Линклар

Шошилинч хабар
29 март 2024, Тошкент вақти: 02:39

7 mo‘’jizadan biri - Nukusdagi Savitskiy muzeyi direktori ishdan olindi


Rassom Aleksandr Volkovning Nukus muzeyida saqlanayotgan "O‘zbek chilimkashlari" kartinasi.
Rassom Aleksandr Volkovning Nukus muzeyida saqlanayotgan "O‘zbek chilimkashlari" kartinasi.

O‘zbekistonning etti mo‘’jizasidan biri sifatida e’tirof qilingan Igorь Savitskiy nomidagi Nukus davlat tasviriy san’at muzeyi direktori Maqset Qarliboev ishdan olingani, muzeyga rahbarlik ilmiy kengash mudiri Anora Fahriddinova zimmasiga yuklatilgani Ozodlikka ma’lum bo‘ldi. Muzeydagi ismi aytilishini istamagan san’atshunosga ko‘ra, Qarliboev ikki hafta oldin ishdan bo‘shatilgan.

Qarlibaevning ishdan bo‘shatilishi Savitskiy muzeyi kolleksiyasining aprel oyida Moskvada namoyish qilinishiga tayërgarlik qilinayotgan bir paytga to‘g‘ri keldi.

Muzey san’atshunosiga ko‘ra¸ “rahbarning ishdan bo‘shatilishi Moskvada ko‘rgazma ochilishiga halaqit bermaydi”.

Qarliboev 2015 yil sentabrida muzeyni 31 yil mobaynida boshqarib kelgan Marinika Bobonazarovaning o‘rniga tayinlangan edi.

Bobonazarova bundan ikki yil oldin, O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati muzeyni taftish qilib 581 million 625 ming so‘mlik 5 ta kartina yo‘qligini o‘zbek matbuoti e’lon qilgani ortidan, ishdan olingan edi.

Bobonazarova xalqaro ekspertlar tarafidan umumiy qiymati 2 milliard dollarga baholangan kartinalar saqlanadigan muzeyni “31 yil davomida qo‘riqlab kelgani” va “muzeyni talon-taroj qilishga yo‘l bermagani” san’atshunoslar tarafidan aytib kelingan edi.

Ozodlikning Qoraqalpog‘iston Bosh prokuraturasidagi manbasiga ko‘ra, 2015 yilning 28 avgustida O‘zbekiston Milliy xavfsizlik xizmati tarafidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha surishtiruvlar nihoyasiga yetmagan va muzey joriy direktori Qarliboevning ishdan olinishi ushbu jinoyat ishi bilan bog‘liq emas.

O‘zbekistondagi UZINFOCOM markazi o‘tgan yili o‘tkazgan so‘rov natijalariga ko‘ra¸ Igor Savitskiy nomidagi san’at muzeyi «O‘zbekistonning etti mo‘’jizasidan biri», deya e’tirof qilingan edi.

Qoraqalpoq Davlat can’at muzeyida Stalin davrida qatag‘onga uchragan va otilgan rassomlarning minglab asarlari saqlanadi. Mazkur kolleksiya, Vikipediya ma’lumotlariga qaraganda, 1915 yil 4 avgustida Kievda tug‘ilgan va 1950 yilda Moskvadan Qoraqalpog‘istonga ko‘chib o‘tgan rassom, etnograf va san’atshunos Igor Savitskiy tomonidan uzoq yillar davomida to‘plangan. Savitskiy kolleksiyasi Rus va Turkiston avangard tasviriy san’atining ikkinchi eng yirik kolleksiyasi hisoblanadi.

Savitskiy 1966 yilning 5 fevralida Nukusda Qoraqalpog‘iston Davlat can’at muzeyiga asos solgan hamda uning birinchi rahbari etib tayinlangan edi.

XS
SM
MD
LG