Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 22:02

Toshkentda daraxtlarga yana arra tortildi


Toshkentning "Paxtakor" metrosi va o‘yingohi atrofidagi o‘rmon deyishga arzirlik daraxtzor chopilib, yalanglikka aylantirildi.

5 iyun kuni jahon bo‘ylab atrof-muhitni muxofazalash kuni nishonlanayotgan bir paytda Toshkent markazidagi yana bir daraxtzor arra tortilib, tekislandi.

“Paxtakor metrosi va o‘yingohi orasidagi bir kvartalga teng ulkan yashil hudud uch kun ichida yalanglikka aylantirildi. O‘rmon o‘rnida to‘nkalar qoldi”, deb yozdi toshkentlik atrof-muhit himoyachisi, ekologiya mavzusida maqola yozadigan jurnalist Nataliya Shulepina o‘zining “Sreda.uz” blogida.

Aytilishicha, daraxtzor o‘rnida mini-futbol maydonchasi barpo etiladi.

Lekin, Toshkent shahar hokimiyati rasmiylaridan daraxtzor kesilishi sabablari borasida rasmiy izoh bo‘lmadi.

Ko‘pchilik poytaxtliklar daraxtlar kesilishidan norozi, lekin bu haqda ulardan so‘rab ham o‘tirilmaydi va ular fikri e‘tiborga ham olinmaydi.

“Paxtakor”ga yaqin hududda yashovchi 32 yashar Toxir Toshkentning yashil manzaralari yo‘qolib borayotgani haqida kuyinib gapiradi.

- Bir chekkadan qurib, daraxt uchrasa chopishyapti. Chiroyli binolar, stadionlar qurilsa yaxshi, lekin buni deb daraxtzorni chopish, menimcha ahmoqgarchilik. Binolarni buzib qursa bo‘ladi, lekin daraxtzorni buzib uni qayta tiklab bo‘lmaydiku,- deydi Toxir.

Eslatib o‘tamiz, Toshkentda birinchi bor daraxt kesilayotgani yo‘q. Ikki yil avval Toshkent markazidagi Amir Temur hiyobonidagi yuz yillik daraxtlar kesib tashlangan edi.

- Hozir borib ko‘rsangiz u yer yalanglik. Bir ikki mayda daraxtlar qolgan xolos. “Dochka”ni (prezident qizi Gulnora Karimova-tahr.) saroyi ko‘rinib turishi uchun shu daraxtlar chopilgan deyishadi, - deydi Toxir.

Qachonlardir davlat tomonidan qo‘riqlangan yuz yillik chinorlar yo‘q qilinib, shahar markazi yaydoq cho‘lga aylandi.

Huddi shunday ishlar respublikaning boshqa shaharlarida ham olib borilmoqda. Arxitektorlar daraxtlarning bunday kesilishini yangi qurilgan ko‘rakam binolar fasadini ochish deya ataydilar.

Aynan shu tarzda bir necha yil ilgari Mustaqillik ko‘chasidagi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi binosi oldidagi uchta katta chinor kesib tashlangan edi.

Ularning o‘rni endi yalanglik.
XS
SM
MD
LG