Линклар

Шошилинч хабар
28 март 2024, Тошкент вақти: 14:19

Toshkentda “glavvrach” kursisida uzoq o‘tirganlar rotatsiya qilinayapti


Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalarida 10 yildan uzoq vaqt davomida rahbarlik lavozimida o‘tirganlar rotatsiya qilinayapti, ayrimlari ishdan olinayapti. Mirziyoev tibbiyot sohasidagi poraxo‘rlikni tanqid qilganidan so‘ng boshlangan bu chora doirasida yangi rahbarlar ta’magirlikka qarshi maxsus suhbatdan o‘tkazilayapti.

“Glavvrach”larni bo‘shatish kampaniyasi

Toshkent shahridagi 8- sonli tug‘ruqxona bosh shifokori Hilola Taymatova kuni kecha ishdan olindi, 21 fevraldan uning o‘rniga yangi rahbar tayinlanadi.

"Hilola Taymatovani buyruq bilan bo‘shatishdi. Rotatsiya bo‘yicha. Boshqa roddomga glavvrach bo‘lib ketdi", dedi tug‘ruqxona xodimi.

Shahardagi 9- sonli tug‘ruqxona bosh shifokori Aleksandr Kalegin esa o‘tgan hafta oxirida ishdan olingan. Tug‘ruqxona xodimlariga ko‘ra, Kalegin o‘rniga yangi rahbar tayinlangan, lekin hali uning kimligi jamoaga e’lon qilinmagan.

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, 17 fevraldan nafaqat tug‘ruqxonalar, balki poytaxtdagi barcha tibbiyot muassasalarining rahbarlarini rotatsiya qilish jarayoni boshlangan.

"Rotatsiya ham bo‘layapti. Ba’zi rahbarlar ishdan ham olinayapti. Hammasi birga bo‘layapti. Tozalash kampaniyasi ketayapti", dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan mulozim.

Boshqarma mulozimlaridan biri Ozodlik bilan suhbatda rotatsiyaga tushgan va ishdan olinganlarning aniq soni hozircha noma’lum ekanligini aytdi.

Ushbu jarayonni o‘rgangan centre1.com sayti hisob-kitobicha, shu paytgacha Toshkentdagi jami 39ta tibbiyot muassasasining rahbari ishdan olingan.

“Glavvrach”larni shahar hokimi tayinlaydi

Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasidagi yana bir mulozimning aytishicha, rotatsiya jarayoni poytaxt hokimi Rahmonbek Usmonovning maxsus qarori bilan amalga oshirilmoqda.

Mulozimga ko‘ra, Mirziyoev poytaxtdagi barcha tibbiyot muassasalari rahbarlarini ishdan olish va ishga tayinlash huquqini Sog‘liqni saqlash vazirligidan olib, Toshkent shahar hokimiga bergan.

Shahar hokimi Rahmonbek Usmonovning 17 fevraldagi qaroriga ko‘ra, bir joyga 10 yildan ortiq rahbarlik qilgan tibbiyot muassasalari boshliqlari rotatsiya qilinadi.

Qarorga muvofiq, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi va uning hududiy organlaridagi “kadrlar tarkibi tubdan qayta ko‘rib chiqiladi” va barcha tibbiyot muassasalari “yuqori malakali mutaxassislar, halol, pok, vijdonli, mas’uliyatli xodimlar bilan mustahkamlanadi”.

"Roddom"larda tozalash qattiq bo‘ladi

Prezident Mirziyoev tug‘ruqxonalar bilan bog‘liq vaziyatni tanqid qilgani bois "tozalash kampaniyasi" tug‘ruqxona rahbarlari uchun juda keskin tarzda o‘tayotgani aytilayapti.

Mirziyoev 7 fevral kuni sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar va sohaning rivojlanish istiqbollariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida "Eng katta poraxo‘rlik tug‘uruqxonalarda” ekanini aytib, “Bu poraxo‘rlikni tugatish shart. Tug‘uruqxonalarda bu muhitni yo‘q qilmasak, ular poraxo‘rlikni hayot normasi deb qabul qila boshlashdi. Albatta, tug‘dirganga pul berish kerak… Qaerda bu yozilgan? Hech qaerda yozilmagan. Hamma norozi", degan edi.

“Yangi glavvrachlar pora olmaydi”

Toshkent shahar hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, yangi tayinlangan rahbarlar ta’magirlikdan ogohlantirish suhbatidan o‘tayapti:

“Bu prezidentimiz talab qilganidek, korruptsiyaga qarshi kurash maqsadida qilinayapti. Har bir yangi glavvrach bilan maxsus suhbat o‘tkazilib, unga ta’magirlik, tovlamachilik holatlariga yo‘l qo‘ymaslik tushintirilayapti. Roddomlarda ham, boshqa kasalxonalarda ham pora olish bundan keyin bo‘lmaydi”, dedi Toshkent shahar hokimligida ishlovchi shaxs.

Uning aytishicha, hokim qaroriga ko‘ra poytaxtdagi barcha tibbiyot maskanlarida ishlovchi xodimlar attestatsiyadan o‘tkaziladi.

XS
SM
MD
LG