Линклар

logo-print
Liviya poytaxti Tripolida chorshanba kuni Muammar Qaddafiy rejimi tarafdorlari va muxoliflari o‘rtasida otishmalar kun bo‘yi tinmadi.

NATO Qaddafiyga tarafdor kuchlar pozitsiyalariga havodan zarbalar berdi.

Bir kun avval isyonchilar polkovnik Muammar Qaddafiyning Tripoli shahri Bob al-Aziziya mavzesida joylashgan qarorgohini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgan edilar.

To‘qnashuvlar Tripolining janubiy va markaziy mavzelarida davom etmoqda.

Isyonkorlarning aytishlaricha, Tripoli uchun bo‘lgan janglarda 400 ga yaqin odam halok bo‘lgan, bir necha ming kishi jarohatlangan.

Isyonkorlar rahbarlari bundan keyin Beng‘ozidan Tripoliga ko‘chish va barcha siyosiy ishlarni poytaxtdan turib boshqarish maqsadida ekanliklarini bildirganlar.

Italiya tashqi ishlar vazirligi to‘rt nafar italyan jurnalisti Liviyada olib qochilgani, ularning haydovchisi o‘ldirilgani haqda xabar tarqatdi.

Ular Qaddafiyga tarafdor kuchlar tarafidan olib qochilgani aytilmoqda.

Italiya tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, olib qochilgan jurnalistlarning ikki nafari Milanda chiqadigan “Corriere della Sera” gazetasi, bir nafari Turinda nashr etiluvchi “La Stampa” ro‘znomasi va yana biri “Avvenire” deb ataluvchi gazeta muxbirlaridir.

Jurnalistlar chorshanba kuni Tripolidan 50 kilometr g‘arbdagi Zoviya shahri yaqinida olib qochilgan. “Corriere della Sera”nashri olib qochilgan muxbiri bilan telefonda bog‘lanishga muvaffaq bo‘lgani haqda bildirdi.

Nashrga ko‘ra, jurnalistlar Tripolining Riksos mehmonxonasi yaqinida ushlab turilibdi.

Tripolidagi Riksos mehmonxonasida Qaddafiyga sodiq kuchlar qo‘l ostida ushlab turilgan 30dan ortiq xorijlik jurnalist kecha ozod etilgan edi.

Qaddafiyning qayerda ekani hanuz noma‘lumligicha qolmoqda. Kecha u Tripolidagi radiostansiyalardan biri orqali qilgan murojaatida NATO raketa zarbalariga uchraganidan so‘ng qarorgohini “taktik maqsad”da tark etgani aytdi va jangda g‘olib bo‘lish yoki shahid bo‘lishga qasam ichdi.

Liviya o‘tish davri hukumati Qaddafiyning boshi uchun 2 million dinor (1.6 million dollar) mukofot e‘lon qildi.

Liviya o‘tish davri milliy kengashi rahbari Mustafo Abdul Jalilning aytishicha, beng‘ozilik ismi aytilmayotgan tadbirkor Qaddafiyni ushlab bergan odamga shuncha miqdorda pul berishni va‘da qilgan.

Shuningdek, Abdul Jalil Qaddafiy atrofidagi istagan shaxs uni o‘ldirsa yoki qo‘lga olishga yordam bersa o‘tmishda qilgan jinoyatlari avf etilishini aytdi.

Liviya o‘tish davri milliy kengashi Qaddafiy rejimi qulatilishi ortidan fuqarolar oylik maosh va nafaqalarini to‘lash, mamlakatda tibbiy hizmat va xavfsizlikni ta‘minlash ishlari uchun xalqaro hamjamiyat zudlikda 5 milliard dollar ajratishi kerakligini aytmoqda.

Fevralda Liviyada mojaro boshlanganidan keyin Qaddaffiy rejimiga qarashli mablag‘lar muzlatib qo‘yilgan edi.

Kecha Qatar poytaxti Dohada Liviya bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro anjumanda Liviya o‘tish davri milliy kengashining Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchisi Orif Ali Nayed BMT Xavfsizlik Kengashi va boshqa xalqaro tashkilotlarni Liviyaga qarashli muzlatib qo‘yilgan mablag‘larni shu oy ohiriga qadar ochishga ko‘maklashishga chaqirdi.

Liviyaga qarashli muzlatib qo‘yilgan mablag‘larni ochish va ularni isyonchilarga berishga Janubiy Afrika mamlakati qarshi chiqmoqda.

Ayni paytda Liviya o‘tish davri milliy kengashini yana ikki davlat – Chad hamda Burkina-Faso tan oldi.

Avvalroq Burkaina-Faso tashqi ishlar vazirligi polkovnik Muammar Qaddafiyga siyosiy boshpana berishi mumkinligini bildirgan edi.
XS
SM
MD
LG