Линклар

Turkman-O‘zbek chegarasidagi uylar buzilmoqda


O‘zbek va turkman prezidentlari o‘rtasidagi iliq munosabatlar turkmanistondagi o‘zbeklar taqdirida aks etgani yo‘q.

O‘zbek va turkman prezidentlari o‘rtasidagi iliq munosabatlar turkmanistondagi o‘zbeklar taqdirida aks etgani yo‘q.

Turkmaniston rasmiylari O‘zbekiston chegarasi yaqinidagi Taxta tumani hududidagi binolarni buzishga kirishdi.

Bu haqda Ozodlikka ma‘lum qilgan Turkmaniston tashabbus guruhi faoli Farid Tuxvatullin Taxta tumanidagi buzilishlarga turkman xarbiylari jalb qilinganligini aytdi.

Xorazmning Qo‘shko‘pir tumani turg‘uni, Turkmanistonga yaqinda borib kelgan Ozodlik manbasining aytishiga ko‘ra, qo‘shni Turkmanistonning O‘zbekiston chegarasiga tutash Taxta tumanida 100 dan ziëd uy buzilgan.

- Tumandagi chegara bo‘ylab ëyilgan Beshyillik, Qoraboy, Oylak qishloqlarida ham buzilish ishlari bugun erta boshlanishi mumkin.

Bu qishloqlardagi kamida 200 imorat chegaraga o‘ta yaqin joylashgan.
Suhbatdoshga ko‘ra, bu imoratlarda yashovchi Turkmaniston fuqarosi bo‘lgan o‘zbeklar uyi buzilishidan havotir olishmoqda.

Asli turkmanistonlik, hozir O‘zbekistonning Xorazm viloyatida yashaëtgan jamoat arbobi Quronboy Matrizoyevning Ozodlikka aytishicha O‘zbekistonning Qo‘shko‘pir tumaniga chegaradosh Taxta tumanida asosan o‘zbeklar yashaydi.

- Bu tumanda asosan o‘zbeklar istiqomat qiladi. Ularning iqtisodiy ahvoli O‘zbekistondagi o‘zbeklarga nisbatan sal durust. Taxta tumanidagi o‘zbeklar pishiq g‘ishtdan uylar qurishgan. Umuman Sovyet davrida hali chegaralar shaffof paytda Taxta va Qo‘shko‘pir tumanlari aholisi bir-birlari bilan quda-anda, qavm qarindosh bo‘lib ketishgan, deydi Q. Matrizoyev.

Yaqinda O‘zbekiston davlat delegatsiyasi tarkibida Turkmanistonga borib kelgan Matrizoyev rasmiy Ashxobodning Turkmanistondagi o‘zbeklarga munosabati yaxshi tomonga sal bo‘lsa ham o‘zgara boshlaganini aytadi.

O‘zbeklar zich yashaydigan Toshhovuz tumanida yashab ulg‘aygan va hozir Avstriyada muhojiratda yashayotgan Farid Tuxvatullin boshqacha fikrda.

Turkmaniston tashabbus guruhi faoliga ko‘ra, rasmiy Ashxobod o‘zbeklarning O‘zbekistonga yaqin hududda to‘p bo‘lib yashashini istamaydi.

O‘zbeklarni mamlakat ichkarisining ovloq qismlariga tarqatib yuborish g‘oyasi marhum Turkmanboshi davridan beri parvarishlab kelingan.

- Turkmaniston mustaqil bo‘lgan ilk kunlardanoq o‘zbekcha gazetalarni ta‘qiqlab qo‘ydi. Hozir Turkmanistonda hokim o‘rinbosari maqomida ham o‘zbek mulozimi yo‘q. Agar bir tumanda faqat o‘zbeklar yashasa, u yerga albatta markazdan biror turkmanni boshliq qilib yuborishmoqda.

F. Tuxvatullinga ko‘ra, rasmiy Ashhobod mamlakatdagi iqtisodiy muammolar aybdori sifatida ham o‘zbeklarni ko‘rishni istaydi.

- Turkman mulozimlari nazarida chegara bo‘yidagi o‘zbeklar Turkmanistonda arzon narxda bo‘lgan benzinni O‘zbekistonga sotib mamlakat iqtisodiga zarar yetkazishmoqda.

Uy buzish turkman mulozimlari keng qo‘llaydigan repressiv qo‘rqitish uslublaridan biri va muammo negizini Turkmanistondagi rejim mohiyatidan qidirish kerak, deya davom etadi F. Tuxvatulin.

- Tuxumini qurutish degan gap bor turkmanlarda. Ular masalan, muxolifat faollarining uyini buzishgan. Tanqidchi xofiz Agish Safarovning uyini buzishgan. Endi chegaradagi o‘zbeklarning uyini buzishmoqchi. Maqsad qo‘rqitib qo‘yish. Ammo o‘yindan o‘q chiqishi mumkin. Yaqinda Ashxobod yaqinida uyi buzilganlardan 50 kishi Turkmaniston prezidenti Berdimuhammedov saroyiga borib namoyish qilishdi. Piket zudlik bilan tarqatilgan bo‘lsa ham, bu turkman jamiyatida sabr potensiali tugaëtganidan darakdir, deydi F. Tuxvatulin.

Turkmaniston tarafi 1999 yilda bir taraflama tarzda O‘zbekiston bilan chegarasi bo‘ylab tikanli sim devori o‘rnatishni boshlagan edi.

1999 yildan beri 100 dan ziëd O‘zbekiston fuqarosi Turkmaniston chegarachilari o‘qidan halok bo‘lgani qayd etilgan.

Bunday ko‘ngilsiz voqealarning so‘nggisi o‘tgan yilning 16 noyabr kuni Xorazm viloyati Shovot tumanida ro‘y berdi. O‘shanda Turkmanistonga tutash Bo‘zëp qishlog‘i hududiga uch nafar turkman chegarachisi o‘tib, Shovot tumani Qangli qishlog‘ida yashovchi Maqsud Rajapovni otib tashlashgan edi.
XS
SM
MD
LG