Линклар

So‘nggi bir hafta mobaynida poytaxt oziq-ovqat do‘konlarida shakar kamayib ketdi. Bir kilogramm shakarning narxi qariyb 5 ming so‘mga chiqdi. Ayni pishiqchilik payti, murabbo va konservalar yopiladigan mavsumda shakar narxining oshib ketishi aholi orasida norozilik uyg‘otmoqda.

O‘tgan bir hafta davomida Toshkentdagi oziq-ovqat do‘konlarida shakar keskin kamayib ketdi, deydi toshkentlik Abdug‘ofir Razzoqov.

- Kecha bir qo‘shnim olcha sotib olibdi, murabbo qilaman deb. Keyin shakar topolmay, qaytarib sotuvchiga olib borib berdi,- deydi Abdug‘ofir Razzoqov.

Bir hafta ichida shahardagi do‘konlardan shakar yo‘qoldi, borlarida ham narxi 5000 so‘mga chiqib ketdi, deya qo‘shimcha qiladi u.

Davlat kursi bo‘yicha bir kilogramm shakar narxi 3 dollarga yaqinlashdi va O‘zbekistonda bu rekorda ko‘rsatkich bo‘ldi.

Toshkentlik Abdug‘ofir Razzoqovga ko‘ra, 15 iyun kuni shahardagi bir qancha do‘konlarda shakar paydo bo‘lgan, biroq har bir kishiga 5 kilogarmmdan ortiq sotilmayapti:

- Chorsu bozorida ko‘rdim. Optoviyda uchta joyda sotayapti. Oftob qizdirib yotibdi. O‘sha holatda odamlar ikki-uch soat navbatda turib, shakar olishayapti. 3500 so‘mdan. Keyin Zarqaynar tarafga o‘tdim. U yerda ham ichkarida shakar sotaëtgan ekan, ochered. U yerda navbat uchun kartochka olish kerak ekan. Kartochka olish uchun tashqarida aëllar 40-50 tagacha ochered. U yerda poylab turish kerak ekan ikki soatcha. Spiska ham qilib qo‘yishgan ekan. O‘sha spiska bo‘yicha ichkaridan kartochka olib chiqib berayapti bittasi.

Keyin ichkariga kirib yana ocheredga turib olishayapti. Uni 3340 so‘m deyishdi. Bir xil joylardan so‘rasam shakarlarni 4700gacha deganlari bor. O‘rtacha 4000 so‘m. Bemalolroq olaman desa, 4000 so‘mga ham topadi. Ochered 3500 so‘m. 5 kilodan limit qilib qo‘yilgan,- deydi toshkentlik Abdug‘ofir Razzoqov.

“O‘zbeksavdo” davlat shirkatining o‘zini tanishtirmagan rasmiysiga ko‘ra, Toshkentda shakar kamaymagan, faqat hozir konserva mavsumi bo‘lganligi uchun unga talab ko‘paygan. Mulozimning aytishicha, hozirda Xorazmdagi zavodda ishlab chiqarilgan shakar do‘konlarga belgilangan miqdorda tarqatilmoqda va vahima qilishga hech qanday hojat yo‘q.

“Xorazm shakar” qo‘shma korxonasining o‘zini tanishtirmagan injeneri zavod to‘la quvvat bilan ishlayotganini aytdi. Biroq, korxona bir yilda qancha shakar ishlab chiqarishi va bu O‘zbekiston aholisining shakarga bo‘lgan ehtiyojini qanchalik qoplashi haqidagi savolga javob berishdan bosh tortdi.

Intesko Research Group kompaniyasining marketing tadqiqotiga ko‘ra, 2010 yilda Rossiya shakar eksportining 47 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

O‘zbekistonda shakar importi bilan aynan qaysi tashkilot shug‘ullanishi haqida aniq faktlar yo‘q. Norasmiy manbalar shakar importini hukumatga yaqin bo‘lgan shaxslar nazorat qilishini aytadi.

Mustaqil hamdo‘stlik davlatlaridan birida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan toshkentlik Farrux Hojimatov fikricha, O‘zbekistonda shakar biznesi hukumatda ishlaydigan yakka shaxs tomonidan monopoliya qilib olingan:

- O‘zbekistonda shakarni asosan monopoliya qilib bir kishi kirgizadi. Buni hech kim bilmaydi. Xohlagan vaqtda narxni ko‘taradi, xohlagan vaqtda tushiradi. Agar hukumatda O‘zbekistonda oziq-ovqat narx-navosini pastga tushirish niyati bo‘lsa, buning mushkul joyi yo‘q. Ukrainada, Belarusda shakarni nima qilishni bilmayapti. Belarusda shakar 80 sent. O‘zbekistonga ana bir dollarga borib yetadi. Davlat miqësida olsa, davlat xalqiga bermoqchi bo‘lsa, uning hech qanday qiyinchilik joyi yo‘q. Bizning O‘zbekiston davlati pul bermaydi. “Borib sal arzonroq qilib shakar olib kelgin” demaydiku, birorta insonga. Mana menga aytsa, hozir men O‘zbekistonga 70 sentdan shakar kirgizib beraman.

Afsuski, O‘zbekistonda tijorat chegaralangan. Tijoratning 99 foizini, foyda keladigan foizini ma‘lum shaxslargina nazorat qiladi. Toki O‘zbekistonda tijorat ozod bo‘lmasa, rivojlanish bo‘lmaydi,- deydi Mustaqil hamdo‘stlik davlatlaridan birida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan toshkentlik Farrux Hojimatov.
XS
SM
MD
LG