning o‘rni ulkan bo‘lgan.

Bu muzeyda Ustyurtdan topilgan noyob dinozavr qoldiqlari saqlanar edi.
- Muzeyda juda ko‘p eksponatlar bor. Ayniqsa, 1964 yilda bizlarning Ustyurt bo‘yicha ishlaydigan guruh dala ishiga borganda Orol bo‘yidan dinozavrning qoldiqlarini topishgan. Suyak qoldiqlarini. Ana shuni bizlar deyarli yarim yil o‘tirib, tozalab, guruhda kimlar bo‘lsa, o‘tirib tozalab shuning hammasi simlar bilan tikib chiqilgan. Shunaqa eksponatlar juda ko‘p. Undan tashqari muzeyda ilmiy tadqiqot ishlari olib boriladigan joy ham hisoblanadi. Afsuski, buni endi buzadigan bo‘lsa, bilmadim. Bu o‘ta ketgan vahshiylik. Navoiy nomidagi kutubxona buzilganday gap. Bu yerda juda ko‘p eksponatlar bor. Muzey aynan shu eksponatlarni saqlash sharoitiga ega. Geologiyaning rivojlanishiga juda katta ahamiyati borku. Faqat muzey sifatida odamlar kirib tomosha qilish emas bu yer ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladigan muassasa, deydi Mo‘‘tabar Ahmedova.

Muzey o‘rnida archazor tashkil qilinishi yoki Xitoy shirkatiga oid do‘kon qurilish ehtimoli ilgari surilmoqda.

Geolog olima Mo‘‘tabar Ahmedova archazor, bog‘ yaratish yaxshi, ammo bu ilm-fan maskanlari buzilishi hisobidan bo‘lmasligi kerak, degan fikrda.

O‘zbekistonda Geologiya muzeyi 1930 yilda tashkil qilingan bo‘lib, ayni paytda buzilayotgan bino 1979 yilda o‘sha paytdagi davlat rahbari Sharof Rashidov tashabbusi bilan qurila boshlagan va 1988 yilda ishga tushgan. Muzeyda dunyoning boshqa muzeylarida yo‘q ma‘danlar xususan O‘zbekiston tog‘laridan topilgan tabiiy zyussit minerali saqlanmoqda.
XS
SM
MD
LG